Avval xabar qilganimizdek, Amir Temur tavallud topgan Xo`ja Ilg`or qishlog`ida buyuk Sohibqiron, davlat arbobi Amir Temur tavalludining 682 yilligi katta tantana qilinmoqda.
Tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro`ziev ishtirok etib, jurnalistlarga intervyu berdi, berdi deb yozadi O`zA.
– Amir Temur bobomiz dunyo xalqlari sivilizasiyaga ham salmoqli hissa qo`shgan, – deydi Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro`ziev. – Shu bois biz Sohibqiron bobomiz bilan faxrlanamiz. Bu yil Sohibqiron tavallud sanasiga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ko`rsatmasi bilan alohida tayyorgarlik ko`rildi.
Qashqadaryoda 500 mingdan ortiq oila istiqomat qiladi. Bugun ularning barchasi oilasi davrasida, mahalla-ko`ylarda, ta`lim muassasalarida, Shahrisabz shahrida joylashgan Oqsaroy yodgorlik majmuasi atrofida Amir Temur xotirasiga Qur`on tilovat qilib, bobomiz haqida farzandlariga so`zlab bermoqda. Xususan, Xo`ja Ilg`or qishlog`ida xalq sayli ko`rinishida ilk bor o`tkazilayotgan bugungi tadbir xalqimiz kayfiyatini ko`tarib yubordi. Kelgusida bu qishloqda Amir Temur tavallud kunini an`anaviy o`tkazishni rejalashtirganmiz.
Bundan tashqari Xo`ja Ilg`or qishlog`ida turizmni rivojlantirishga alohida e`tibor qaratamiz. Bu erda yirik masjid bunyod etilishi rejalashtirilmoqda. Bu erga ziyorat turizmi uchun kelgan sayyohlar ibodat amallarini bajarishlari mumkin bo`ladi. Hududda Amir Temur va temuriylar davriga oid muzey tashkil qilinishi ko`zda tutilgan.
09.04.2018 12:40
Qashqadaryo viloyati hokimi: Xo`ja Ilg`orda masjid quramiz






