O`g`il-qizlarimizning musiqa san`atiga munosabati qanday, umumta`lim maktablarida o`quvchilarga musiqiy ta`lim berish qay darajada, bolalar qo`shiqchiligi rivojiga daxldor dolzarb masalalar nimalardan iborat?
O`zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi markaziy kengashi tomonidan tashkil etilgan ochiq muloqotda ayni masalalar atroflicha muhokama etildi, deb yozadi O`zA.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining bolalar musiqa va san`at maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish bo`yicha 2016-2020 yillarga mo`ljallangan davlat dasturi to`g`risidagi qarori ijrosiga bag`ishlab o`tkazilgan "Bolalar qo`shiqchiligi: bugungi holati va istiqbollari" mavzuidagi ochiq muloqotga partiya a`zolari, uning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi vakillari, tegishli vazirliklar, ijodiy birlashmalar, uyushmalar, musiqaga oid oliy, o`rta maxsus ta`lim maskanlarining mutasaddilari, ommaviy axborot vositalari xodimlari taklif etildi.
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o`rinbosari, "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi S.Otamurodov, Kompozitorlar va bastakorlar uyushmasi raisi R.Abdullaev, Badiiy jamoalari ijodiy birlashmasining "Bulbulcha" bolalar ashula va raqs ansambli rahbari Sh.Yormatov, O`zbekiston davlat konservatoriyasining "Orkestr dirijyorligi" kafedrasi professori F.Abdurahimova va boshqalar yurtimizda madaniyat va san`at sohasiga ko`rsatilayotgan e`tibor ijodkorlar, pedagoglarning o`z zimmasidagi mas`uliyatni, ijtimoiy burchini teran his etishga undayotganini ta`kidladi.
Partiya vakillari tomonidan maktabgacha ta`lim dargohlari, umumta`lim maktablaridagi musiqiy ta`limning sifati, bolalar qo`shiqchiligining bugungi holati atroflicha o`rganildi. Tahlillar natijasida, 3 yoshdan 16 yoshgacha bo`lgan bolalarning aksariyati bolalar musiqiy ta`limi dasturidan o`rin olmagan qo`shiqlarni, jumladan, xorijiy estrada xonandalarining qo`shiqlarini kuylayotgani ma`lum bo`ldi. Bog`chalarda turli bayram dasturlarida rep, pop yo`nalishidagi va past saviyadagi "qo`shiqlar"dan foydalanilayotgani ko`zga tashlanmoqda.
Umumta`lim maktablaridagi o`quvchilarning musiqa madaniyati fani haqidagi mulohazalari hamda 1-, 4-, 6-, 7-sinflarga mo`ljallangan 2017-2018 o`quv yillari uchun kalendar-mavzu rejasi o`rganilganda, musiqa darslarida musiqa tinglash, jamoa bo`lib kuylash, musiqa savodi bo`yicha mashg`ulotlar o`tilishi, o`zbek bolalar qo`shiqchiligining hamda jahon musiqasining eng sara namunalari, musiqali o`yinlar o`rin olganiga guvoh bo`lindi.
Biroq ko`pincha dars soatlarining nomutaxassis o`qituvchilar tomonidan o`tilishi, ularning aksariyati birorta soz chalish malakasiga ega emasligi, ayri hollarda darslar shunchaki she`r yodlash yoki ta`lim mazmuniga nomuvofiq bo`lgan qo`shiqlarni turli axborot tashuvchi qurilmalar yordamida eshittirish orqali o`tilishi aniqlandi. Aksariyat umumta`lim maktablarida fortepiano bo`lsa-da, u juda yaroqsiz va nosoz ahvolda. O`quv dasturida o`zbek xalq musiqa cholg`ulari haqida ma`lumot bo`lsa-da, milliy cholg`ular taqchilligi kuzatilmoqda.
Muloqot davomida bolalar qo`shiqlarining televidenie orqali targ`iboti bo`yicha O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining efir setkasi o`rganilgani, "Bulbulcha" bolalar ashula va raqs ansamblining bugungi holati va faoliyati, musiqa ta`limi sifatini ta`minlashda Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika universiteti tadqiqotchi-izlanuvchilarining qator o`rganishlari tahlil etildi. Bolalar musiqa va san`at maktablari, "Barkamol avlod" markazlarida musiqaga oid bilimlarni boyitish bo`yicha etarli sharoitlar yaratilgani holda umumiy o`rta ta`lim maktablarida musiqa ta`limini yanada takomillashtirish davr talabiga aylangani qayd etildi.
– Musiqa ta`limini rivojlantirishda o`g`il-qizlarning fikri, dunyoqarashi, ularning o`z qarashlaridan kelib chiqib yondoshilsa, ko`proq maqsadga muvofiq bo`lur edi, – deydi V.Uspenskiy nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik liseyi direktori Dildora Jamolova. – Liseyimizda respublika va xalqaro tanlovlarning sovrindorlari va ishtirokchilari bilan umumta`lim maktablari o`quvchilarining uchrashuvlari, kichkintoylar uchun konsertlar, "Bolajonlar - bolalarga!" musiqiy xayriya aksiyalari, "Yurtim, senga jonim fido!" kabi ma`rifiy tadbirlar muntazam o`tkaziladi. Bu tadbirlar umumta`lim maktablarida tahsil olayotgan o`quvchilarga musiqa san`atining eng sara namunalarini taqdim etishni ko`zlashi bilan ahamiyatlidir.
Ochiq muloqot davomida bolalar qo`shiqchiligini, vokal-xor ta`limini rivojlantirish, musiqa o`qituvchilarini tayyorlovchi oliy o`quv yurtlari hamda musiqa maktablarining o`quv dasturlarini takomillashtirish va boshqa mavzuga oid masalalar yuzasidan O`zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasining amaliy takliflari ishlab chiqildi.






