AsosiyJamiyat

Tojikistondan O`zbekistonning beshta shahriga avtobus qatnovlari yo`lga qo`yilmoqda

'Tojikistondan O`zbekistonning beshta shahriga avtobus qatnovlari yo`lga qo`yilmoqda'ning rasmi

Joriy yil 13 aprel kuni O`zbekiston va Tojikiston davlatlarining transport sohasiga mas`ul hukumat organlari vakillari Toshkentda uchrashib, ikki mamlakatning yirik shaharlari o`rtasidagi avtobus qatnovlarini yo`lga qo`yish bo`yicha bitimni imzolashadi.

"Xalq so`zi" nashri bergan xabarga ko`ra, barcha yo`lovchi avtobuslari shu yil may oyi boshidan “Xo`jand — Toshkent”, “Panjikent — Samarqand”, “Xo`jand — Farg`ona”, “Dushanbe — Denov” va “Dushanbe — Termiz” yo`nalishlari bo`ylab qatnay boshlaydi.

Mazkur qatnovlar uchun yo`lkira tariflari va harakat jadvali bitim imzolangandan so`ng e`lon qilinadi.

Hozircha Tojikiston mazkur xizmatni “Asian Express” kompaniyasi taqdim etishi aniq bo`lgan. O`zbekiston tarafi esa yaqin orada bu faoliyatga mas`ul yuridik shaxs nomini ma`lum qiladi.

Avtobus yo`lovchilari Tojikistondan O`zbekistonga o`tayotganda chegarada muammo bo`lmasligi aytilayapti.

“Nazorat-o`tkazish punkti hududida yo`lovchilar avtobusdan tushishlari lozim va tezkor chegara hamda bojxona tekshiruvidan so`ng ular o`z sayohatlarini davom ettirishlari mumkin”, - deydi Tojikiston milliy xavfsizlik davlat qo`mitasi chegara qo`shinlari matbuot kotibi Muhammad Ulug`xo`jaev.

Eslatib o`tamiz, ikki davlat shaharlari o`rtasidagi muntazam avtobus qatnovlari va aviareyslar 1992 yilda to`xtatilgan edi. Joriy yil aprel oyida 25 yillik tanaffusdan so`ng aviaparvozlar qayta tiklandi.

Bundan tashqari, shu yilning martida ikki davlat fuqarolari O`zbekiston va Tojikistonda 30 kun viza olmasdan yurishi joriy etildi.

    Boshqa yangiliklar