Keyingi paytda ijtimoiy tarmoqlarda sayyohlarning Imom Buxoriy majmuasiga kirishi uchun haq undirilayotgani haqida ma`lumotlar tarqalib, bu borada turli fikrlar bildirildi. Bu gap-so`zlar qanchalik asosli?
O`zA muxbiri Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi rahbari D.Ermamatovga murojaat qildi.
"Haqiqatdan ham bugungi kunda majmuaga kirish uchun mahalliy ziyoratchilar 1000 so`mdan pul to`lamoqda. Ushbu mablag` inshootni saqlash va hududni obodonlashtirish, mehmonlar uchun zarur shart-sharoit yaratish hamda xodimlarga ish haqi berishga yo`naltiriladi. Shu paytgacha bu xarajatlar majmuaga keluvchi fuqarolarning ehsonlari, homiylar mablag`i hisobidan qoplangan. Bugungi kunda sayyohlar oqimining keskin ko`payishi ziyoratgohda ular uchun qo`shimcha qulayliklar yaratish, yangi ish o`rinlari ochish hamda ularning xavfsizligini ta`minlashni taqozo etmoqda. Shu sababli ziyoratchilarning majmuaga kirishi pullik tartib asosida yo`lga qo`yildi.
Yilning birinchi choragida Imom Buxoriy majmuasini 311 ming nafardan ortiq sayyoh, jumladan, 1900 nafarga yaqin xorijliklar ziyorat qilgan. Bu o`tgan yilning shu davriga nisbatan, 146 ming nafarga ko`p demakdir. Pul tushumi esa 414 million so`mni tashkil etib, 2017 yilning birinchi choragiga nisbatan ikki barobar ko`p bo`ldi.
Ayni paytda dam olish kunlarida majmuaga o`rtacha 5 ming nafar sayyoh kelmoqda. Navro`z bayrami kunlari esa 15-17 minggacha ziyoratchi tashrif buyurdi. Birinchi navbatda bu sayyohlarning xavfsizligini ta`minlash talab etiladi. Shu maqsadda ilgarigi bitta qo`riqlash posti ikkitaga etkazilib, tun-u kun qo`riqlov amalga oshirilyapti. Majmua ichida esa “Xavfsiz turizm” xodimlari faoliyat ko`rsatmoqda".