Bo`z tumanda 61 nafar ishsiz fuqaroning 48 nafari haq to`lanadigan jamoat ishlariga, 13 nafari tashkilot va xususiy korxonalarga turli mutaxassisliklar bo`yicha ishga joylashdilar, deb xabar bermoqda O`zA.
Tumadagi “G`olib” mahalla fuqarolar yig`inida joylashgan 19-oilaviy poliklinikada Respublika ishchi guruhi aniqlangan muammolarni hal qilishga ko`maklashish doirasida shu atrofdagi mahallalar fuqarolari uchun bo`sh ish o`rinlari sayyor yarmarkasini tashkil qildi. Tumandagi 65 ta korxona va tashkilot 537 ta bo`sh ish o`rini bilan qatnashdi.
– Sayyor mehnat yarmarkalari avvallari tuman markazlarida o`tkazilar edi, – deydi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Mehnat migrasiyasi va mehnat bozorini tahlil qilish yig`ma axborot tahlil boshqarmasi boshlig`i Baxtiyorjon Ruhitdinov. – Unda ishsizlar, avvalo, axborot yo`qligi uchun qatnasha olmasa, ayrimlar hatto yo`lkira haqini to`lashga imkonsizligi sabab markazga kela olishmasdi. Bu esa maqsadimizni to`laqonli va kutilganidek amalga oshirishga imkon bermas edi. Ish beruvchilarning o`zlarini Jamoat ishlari jamg`armasi trasportida xalqning ichiga kirib borishga undayapmiz. Tuman hududi o`ziga xosligini inobatga olib tomorqaga oid tavsiyalar risolasini ham bepul tarqatyapmiz.

Yakunda 61 nafar ishsiz fuqaroning 48 nafari haq to`lanadigan jamoat ishlariga, 13 nafari tashkilot va xususiy korxonalarga turli mutaxassisliklar bo`yicha ishga joylashdilar.
Bugungacha Respublika ishchi guruhi tomonidan bandlik masalasi bo`yicha 221 ta aniqlangan muammoning 209 tasi hal qilindi. Haq to`lanadigan jamoat ishlariga 109 nafar fuqaro, 100 nafari esa o`z ixtisosliklari bo`yicha doimiy ishlarga joylashtirildi.






