AsosiyJamiyat

Xorijlik professor-o`qituvchilar O`zMUda tajriba almashmoqda

'Xorijlik professor-o`qituvchilar O`zMUda tajriba almashmoqda'ning rasmi

Joriy yilning fevral oyida O`zbekiston Milliy universitetida zamonaviy innovasion o`quv dasturlar ishlab chiqish, professor-o`qituvchilar va talabalar o`rtasida bilim almashinuvini yo`lga qo`yish hamda ilmiy izlanishlar sohasida akademik hamkorlikni rivojlantirish bo`yicha rejalar ishlab chiqish, multidissiplinar dasturlarni yo`lga qo`yish bo`yicha universitetda Xolon texnologiya universiteti fakultetini tashkil etish yuzasidan Memorandum imzolangan.

Xolon Texnologiya institutining bir guruh professor-o`qituvchilari O`zbekiston Milliy universitetiga tashrif buyurdilar. Ular Fizika, Matematika, Biologiya va Kimyo fakultetlarida doktorantura hamda magistratura talabalariga ma`ruzalar o`qidilar, shuningdek, O`zMU professor-o`qituvchilari bilan hamkorlikda davra suhbatlari, ilmiy-amaliy anjumanlar o`tkazdilar.

Isroillik mehmonlar hamkorlikdagi darslar boshlanishi oldidan Xolon texnologiyalar institutining prezidenti Eduard Yakubovning salomini etkazib, «u 50 yil oldin O`zbekiston Milliy universitetining Matematika fakultetini tugatganligini doim faxr bilan eslashi»ni alohida ta`kidlab o`tdilar.

Tinglovchilar tomonidan Kvant fizikasi va gipervizorlar bilan bog`liq mavzularda berilgan savollarga isroillik olimlar atroflicha javob berib, O`zMU talabalarining ilm-fanga bo`lgan qiziqishlari va bilimlarini olqishladi.

Amaliy mashg`ulotlar davomida Fizika fakulteti laboratoriyalari va yuqori texnologiyalari Markazi isroillik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Xolon Texnologiya instituti professor-o`qituvchilarning hamkorlikdagi mashg`ulotlari joriy yilning 10 aprel kunigacha davom etadi.

    Boshqa yangiliklar