AsosiyDunyo

Bugun Ozarbayjonda sukunat kuni

'Bugun Ozarbayjonda sukunat kuni'ning rasmi

Ertaga Ozarbayjon Respublikasida navbatdan tashqari prezidentlik saylovi o`tkaziladi. Bugun yirik siyosiy tadbir oldidan mamlakatda sukunat kuni e`lon qilindi.

Ozarbayjon Respublikasi saylov qonunchiligiga ko`ra ushbu kunda saylovga oid har qanday tashviqot, siyosiy reklamalar man etiladi.

Ozarbayjon prezidentligiga saylovoldi tashviqot joriy yilning 19 martidan boshlangan edi. Shu kundan e`tiboran prezidentlikka nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlari, tashviqot videoroliklari, siyosiy debatlar davlat ommaviy axborot vositalari orqali omma e`tiboriga havola etila boshlandi. Shu maqsadda nomzodlarga 3 soatlik bepul efir vaqti ajratilgan bo`lgan.

Prezidentlikka nomzodlar sakkiz nafar. Bular amaldagi davlat rahbari Ilhom Aliev, “Butun Ozarbayjon xalq partiyasi”dan Gudrat Gasanguliev, Ozarbayjon Sosial-demokratik partiyasidan Araz Alizoda, “Xalq harakati – Tiklanish”partiyasidan Faraj Guliev, “Frontchilar tashabbus guruhi”dan Rozi Nurullaev, “Zamonaviy Musavat” partiyasidan Hafiz Gajiev”, o`z nomzodini ilgari surgan Zohid Oruj va Ozarbayjon Demokratik partiyasidan Sardor Mamedov.

Muxolif bo`lgan “Milliy kengash” partiyasi, “Xalq fronti partiyasi” va “Musavat” saylovning muddatdan oldin o`tkazilishiga qarshi chiqdi. Oppozisiya siyosiy tadbirga boykot e`lon qilgan.

Ertaga Ozarbayjon Respublikasida mahalliy vaqt bilan soat 8.00 da prezidentlik saylovi boshlanadi. Markaziy saylov komissiyasining ma`lumotlariga ko`ra mamlakatda 5 milliondan ziyod saylovchilar bor. Ro`yxatdan o`tgan xalqaro kuzatuvchilar soni 900 ga yaqin. Jami 5 ming 641 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan. Respublikaning 32 davlatdagi diplomatik vakolatxonalarida ham 41 ta saylov uchastkasi hozirlab qo`yilgan.

Eslatib o`tamiz, Ozarbayjon Respublikasida prezidentlik saylovi 2018 yilning oktyabr oyida bo`lib o`tishi kerak edi. Prezident Ilhom Aliev Ozarbayjon Respublikasi Konstitusiyasi va saylov qonunchiligining tegishli moddalariga binoan qaror qabul qildi. Mazkur qarorga ko`ra 2018 yil 11 aprelda Ozarbayjon Respublikasida prezidentlik saylovi muddatidan oldin o`tkaziladi.

    Boshqa yangiliklar