Joriy yilning 12 aprelidan “Toshkent - Almati” yo`nalishida avtobus qatnovi yo`lga qo`yiladi. Bu haqida “O`zavtotrans” agentligi xabar berdi.
Mazkur yo`nalish bo`yicha muntazam qatnovlar kuniga uch marta(16:00, 17:00 va 18:00) “Toshkent” avtovokzalidan amalga oshiriladi. “Almati - Toshkent” yo`nalishidagi avtobuslar esa “Sayran” avtovokzalidan yo`lga chiqadi.
“O`zavtotrans” agentligi Qozog`istonning investisiya va rivojlanish vazirligi Transport qo`mitasi bilan birgalikda bu boradagi tayyorgarlik ishlarini olib bordi. Ertaga pilot reys bajariladi.
Yo`nalish masofasi 818 kilometr, yo`lga ketadigan vaqt 16 soatu 30 daqiqa. Jadval bo`yicha 30 daqiqa “G`ishtko`prik”(O`zbekiston) va “Jibek Joli” postlaridan bojxona va chegara nazoratidan o`tish uchun ajratilgan.
Yo`lkira haqi mos ravishda 100 ming so`m va 4000 tenge etib belgilandi. O`zbekiston mazkur qatnovda Xitoyning “Yutong” rusumli, Qozog`iston esa Belgiyaning “VANHOL” rusumli avtobuslaridan foydalanadi.
Ushbu yo`nalishga xizmat ko`rsatish uchun O`zbekiston tomonidan “ERKIN EMINA EXPRESS TOUR” tashuvchisi tanlandi. Mazkur kompaniya Qozog`istonning “YuG TRANS LAYN” tashuvchisi bilan qo`shni davlat hududida avtobuslarga xizmat ko`rsatish(texnik ko`rik, haydovchilarning tibbiy ko`rigi, avtobuslarni muhofaza qilish va yuvish) bo`yicha o`zaro hamkorlik qilishga oid shartnoma imzoladi.
Har ikki tomon bojxona va chegara xizmatlari “Toshkent – Almati - Toshkent” yo`nalishidagi yo`lovchilar hamda avtobuslarni chegarani kesib o`tish paytidagi chegara va bojxona tartib-taomillarini yuqori tartibda o`tkazish bilan bog`liq masalalarni hal etdi.






