Vosid Sharipov va Sherali Iskandarov Buxoro viloyati Kogon shahrining turli ko`cha hamda mahallalarida yashaydi. Ular tengqur emas: biri 35, ikkinchisi esa 25 yoshda. Lekin ikkovining ham o`xshash jihati bor.
Vosid va Sherali muqaddam o`g`irlikka qo`l urganlari sabab O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi bilan ayblanib, sudlangan. O`xshatmasa uchratmas, deganlaridek, ikkovi ham tavbasiga tayanmaganlardan bo`lib chiqdi.
Nafs balosi tanada yashiringan shayton kabidir. U iymoni sust bandani bandi etib, o`z kuyiga soladi. Halol mehnat orqali yashash o`rniga tekin boylik mayliga berilgan Kogon shahrilik ikki “shovvoz” o`g`irlik maqsadida yaqinda Buxoro shahriga yo`l oldi. Omadlari chopdi. Kattagina “o`lja” bilan izlariga qaytdi. Ammo quvonchlari ko`p ham uzoqqa cho`zilmadi...
Viloyat markazi “Chorbaxosa” mahalla fuqarolar yig`ini hududidagi xonadonlarning birida yashovchi Sarvinoz Fozilova shahar ichki ishlar boshqarmasiga yozgan arizasida noma`lum shaxs uning uyiga darvoza orqali kirgan holda yotoqxonasidagi seyfni kalit tanlash yo`li bilan ochib, 64 million so`mlik har xil turdagi tilla taqinchoqlari va 650 dollar pulni o`g`irlab ketganini, jami 69 million 265 ming so`mlik ko`p miqdorda zarar etkazganligi haqida bildiradi.
Ichki ishlar idorasining tezkor xodimlari olib borgan surishtiruv ishlari davomida ushbu jinoyat biz yuqorida tilga olgan kimsalar tomonidan sodir etilgani aniqlandi.
O`zA bergan xabarga ko`ra, ushbu holat yuzasidan V.Sharipov va Sh.Iskandarovga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, ular ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
Albatta, tergov davrida holatga bog`liq barcha tafsilotlar sinchkovlik bilan o`rganiladi. Tabiiyki, tegishli materiallar jinoyat ishlari bo`yicha sudga oshiriladi. Jazo muqarrarligi ta`minlanishiga, jabrdiydaga etkazilgan zarar undirilishiga shubha yo`q.
Lekin shu o`rinda bir mushohada bor. Bugungi kunda mamlakatimizda huquqbuzarliklar va jinoyatchilikni oldini olishga qaratilgan keng ko`lamli tadbirlar olib borilayotir. “Mening mahallamda jinoyatchilik bo`lmasligi kerak”, degan da`vat dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. To`g`ri, tilla taqinchoqlar o`g`irligi bilan bog`liq holat Buxoro shahrida yuz bergani tegishli mahalla mutasaddilari va profilaktika inspektorlaridan hududda fuqarolar osoyishtaligi va mulkiy daxlsizligini ta`minlashda yana hushyorlikni oshirishini talab etadi. Lekin bu erda ko`proq mas`uliyat o`g`irlikka qo`l urgan kimsalarning yaqinlari va ular yashaydigan Kogon shahridagi tegishli mahalla fuqarolar yig`inlari zimmasiga tushadi. Ha, bunday ko`ngilsiz holat faoliyatimizdagi zaif nuqtalar borligini oshkor etadi. Bu ta`na emas, balki hushyorlikka undovchi achchiq saboqdir.






