AsosiyJamiyat

Ertadan «Toshkent – Olmaota – Toshkent» avtobusi muntazam qatnay boshlaydi

'Ertadan «Toshkent – Olmaota – Toshkent» avtobusi muntazam qatnay boshlaydi'ning rasmi

“O`zavtotrans” agentligi Qozog`iston Respublikasi investisiyalar va rivojlanish vazirligining transport qo`mitasi bilan hamkorlikda “Toshkent – Olmaota – Toshkent” xalqaro avtobus yo`nalishini ochish bo`yicha tayyorgarlik ishlarini amalga oshirdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Xalqaro avtomobil qatnovi masalalari bo`yicha o`zbek-qozoq qo`shma komissiyasining o`tgan yili Ostona shahrida bo`lib o`tgan navbatdagi yig`ilishida erishilgan kelishuvlarga muvofiq, mazkur yo`nalishni ochish yuzasidan zarur yo`nalish hujjatlari tayyorlandi.

Qayd etilgan yo`nalishda xizmat ko`rsatish uchun O`zbekiston tomonidan tashuvchi sifatida «Erkin Emina Ekspress Tour» MChJ belgilandi. Korxona o`z navbatida, Qozog`iston tomonidan tashuvchi «Yug Trans Layn» MChJ bilan Qozog`iston Respublikasi hududida avtobuslar texnik ko`rigi, haydovchilar tibbiy ko`rigi, avtobuslarni qo`riqlash va yuvish kabi avtobuslarga xizmat ko`rsatish yuzasidan o`zaro hamkorlik to`g`risida shartnoma tuzdi.

Yo`nalish masofasi 818 kilometrni, yo`ldagi vaqt esa 16 soat 30 daqiqani tashkil etadi. Jadvallarda “G`isht ko`prik” (O`zbekiston) va “Ipak yo`li” (Qozog`iston) chegara va bojxona nazorat punkti tekshiruvidan o`tish uchun 30 daqiqadan vaqt ajratilgan.

Tashuvchilar tomonidan yo`nalish bo`yicha yo`l haqi narxi 100 ming so`m va tegishli ravishda 4000 tenge narhda tashilishi tashuvchilar tomonidan e`lon qilindi.

Avtobuslar harakati jadvaliga rioya etish maqsadida, tomonlar bojxonachilari va chegarachilari “Toshkent – Olmaota – Toshkent” xalqaro avtobus yo`nalishi bo`yicha harakatlanayotgan avtobuslar va yo`lovchilarni “G`isht ko`prik” (O`zbekiston) va “Ipak yo`li” (Qozog`iston) chegara va bojxona nazorat punktlaridan o`tish jarayonini ustuvor tartibda amalga oshirish bilan bog`liq masalalarni hal etdi, bu esa yo`lovchilar uchun muhimdir.

“Toshkent – Olmaota – Toshkent” xalqaro avtobus yo`nalishi ochilishi 11 aprel kuni soat 16.00 da bo`lib o`tadi va muntazam qatnovlar 12 apreldan boshlab “Toshkent” avtovokzalidan kuniga uchta (soat 16-00; 17-00 va 18-00) qatnov amalga oshiriladi.

«Olmaota – Toshkent» yo`nalishi bo`yicha avtobuslar qatnovlari «Sayran» avtovokzalidan amalga oshiriladi.

    Boshqa yangiliklar