Adliya vazirligi tubdan yangilangan rasmiy veb-sayti ‒ www.minjust.uzni ishga tushirdi.
Yangi sayt o`zbek va rus tillarida bo`lib, undagi ma`lumot va materiallar hajmi ilgarigi saytga nisbatan o`n baravarga ortdi va dizayn jihatdan ham mutlaqo yangi ko`rinish oldi.
Saytning tuzilmasi ham keskin kengayib, qo`shimcha 4 ta yangi bo`lim va o`nlab sahifalar bilan to`ldirildi.
O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan O`zAga ma`lum qilishlaricha, yangi sayt davlat organlarining saytiga qo`yiladigan asosiy talablarni hisobga olgan holda ishlab chiqilib, quyidagi muhim jihatlarni qamrab oldi:
birinchidan – interaktiv davlat xizmatlari bilan bog`liq ma`lumotlar, jumladan respublikadagi barcha davlat notarial idoralari, FHDYo organlari, davlat xizmatlari markazlari, advokatlik tuzilmalari, advokatlar va nodavlat notijorat tashkilotlari ro`yxati, manzili va boshqa zarur ma`lumotlar saytga to`liq joylashtirildi hamda ushbu ma`lumotlarni tez va oson izlab topish imkoniyatlari yaratildi;
ikkinchidan ‒ ko`rsatiladigan davlat xizmatlarini shaffof va qonuniy bo`lishini ta`minlash maqsadida saytda ba`zi metodik vositalar o`rnatildi. Jumladan, endilikda, saytdagi “Notarius kalkulyatori” orqali fuqarolar notarius xizmatlari uchun qancha to`lov to`lashi kerakligini oson hisoblab olish imkoniga ega bo`ldi;
uchinchidan – notarial idoralar, FHDYo organlari va davlat xizmatlari markazlari tomonidan ko`rsatiladigan xizmatlar turlari va ushbu xizmatlar uchun to`lovlarning miqdori haqidagi ma`lumotlar infografikalar asosida joylashtirildi;
to`rtinchidan ‒ saytga “Korrupsiyaga qarshi kurashish” bo`limi kiritilib, unda adliya organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyati va rivojlanish tendensiyalari yoritib boriladi. Fuqarolar esa adliya organlari tizimida bo`layotgan qonun buzilishlari va korrupsiyaga doir xabarlarni ushbu bo`limda qoldirish imkoniga ega bo`ldi;
beshinchidan – fuqarolar saytda yangi qabul qilingan qonun hujjatlari haqida qisqa va tezkor ma`lumotlar, huquqiy tushuntirishlar olishi mumkin. Muayyan qonun hujjati bilan batafsil tanishmoqchi bo`lgan foydalanuvchilar uchun “Qonun hujjatlari ma`lumotlari milliy bazasi “Lex.uz”ga to`g`ridan-to`g`ri o`tish bo`yicha havola keltirildi;
oltinchidan ‒ veb-sayt orqali vazirlikning ijtimoiy tarmoqlardagi “Adliya bilan muloqot” sahifasi, “Huquqiy axborot” kanali va internetdagi boshqa manzillariga havolalar keltirildi.
Bundan tashqari, yangi veb-sayt maxsus imkoniyatlarga ham ega bo`lib, unda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qo`shimcha qulaylik taqdim etuvchi funksiyalar va saytning mobil versiyasi o`rin olgan.
Veb-saytning “Mediateka” bo`limida foto va videomateriallar (informasion teledasturlar, ijtimoiy roliklar va hokazo) berib boriladi.
Hozirda veb-saytning ingliz, fransuz, xitoy va boshqa chet tillaridagi talqini, shuningdek bolalarga mo`ljallangan “Bolalar uchun” sahifasi ham ishlab chiqilmoqda.
Veb-saytdagi ma`lumotlar matn, infografika va foydalanuvchilar uchun qulay boshqa uslublarda beriladi.
O`z.A.






