AsosiyJamiyat

Sudyalar oliy kengashi nomzodlarga xulosa berdi

'Sudyalar oliy kengashi nomzodlarga xulosa berdi'ning rasmi

Sudyalar oliy kengashi xulosasi bilan 4 nafar nomzod sudyalik lavozimida bo`lishning muddatsiz davriga munosib, deb topildi.

So`nggi yillarda sud-huquq sohasidagi islohotlar yangi bosqichga ko`tarildi. Mazkur islohotlar natijasida yuqori malakali va samarali faoliyat yurituvchi sud korpusini shakllantirish maqsadida sudyalik lavozimiga tayinlash (saylash)ning muddatsiz davrga lavozimda bo`lishni nazarda tutuvchi yangi tartib kiritildi.

2017 yil 12 aprelda qabul qilingan “Sudlar to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonuniga, O`zbekiston Respublikasining fuqarolik prosessual va xo`jalik prosessual kodekslariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunida sudyalik lavozimining muddatsiz davri belgilandi.

Bugungi kunda O`zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan katta hayotiy va ish tajribasiga ega, jamiyatda yuksak obro`-e`tibor qozongan bilimli sudyalar orasidan bir nechta mana shunday mas`uliyatli lavozimga munosib topilmoqda.

Sudyalar oliy kengashi ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar sho``basi tomonidan taqdim etilgan ma`lumotga ko`ra, joriy yilning 9 aprel kuni Sudyalar oliy kengashida bo`lib o`tgan yig`ilishda, Kengash xulosasi bilan 4 nafar nomzodlar, xususan Bazarbaeva Gulnara Jumanazarovna Qoraqalpog`iston Respublikasi jinoyat ishlari bo`yicha sudining sudyasi lavozimida, Tuxtaev Muxiddin Axmedovich jinoyat ishlari bo`yicha Samarqand viloyat sudining sudyasi lavozimida, Shukurov Farxod Bakievich Toshkent shahar M.Ulug`bek tuman ma`muriy sudining raisi lavozimida, Umarov Saidaxror Askarovich jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent viloyat sudining sudyasi lavozimida bo`lishning muddatsiz davriga munosib deb topildilar.

Shu bilan birga, Kengash xulosasi asosida 12 nafar nomzod sudyalik lavozimida bo`lishning navbatdagi o`n yillik muddatga munosib deb topilgan bo`lsa, 2 nafar nomzod sudyalik lavozimiga nomunosib deb topildilar.

O`z.A.

    Boshqa yangiliklar