AsosiyJamiyat

Eshak go`shti eganlar nima qilsin, dinimizda bunga qanday qaraladi?

'Eshak go`shti eganlar nima qilsin, dinimizda bunga qanday qaraladi?'ning rasmi

Samarqand viloyatidagi “eshaklar qabristoni”, Farg`onada eshak go`shti bilan shug`ullanuvchi “tadbirkor”ning kirdikorlari, “Sharshara” mojarosi va boshqa shunga o`xshash noxush holatlar OAVda ko`p bora muhokama bo`ldi.

Ayrim xo`randalar orasida esa mazkur munozara hamon davom etmoqda...

Muqaddas dinimizda eshak go`shti haromligiga ochiq-oydin dalillar bor. Zamonaviy tibbiyot ham uning zararlarini isbotlagan.

Qur`oni karimda eshakning go`shti-ku u yoqda tursin, hatto uning ovozi ham yoqimsiz ekani aytiladi: «(Yurganingda) o`rtahol yurgin va ovozingni past qilgin! Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir» (Luqmon surasi, 19-oyat).

Hadisi shariflarda esa eshakning ovozini eshitganda, Allohdan panoh tilanglar. Chunki eshak shaytonni ko`rganda hangraydi (Imom ibn Hibbon rivoyati), deyiladi.

Anas (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadis eshak go`shti haromligiga ochiq-oydin dalildir. Xaybar fathi kuni qishloqdagi eshaklar qo`lga kiritilib, ayrimlari so`yib pishiriladi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Ogoh bo`linglar! Albatta, Alloh va Uning Rasuli sizlarni ulardan qaytarurlar! Albatta, ular iflosdirlar, shaytonning amalidirlar!» deb nido qildilar. Bas, eshak go`shti qaynab turgan qozonlar ag`darib tashlanadi» (Imom Buxoriy rivoyati).

Boshqa rivoyatlarda aytilishicha, odamlardan ba`zilari Payg`ambar (sollallohu alayhi vasallam)ning huzurlariga kelib, eshaklar eyilmoqda, deb ikki marta xabar bergan. Uchinchisida esa eshaklar bitirilmoqda, deb aytgan. Shunda Payg`ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) Abu Talha (roziyallohu anhu)ga odamlar orasida: «Ogoh bo`linglar! Albatta, Alloh va Uning Rasuli sizlarni ulardan qaytarurlar! Albatta, ular iflosdirlar, shaytonning amalidirlar!», deb jar solishni buyurdilar.

Bu nidoni eshitgan kishilar eshak go`shti qaynab turgan qozonlarni ag`darib tashlashgan. Shu bilan masalaga chek qo`yildi. Ammo keyinchalik, Payg`ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) vafot etganlaridan so`ng bu masala yana qo`zg`atilganda, mazkur amrni har kim har xil tushungan.

Ayrimlar Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) eshaklar ulov sifatida o`sha paytda zarur bo`lgani uchun ularning go`shtini eyishdan qaytardilar, deyishsa, boshqalar esa eshaklar iflos bo`lgani uchun ularning go`shtini eyish man etildi, degan fikrga borishdi. Yana kimlardir Payg`ambarimizning bu buyruqlari muayyan vaziyat uchun emas, balki doimiydir, deyishdi.

Oxiri, bu masala bo`yicha hal qiluvchi so`zni aytish uchun Sa`id ibn Jubayr (roziyallohu anhu)ga murojaat qilindi. U kishi Rasulullohning bu amrlari doimiydir, deb aytdi va ixtilof barham topdi.

Hadisi sharifda: «Ogoh bo`linglar! Sizlarga xonaki eshaklar, barcha oziq tishli yirtqich hayvonlar halol emas” (Imom Termiziy rivoyati), deya ta`kidlangani ham barcha qarashlarga uzil-kesil chek qo`ydi.

Tibbiy jihatdan ham, diniy jihatdan ham zararlari aytib o`tilgan eshak go`shtini bugungi ma`murchilik davrida, halol go`sht (quyon, qo`y, qoramol, ot, tuya va hokazo)lar qatorida ongli ravishda sotganlar gunohkorlardir.

Ibn Abbosdan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, Alloh mening ummatimdan xatoni, unutilgan va majbur qilingan narsani kechirgandir», dedilar». Demak, shu paytgacha eshak go`shti qo`llanilgan ayrim oshxonalarda taom tanovul qilgan kishilar bilmaganlari uchun ularga zarar yo`q.

Xalq tilidagi: “Mehnati halol, o`zi harom”, degan so`z mavzumizga xulosa bo`la oladi.

O`z.A.

    Boshqa yangiliklar