AsosiyJamiyat

Do`stlik kechasi

'Do`stlik kechasi 'ning rasmi

Yurtimizda bo`lib o`tayotgan Belarus Respublikasi madaniyat kunlari doirasida poytaxtimizdagi "Turkiston" saroyida mazkur davlatning san`at ustalari ishtirokida konsert bo`lib o`tdi. Belarus xalqi madaniyati, bugungi kuni, tabiati, an`ana va urf-odatlari, me`moriy obidalari aks etgan fotoko`rgazma tashkil etildi.

O`zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilganiga bu yil 25 yil to`ladi. Yuksak saviyada va bayramona ruhda tashkil etilayotgan belarus madaniyati kunlari ham ushbu sana arafasida o`tkazilayotganida o`ziga xos ramziy ma`no bor. Zero, o`tgan yillar mobaynida ikki davlat o`rtasidagi iqtisodiy, savdo, ishlab chiqarish sohalari bilan birga madaniyat, ta`lim, ilm-fan yo`nalishidagi hamkorlik ham yanada ravnaq topib, yangi pog`onaga ko`tarildi.

– Yurtingizda madaniyat va san`at rivojiga ko`rsatilayotgan e`tibor, xalqingizning san`atni g`oyat qadrlashi tadbirlar davomida yaqqol namoyon bo`ldi, – deydi Belarus Respublikasi xalq artisti, "Syabri" ansambli badiiy rahbari Anatoliy Yarmolenko. – Konsertda tomoshabinlarning bizga jo`r bo`lib kuylashi, har bir musiqiy chiqishni katta olqish bilan kutib olishi barchamizni g`oyat to`lqinlantirdi. Bizning yurtda Farrux Zokirov hamda "Yalla" ansamblining ijodini yuksak qadrlashadi. Bunday tadbirlar do`stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.

San`at, do`stlik kechasiga aylangan konsertda belarus xalq musiqa, raqs san`ati namunalari tomoshabinlar e`tiboriga havola etildi.

O`z.A.

    Boshqa yangiliklar