O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi, “Sog`lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti hamkorligida amalga oshirilayotgan sog`lomlashtirish dasturi asosida Samarqand viloyati ko`p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida 12 yoshgacha bo`lgan bemor bolalar uchun tibbiy ko`rik tashkil etildi.
Unda Qoraqalpog`iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy, Jizzax va Samarqand viloyatlaridan 150 nafardan ortiq bola tibbiy ko`rikdan o`tkazildi.
– “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti bilan hamkorlik natijasida har yili yurtimizdan tayanch-harakat tizimining tug`ma irsiy kasalliklari bo`lgan, terida kuyishdan keyin asoratlar qolgan, peshob yo`li (ekstrofiya, gipospadiya) va ovqat hazm qilish tizimining tug`ma nuqsonlari bilan operasiyaga muhtoj bemor bolalar Germaniya klinikalarida davolanib kelmoqda, – deydi “Sog`lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Samarqand viloyati bo`limi boshlig`i R.Rahmonova. – Respublikamiz bo`ylab o`tkazilayotgan bu galgi tadbir ham ana shunday bemor bolalarni ko`rikdan o`tkazish, ularga zarur yordam ko`rsatish maqsadida tashkil etildi. Ko`rik davomida germaniyalik mutaxassislar bilan birga, yurtimizning malakali shifokorlari bolalarni ko`rikdan o`tkazib, o`z tavsiyalarini berdi.
Tibbiy ko`rik natijalariga ko`ra, eng og`ir deb topilgan bemor bolalar joriy yil avgust oyida Germaniyaning nufuzli klinikalariga davolanish uchun yuboriladi.
– Qizimning oyog`i uch yil ichida besh marta singan edi, – deydi Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi Sevinch Ergasheva. – Bundan avvalgi tibbiy ko`rik natijasiga ko`ra, farzandim 6 oy mobaynida Germaniyada davolanib keldi. Uch yil gipsda yotgan qizim hozir bemalol harakatlanmoqda, salomatligida ijobiy o`zgarishlar bor. Bugun yana bir bor tibbiy ko`rikdan o`tish uchun taklif qilishgandi. Xudoga shukr, hammasi yaxshi ekan.