Tuyaqush boqishni yo`lga qo`yish oilalar uchun ham qulay va daromadli bizneslardan biri hisoblanadi. Ayni vaqtda yurtimizda bu sohaga qo`l o`rgan insonlar soni ortib bormoqda. Ulardan biri Toshkent viloyatida yashovchi Ravshan To`raev, deb yozadi O`zA.
– Juda ko`p sohalarga qiziqaman, – deydi R.To`raev. – Yaqinda tuyaqushlar haqida o`qib, ularga qiziqib qoldim. Shu tariqa internet orqali Afrika tuyaqushining tuxumiga buyurtma berdim. Nega Afrika tuyaqushi desangiz, u uy sharoitiga engil ko`nikar ekan. Shu tariqa qisqa fursatda etti dona tuxumni pochta orqali qadoqlangan holda olib kelishdi. Yurtimizdagi zamonaviy inkubatoriyada tuyaqush jo`jalarini ochtirib oldik. Mana etti oydan buyon ularni parvarishi bilan bandman. Tuyaqushlarni boshqa qushlarni boqishdan o`ziga xos jihatlari bilan ajralib turar ekan. Masalan, tuyaqush yaylovda o`zi o`t qidirishni xush ko`radi. Shu bois, ularni keng dalada boqish maqsadga muvofiq. Bir haftada odamga o`rganib, oldiga kirsangiz tumshug`ini taqillatib ovoz chiqarar ekan. Lekin, u nima degani: «salom», «ovqat ber» yoki «kelganingdan xursandman» qaysi ma`noda bilmayman. Lekin, qarsak chalsangiz, aylanib, qanotlarini chirpirak qilib raqsga tushib berishi juda quvonarli.
Shu o`rinda, tuyaqush parvarishlashning yutuqli jihatlari haqida ma`lumot keltirib o`tishni joiz deb hisoblaymiz. Ma`lumotlarga ko`ra, uning go`shti dunyo oziq-ovqat bozorida mazali va xolesterini kam, parhezbop mahsulot sifatida qadrlanadi. Tuyaqushning patidan ayollar uchun sharf va boshqa kiyim-bosh tayyorlanadi. Uning terisidan qimmatbaho kiyimlar (kurtka, qo`lqop, poyafzal, hamyon, sumkalar) ishlab chiqarishda foydalaniladi. Shuningdek, yumshoq mebellarni qoplashda qimmatbaho xom ashyo hisoblanadi. Bitta 12-14 oylik tuyaqushning vazni 100-120 kilogrammgacha bo`lib, undan 20-25 kilogramm lahm go`sht, 1,2-1,8 m2 teri olinadi.
- Hisoblab chiqdim, ular ikki mahal ovqatlanib, yirik va mayda shoxli mollardan, hattoki boshqa etishtirilayotgan parranda go`shtidan ham ko`p mahsulot beradi, - deydi Ravshanbek. - 1 bosh tuyaqushdan 40-45 foizgacha go`sht olsa bo`ladi. Dunyo bozorida tuyaqush go`shtining o`rtacha narxi 12-15 evroni, ishlov berilmagan xom terisi 60 evroni tashkil etib kelyapti. To`g`ri, sovuq va o`rtacha issiq iqlimda etishtirilgan tuyaqush patining sifati unchalik yuqori bo`lmas ekan. Shu sababli issiq iqlimda etishtirilgan tuyaqush patidan arzon baholanadi. Lekin ushbu arzon pat ham boshqa sanoat darajasida etishtirilib kelinayotgan parranda patidan yuqori hisoblanadi.
Ana shunday aniq hisob-kitobga asoslanib, tuyaqush boqishni yo`lga qo`ygan yurtdoshimizni ta`kidlashicha, tuyaqush to`rt yilda reproduktiv yoshga etadi va o`rtacha tuxum qo`yish yoshi 10-15 yil hisoblanadi. Zotdor tuyaqushlar 40 yil davomida ham tuxum qo`yaveradi. Bitta tuyaqush 10-12 yil davomida qo`ygan tuxumdan chiqqan jo`jalardan olingan go`shtning miqdori o`rtacha 72 tonnani tashkil etishi mumkin ekan.
Yuqorida ta`kidlanganlardan ko`rinib turibdiki, tuyaqush boqish eng daromadli sohalardan biri ekan. Siz ham tuyaqush boqishga harakat qilib ko`ring. Sizdan faqatgina to`g`ri biznes rejasi tuzib, uni amalga oshirish talab etiladi, xolos.
Ravshanbek ayni vaqtda sinov tariqasida Hindiston psarkasini ham ko`paytirishni boshladi. Ular yiliga 300 dona tuxum berar ekan. Ravshanbek kelgusida O`rta Chirchiq tumanidan er maydoni olib, tuyaqush parvarishlashni rivojlantirish va xorijdan kenguru keltirib ko`paytirishni mo`ljallamoqda.