AsosiyJamiyat

Deputat o`quv yilini 26 avgustdan boshlashni va mavsumiy ta`tillar vaqtini o`zgartirishni taklif etdi

'Deputat o`quv yilini 26 avgustdan boshlashni va mavsumiy ta`tillar vaqtini o`zgartirishni taklif etdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Abdurashid Abduqodirov ta`lim muassasalarida o`quv yilining boshlanish va tugash vaqtini o`zgartirish, yozgi ta`tilni qisqartirish hisobiga qishki ta`til muddatini uzaytirish hamda boshlang`ich sinflarda dars mashg`ulotlari davomiyligini 5 minutga kamaytirish taklifi bilan chiqmoqda. Bu haqda O`zA xabar beradi.

– O`zbekiston dunyoning ko`plab rivojlangan mamlakatlari bilan taqqoslaganda ta`lim sohasiga davlat byudjetidan eng ko`p mablag` ajratadigan davlatlardan biri hisoblanadi, – deydi Abdurashid Abduqodirov. – Biroq shunga qaramay, majburiy ta`limga jalb etilishi lozim bo`lgan o`quvchilar sonining ko`pligi, ta`lim sohasida xususiy sektor ulushining deyarli yo`qligi sohada kechayotgan islohotlarni sifatli va samarali amalga oshirishda qator muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Rivojlangan davlatlarda umumta`lim maktablarida o`quv yilining boshlanishi va ta`til kunlari ta`lim maqsadidan, tashkiliy masalalar hamda iqlim sharoitidan kelib chiqib belgilanadi. Xuddi shu qoidalar o`quv soatlarining davomiyligiga ham ta`sir qiladi.

Masalan, Evropaning ko`plab davlatlarida o`quv yili kuzning ilk oyida boshlanadi. Biroq, aniq sanasi hududning xususiyatlaridan kelib chiqib bir-biridan farq qiladi. Masalan issiq hududlarda qish faslida ko`proq o`qish hisobiga, kuzgi ta`tillar davomliroq bo`ladi.

Buyuk Britaniyada o`quv yili uch semestrga bo`linadi hamda qish va bahor faslida 2-3 haftadan ta`til beriladi. O`quv yilining boshlanishi, sanalari shtat bilan shtat o`rtasida farq qilsa-da, AQShda ham Evropa davlatlaridagi singari avgust oyining oxiri, sentyabr oyining boshlariga to`g`ri keladi. Yaponiyada o`quv yili tabiatdagi yangilanish davriga mos holda apreldan boshlanadi. Xitoyda ham bizdagidek, 1 sentyabrdan o`quv yili boshlansa-da, o`quvchilarning ta`tillari iyul va avgust oyidagi yozgi va yanvar yoki fevraldagi bir oylik qishki ta`tillarga bo`linadi.

Xorijiy davlatlar tajribalaridan kelib chiqib, issiqlik va elektr energiyasiga bo`lgan talab kuz-qish mavsumida keskin oshishini hisobga olib, resurslarni tejash, o`quvchilarga qish mavsumida qulay sharoit yaratish, qish oylarida ta`lim muassasalarini isitish va yoritish sarfini ikki barobarga qisqartirish kabi maqsadlarni inobatga olgan holda o`quv yilining boshlanish va tugash vaqti, o`quv yili davomidagi ta`til kunlarining muddatini o`zgartirish hisobiga qishki ta`til kunlarini belgilash taklif etilmoqda.

Buning uchun, o`quv yilining boshlanishi 26 avgust, tugashni 31 may deb belgilash; amaldagi 4-9 noyabr, 28 dekabr - 10 yanvar, 21-27 mart kunlaridagi ta`til o`rniga 25 dekabrdan 2 fevralgacha qishki ta`tilni joriy etish; yozgi ta`til vaqtining ikki haftaga qisqarishi munosabati bilan o`qituvchilar uchun 11-25 yanvar kunlari davomida ikki haftalik haq to`lanadigan mehnat ta`tilini joriy etish; 1 va 2-choraklar hamda 3 va 4-choraklar oralig`ida ta`til zarur deb hisoblansa, 1 va 3-chorakning oxirgi o`qish kuni mashg`ulotlarini hamda 2 va 4-chorakning birinchi o`qish kuni mashg`ulotlarini tegishli choraklardagi boshqa o`qish kunlarida o`tish hisobiga choraklar orasida ikki kunlik ta`til belgilash taklif etiladi.

Bundan tashqari boshlang`ich sinf o`quvchilari uchun dars mashg`uloti davomiyligini 40 minut deb belgilash (bunda boshlang`ich sinflar uchun tanaffus vaqtini 5 minutga uzaytirish orqali barcha sinflardagi dars vaqtining boshlanishini bir xil qilish mumkin); tuman yoki shahar xalq ta`lim bo`limlari ruxsati bilan noqulay ob-havo sharoitlarida, ya`ni o`ta issiq yoki sovuq kunlarda isitish yoki sovutish tizimlari bilan to`liq jihozlanmagan, shuningdek, ikki-uch smenada o`qitiladigan umumta`lim maktablarida dars mashg`ulotining davomiyligini 5 minutga qadar qisqartirishga ruxsat berish amaliyotini joriy etish taklif etiladi.

Ushbu takliflar joriy etilsa, o`qituvchi va o`quvchilarning ta`tillari yozgi va qishki ta`tillarga bo`linishidan hamda o`quv yilining boshlanish va tugashi muddatlarining bir haftaga o`zgarishidan tashqari jiddiy salbiy oqibatlar kelib chiqmaydi. Ammo quyidagi ijobiy natijalarga erishiladi:

Umumiy o`rta ta`lim tizimida kuz-qish mavsumi davrida isitish va elektr energiyasi sarfi 30 foiz atrofida tejaladi, bu esa ushbu maqsadlar uchun sarflanayotgan mablag`ning 20-30 milliard so`mi tejab qolinadi demakdir.

Hozirgi kunda bir kunga to`g`ri kelayotgan Mustaqillik bayrami, Birinchi Prezidentimizning Xotira kuni hamda Bilimlar kunlarining tarbiyaviy-ma`naviy tas`irchanligining oshishiga xizmat qiladi;

o`quvchilarga, ayniqsa, boshlang`ich sinf o`quvchilariga qulaylik yaratiladi;

boshlang`ich sinf o`qituvchilarining dars mashg`ulotlaridagi mehnat sarfi 10 foizga yaqin qisqaradi;

o`quvchi va o`qituvchilar uchun o`quv yili o`rtasida ham mehnat ta`tiliga chiqish va o`z ustida ishlash uchun qo`shimcha imkoniyat paydo bo`ladi;

Prezident farmonida belgilangan “O`zbekiston bo`ylab sayohat qil” ichki turizmni rivojlantirish dasturini amalga oshirish bo`yicha ta`lim muassasalari o`quvchilari, rahbar-xodimlari uchun qulay vaziyat vujudga keladi.

    Boshqa yangiliklar