1

Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o`tkazish to`g`risida Prezident qarori e`lon qilindi

Jamiyat 25.06.2014, 06:28
Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o`tkazish to`g`risida Prezident qarori e`lon qilindi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

El-yurtimiz uchun asrlar davomida ezgulik, saxovat, mehr-shafqat, qanoat va shukronalik ramzi bo`lib kelayotgan muborak Ramazon oyining ma`naviy-ruhiy hayotimizdagi alohida o`rni va ahamiyatini inobatga olgan holda, jamiyatimizda mehr-oqibat, o`zaro ahillik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash, xalqimizga xos olijanob fazilatlarni, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug`lash maqsadida:

1. 2014 yil muborak Ramazon oyining boshlanishi 28 iyun kuniga
to`g`ri kelishi haqidagi O`zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma`lumot uchun qabul qilinsin.

2. Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Nuroniy” jamg`armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va boshqa jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda Ramazon oyini joylarda milliy an`ana va qadriyatlar, urf-odatlarimizga uyg`un va hamohang tarzda o`tkazish bilan bog`liq chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

Mazkur tadbirlarni o`tkazishda muborak Ramazon oyining mohiyatida mujassam bo`lgan insoniylik, ma`naviy poklik, shukronalik fazilatlarini, muqaddas dinimiz aqidalarini e`zozlash, buyuk allomalar, aziz-avliyolarimizning muqaddas qadamjolarini obod etish borasida keng ko`lamli savob va targ`ibot ishlari tashkil qilinsin. Ushbu qutlug` oyda amalga oshiriladigan xayriya tadbirlari, ehtiyojmand kishilarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, ziyoratgohlarni obodonlashtirish, oila va mahallalarda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash bo`yicha olib boriladigan tadbirlarni yanada kuchaytirishga alohida e`tibor qaratilsin.

3. O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O`zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon oyini o`tkazish bilan bog`liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

4. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasi
Bosh vaziri Sh.Mirziyoev zimmasiga yuklansin.

O`zbekiston Respublikasi
Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri,
2014 yil 24 iyun


 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1