1

Islom Karimov jurnalistlarni kasb bayramlari bilan tabrikladi

Jamiyat 27.06.2014, 17:22
Islom Karimov jurnalistlarni kasb bayramlari bilan tabrikladi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga tabrik yo`lladi.

    Qadrli do`stlar!

    Avvalo, Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini yuksaltirish, mustaqilligimizni mustahkamlash yo`lida jonkuyarlik va jonbozlik ko`rsatib mehnat qilayotgan siz, aziz jurnalistlar, radio va televidenie, nashriyot va matbaa sohasi xodimlariga o`zimning chuqur hurmatimni bildirib, sizlarni bugungi kasb bayramingiz bilan millionlab muxlislaringiz, butun el-yurtimiz qatori chin qalbimdan tabriklashga ijozat bergaysiz.

    Shu xursandchilik kunda barcha-barchangizni samimiy qutlar ekanman, Sohibqiron Amir Temur bobomizning: “Adolat va ozodlik dasturingiz va rahbaringiz bo`lsin. Millatning dardlariga darmon bo`lmoq vazifangizdir”, deb aytgan chuqur ma`noli da`vati xalqimizning fidoyi farzandlariga, avvalambor, hamisha el-yurt tashvishi va manfaati bilan yonib yashaydigan siz, matbuot ahliga qaratilgan, desam, o`ylaymanki, ko`pchilik jamoatchiligimizning fikrini ifoda etgan bo`laman.

    Muhtaram do`stlar!

    Hammamizga ma`lum, bugungi kunda jahon miqyosidagi  globallashuv, axborot-kommunikasiya texnologiyalari zamoni, qolaversa, boshimizdan kechirayotgan hayotning o`zi oldimizga qo`yayotgan, tobora kuchayib borayotgan talablarni hisobga olmasak, shiddatli davr bilan hamqadam bo`lib yashamasak, o`z-o`zidan ayonki, strategik maqsad va vazifalarimizni amalga oshirishimiz, taraqqiy topgan zamonaviy demokratik davlatlar qatoriga kirishimiz gumon bo`lib qoladi.

    Bu yuksak talabni barchamiz, birinchi navbatda doimo jamiyatning oldingi saflarida bo`lib kelayotgan siz, matbuot ahli yaxshi tushunasiz, anglaysiz, deb bilaman.

    Ayni shu talabni inobatga olgan holda, keyingi yillarda O`zbekistonda ommaviy axborot vositalarining jamiyat hayotidagi o`rni va ta`sirini, ularning faoliyati samaradorligini yanada oshirish, media tarmoqlarining huquqiy, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va yangilash, texnik va texnologik modernizasiya qilish, jurnalist kasbining ijtimoiy maqomi va nufuzini ko`tarish, soha xodimlarining mehnatini moddiy va ma`naviy rag`batlantirish yo`lida, aytish mumkinki, katta ishlar amalga oshirildi.

    Ayniqsa, Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi doirasida qanday muhim dastur va tadbirlar amalga oshirilayotgani sizlarga yaxshi ma`lum, albatta. Xususan, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to`g`risida”gi qonunning qabul qilinishi fuqarolarimizning axborot sohasidagi huquq va manfaatlarini ta`minlash, davlat va jamoatchilik o`rtasida ochiq va samarali muloqot olib borish bo`yicha ommaviy axborot vositalarining roli va ta`sirini oshirishda yangi, yuksak bosqich bo`ldi, desak, yanglishmagan bo`lamiz.

    Bu borada ayrim misollarga murojaat qiladigan bo`lsak, jamiyat hayotining ko`zgusi bo`lgan ushbu sohani rivojlantirish bo`yicha so`nggi yillarda katta amaliy qadamlar qo`yganimiz yaqqol ayon bo`ladi.

    Bugungi kunda yurtimizda 1400 ga yaqin ommaviy axborot vositasi faoliyat ko`rsatmoqda. Ularning orasida an`anaviy axborot vositalari bo`lmish gazeta-jurnallar, tele va radiokanallar bilan birga eng zamonaviy va ilg`or  media tarmoqlari - raqamli va mobil televidenie, internet-televidenie, internet-radio, umuman, internet jurnalistikasi milliy axborot maydonida tobora mustahkam o`rin egallab borayotganini alohida qayd etish lozim.

    Hozirgi vaqtda O`zbekiston telekanallarining dasturlari global tarmoq orqali real vaqt rejimida dunyoning ko`plab mamlakatlarida namoyish etilmoqda. O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarkibida keyingi paytda tashkil etilgan “Madaniyat va ma`rifat”, “Dunyo bo`ylab”, “Bolajon” telekanallari qatorida “Diyor”, “Oilaviy”, “Kinoteatr”, “Navo” kabi yangi telekanallar xalqimizning ilmiy-ma`rifiy, ma`naviy-madaniy saviyasini yuksaltirish, mazmunli hordiq chiqarishga bo`lgan ehtiyojini qondirish yo`lida o`z faoliyatini takomillashtirib borayotgani e`tiborga loyiq.

    Ommaviy axborot vositalari, nashriyot va matbaa korxonalari, matbuot tarqatuvchi tashkilotlarni qo`llab-quvvatlash maqsadida qabul qilingan Prezident qaroriga binoan ular uchun yaratilgan imtiyoz va preferensiyalar mazkur tuzilmalarning mustaqilligini so`zda emas, amalda ta`minlashda qulay moliyaviy sharoit tug`dirib, ushbu sohada mehnat qilayotgan ming-minglab ishchi va xodimlarning daromadini, moddiy farovonligini oshirish bilan birga boshqa bir qator tarmoqlar rivojiga ham katta ijobiy ta`sir ko`rsatmoqda.

    Bularning barchasi, hech shubhasiz, mamlakatimiz axborot maydonida sog`lom raqobat muhitini yaratish, fikrlar xilma-xilligiga erishish, matbuot minbari orqali barcha ijtimoiy qatlamlarning fikr va qarashlarini ifoda etish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish uchun mustahkam zamin bo`lmoqda.

Bu haqda gapirganda, birinchi navbatda ommaviy axborot vositalarining fidoyilari bo`lgan, turli dolzarb masalalarni qalbidan, yuragidan o`tkazib, bu sohaning boshqa tarmoqlardan kam bo`lmasligi uchun doimo intilib yashaydigan siz, muhtaram jurnalistlar bir haqiqatni albatta yaxshi anglaysiz, deb ishonaman: bugungi kunda, ayni shu murakkab va qaltis zamonda dunyoda, yon-atrofimizda ro`y berayotgan voqea-hodisalarni chuqur idrok etish, ularning tub mohiyatiga etib borish uchun avvalo odamlarda mustaqil fikrlash va yana bir bor mustaqil fikrlashni shakllantirish talab qilinadi.

    Turli g`oya va manfaatlar kurashi tobora kuchayib borayotgan bugungi vaziyatda yolg`onni rost, rostni yolg`on, deb ko`rsatishga urinish, axborot-kommunikasiya vositalarini o`zining uzoqni ko`zlaydigan manfaatlariga xizmat qilishga majbur etish, g`arazli maqsadlar yo`lida odamlarni, millatlarni bir-biriga qarama-qarshi qo`yish, ularni hayotdan norozi qilish, turli soxta ma`lumotlarni tarqatish, o`zgalarni pisand qilmasdan, kuchi etadigan davlatlarga po`pisa va zo`ravonlik ko`rsatish, hech kim bilan hisoblashmay kuch ishlatish holatlari avvalambor ommaviy axborot vositalarining bugungi o`quvchi, tinglovchi va tomoshabinlaridan oqni qoradan, haqiqatni uydirma gaplardan ajratish uchun o`zining mustaqil dunyoqarashi va fikriga ega bo`lishini taqozo etadi.

    Hozirgi vaqtda yon-atrofimizda o`zini oqlamagan va umrini o`tab bo`lgan eski tizim va mafkuralarni qo`msashga bo`lgan urinishlar tobora tarqalib va kuchayib borayotgan bir paytda bunday kuchlarning qarmog`iga tushib qolmaslik uchun axborot sohasida etti o`lchab bir kesish, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizning ko`zini keng ochib berish, ularni irodasi mustahkam, iymoni baquvvat insonlar etib tarbiyalashda mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarining o`rni va mas`uliyati tobora ortib bormoqda va bu o`ta muhim vazifani ado etishda biz avvalo sizlarga, sizlarning bilim va tajribangiz, professional mahoratingiz, grajdanlik pozisiyangizga tayanamiz.

    Yoshlarimizni aynan ana shu ruhda - milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalab, har tomonlama barkamol avlodni kamol toptiradigan bo`lsak, hech shubhasiz, ertangi hayotimizning eng mustahkam poydevorini qurgan bo`lamiz.

    Shu nuqtai nazardan qaraganda, yuksak kasb mahoratiga ega bo`lgan etuk jurnalistlar, tahlilchi va sharhlovchilarni, muxtasar aytganda, o`z kasbining haqiqiy ustasi bo`lgan mutaxassislarni tayyorlash masalasi hamon dolzarb bo`lib turibdi, desam, o`ylaymanki, sizlar ham bu fikrga qo`shilasiz.

    Barchamiz yaxshi tushunamiz, bu vazifani amalga oshirish uchun mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarining xalqaro axborot maydoniga kirib borishi, dunyoda nom qozongan nufuzli mediakompaniyalar, chet ellardagi hamkasblari bilan samarali ijodiy aloqalar o`rnatishi alohida ahamiyat kasb etadi.

    Haqiqatan ham, biz o`z oldimizga rivojlangan demokratik davlatlar darajasiga ko`tarilishdek yuksak maqsadni qo`ygan ekanmiz, boshqa sohalar qatori axborot olamida ham ilgarilab ketgan davlatlardan o`rganish, ayni shu asosda ommaviy axborot vositalari xodimlarining bilim va tajribasi, kasb mahoratini oshirishga jiddiy e`tibor qaratishimiz zarur.

    Shu o`rinda ilgari ham aytgan bir fikrni takrorlashni joiz deb bilaman.

    Bugungi globallashuv asrida har qaysi inson, har qaysi kasb egasining o`z malakasi va saviyasini oshirishi uchun qandaydir mafkuraviy to`siq va cheklashlar qolmaganini barchamiz yaxshi bilamiz. Gap faqat o`qib-o`rganishdan, izlanishdan tortinmaslik, o`z oldiga aniq maqsad qo`yib, bu yo`ldan qat`iyat bilan ilgarilab borishga bog`liq.

    Bunday dolzarb vazifalar avvalambor oliy o`quv yurtlarida shu soha bo`yicha dars beradigan, zamonaviy bilim va texnologiyalarni yoshlarga o`rgatadigan o`qituvchi va domlalarga tegishli, desak, ayni haqiqatni aytgan bo`lamiz.

    Shu ma`noda, keyingi yillarda mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari xodimlaridan 600 nafardan ziyodi xorijiy davlatlarda malaka oshirib, tajriba almashib qaytgani albatta e`tiborga sazovordir. Ayni vaqtda katta ahamiyatga ega bo`lgan bu yo`nalishdagi ishlarimizni izchil davom ettirish va yanada kuchaytirishni bugungi hayotning o`zi taqozo etmoqda.

    Mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari xodimlarining jahon jurnalistikasining ilg`or ish uslublari va yutuqlarini, shuningdek, zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini, xorijiy tillarni puxta egallashi uchun zarur ko`mak va yordam berish, shu bilan birga, siz, hurmatli jurnalistlarning oldida paydo bo`layotgan turli muammolarni birgalashib echish uchun davlatimiz tomonidan barcha chora va tadbirlar albatta ko`riladi.

    Mana shunday o`ta muhim va dolzarb vazifalarni amalga oshirish yo`lida barchangizga sihat-salomatlik, kuch-g`ayrat, yangi omadlar tilayman.

    Aziz boshingiz doimo omon bo`lishini istayman.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1