...Bolalikdan xorijda ta`lim olishni, ko`plab tillarni o`rganishni orzu qilardim. Bir necha marta urinib ham ko`rdim, bakalavr va magistrlik ta`limi davrida xorijda o`qish nasib qilmadi. Lekin umidni so`ndirmasdan intilaverdim, nihoyat 27 yoshda, doktorantura bo`yicha grant yutdim. 2014 yili Turkiyaning davlat granti asosida Anqaradagi Gazi universiteti Ijtimoiy fanlar institutining Kommunikasiya fakultetiga o`qishga taklif qilindim.
O`sha yili oktyarb oyida Anado`lu diyoriga yakka o`zim, hech kimni tanimasdan, tilni bilmasdan, to`liq tavakkal bilan yo`l oldim.
O`qishda dunyoning qaysi davlatidan kelganingizga qaramay, turkcha o`rganishingiz, (agar turkchani bilsangiz, imtihon topshirishingiz) kerak edi. Ta`lim tizimidagi yana bir yutuq, o`quvchilar hali maktabni bitirmay turib, imtihon topshirishadi. Yiqqan ballariga ko`ra, o`quvchi qaysi yo`nalishda va qaysi universitetda o`qishga da`vogarlik qilishi mumkinligi haqida tavsiya beriladi. Shu yo`l bilan chekka bir qishloqda o`qiydigan o`quvchi yaxshi ball yig`ib, hali o`zi ko`rmagan katta bir shaharning nufuzli universiteti talabasiga aylanishi mumkin. Aytib o`tish joiz, tanish-bilish, "x-variant" degan tushunchalar ish bermaydi. Yig`ilgan ballga qarab, Ta`lim vazirligi o`quvchini yo`naltiradi, ana undan keyin taqdirning yangi sahifalari ochiladi. Albatta, yoshlar ko`proq ball yig`ib, Anqara, Istanbul, Izmir kabi katta, ta`lim tizimi kuchli shaharlarda o`qishga intiladilar.
Universitetdagi darslar internet orqali tanlanadi, talaba universitet tomonidan belgilangan ma`lum bir kunda majburiy va tanlov fanlarni tanlaydi. Har semestrda talaba kerakli ballni yig`a olishi kerak, yo`qsa, ba`zi darslarni kelasi yili yana o`qishi yoki o`rniga boshqa bir fanni o`qib bitirishi zarur. Qisqacha aytganda, talaba 4 yil davomida kerakli ballni yiqquniga qadar o`qish davom etaveradi. Kimdir 5 yilda, yana kimdir 6-7 yilda ham bitirishi mumkin.
Yana bir jihat, o`qituvchi va talaba orasida hech qanday ta`maga yo`l qo`yilmaydi. Sovg`a-salom degan tushunchalar kor qilmaydi. Buning iloji ham yo`q, dars tugagach, o`qituvchini topishning o`zi amrimahol, topsangiz ham sizga vaqt ajratishi qiyin. Xullas, talabaning o`qishdan boshqa iloji yo`q. Turkiyada ba`zi universitetlarning to`liq ingliz tilida olib boriladigan bo`limlari mavjud. Oxirgi yillarda turk tilida ta`lim beriladigan bo`limlar dars dasturlarining 30 foizi ingliz tilida olib borilmoqda. Masalan, mashinasozlik bo`limidagi darslarning bir qismi to`liq ingliz tilida bo`ladi. Shu yo`l bilan etishib chiqqan mutaxassis xorijda ham faoliyat yurita olish imkoniyatiga ega bo`ladi.
Turkiyaga ketar chog`imda kelajakda O`zbekistonni turk xalqiga yanada ko`proq tanishtirishga ahd qilgan edim. O`tgan davr ichida ana shu ahdimga sodiq qolib, ko`p joylarda Vatanimiz haqida ma`ruzalar qildim, OAVda chiqishlar bilan ishtirok etdim. Ikki davlat orasidagi munosabatlarning faollashishi, hamkorlikning rivojlanishi bir paytlar ko`ngilga tukkan orzularimning ijobatidek tuyulyapti.
Shohruxbek Olim,
Turkiyaning Gazi universiteti Ijtimoiy fanlar institutining
Kommunikasiya fakulteti doktoranti.
O`zA






