O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 122-moddasiga, “O`zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining asoslari to`g`risida”gi Qonunning 11-moddasiga, O`zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993 yil 3 sentyabrdagi 952-XII-son qaroriga va O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 1994 yil 16 iyundagi PF-870-son Farmoniga muvofiq 1994 yilning 1 iyulidan boshlab O`zbekiston Respublikasi hududida qonuniy to`lov vositasi sifatida O`zbekiston Respublikasining milliy valyutasi - “So`m” muomalaga kiritildi. Bu yil uning muomalaga kiritilganiga 20 yil to`ldi, deya xabar beradi O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki rasmiy sayti.
Milliy valyuta – milliy iftixor, davlat mustaqilligining ramzlaridan biri, suveren davlatga xos belgidir. Milliy valyutaning joriy etilishi iqtisodiy barqarorlikning asosiy shartlaridan biri bo`lib, u O`zbekiston manfaatlariga mos moliyaviy pul-kredit siyosati va umuman iqtisodiy siyosatni amalga oshirishda aniq mexanizmni tashkil etdi.
1994-2013 yillarda O`zbekiston Respublikasidada quyidagi pul birliklari muomalaga kiritilgan
O`zbekiston Respublikasi Markaziy bankining:
- 1994 yilning 1 iyulidan boshlab, O`zbekiston Respublikasi milliy valyutasining 1994 yil namunasidagi qiymati 1, 3, 5, 10, 25, 50 va 100 so`m bo`lgan banknot (qog`oz pul) lar hamda qiymati 1, 3, 5, 10, 20 va 50 tiyin bo`lgan metall tangalar muomalaga kiritildi;
- 1997 yilning 1 martidan boshlab 1997 yil namunasidagi qiymati 200 so`m bo`lgan banknotlar hamda qiymati 1, 5 va 10 so`m bo`lgan metall tangalap muomalaga kiritildi;
- 1999 yilning 20 oktyabridan boshlab Jaloliddin Manguberdining 800 yillik yubileyiga bag`ishlab, 1999 yil namunasidagi qiymati 25 so`m bo`lgan esdalik metall tangalar muomalaga kiritildi;
- 2000 yilning 15 mayidan boshlab 2000 yil namunasidagi qiymati 1 so`m bo`lgan metall tangalar muomalaga kiritildi;
- 2000 yilning 1 iyundan boshlab 1999 yil namunasidagi qiymati 500 so`m bo`lgan banknotlar muomalaga kiritildi;
- 2001 yilning 1 sentyabridan boshlab 2001 yil namunasidagi qiymati 1000 so`m bo`lgan banknotlar va O`zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 10 yilligiga bag`ishlab 2001 yil namunasidagi qiymati 5, 10 va 50 so`m bo`lgan metall tangalar muomalaga kiritildi;
- 2002 yilning 1 noyabridan boshlab Shahrisabz shahrining 2700 yilligiga bag`ishlangan 2002 yil namunasidagi qiymati 50 so`m bo`lgan metall tangalar muomalaga kiritildi;
- 2005 yilning 1 iyulidan boshlab O`zbekiston milliy valyutasining 10 yilligiga bag`ishlab chiqarilgan 2004 yil namunasidagi qiymati 100 so`m bo`lgan metall tangalar muomalaga kiritildi;
- 2009 yilning 1 sentyabridan boshlab Toshkent shahrining 2200 yilligiga bag`ishlangan 2009 yil namunasidagi ikki xil ko`rinishdagi qiymati 100 so`m bo`lgan metall tangalar muomalaga kiritildi;
- 2011 yilning 1 sentyabridan boshlab O`zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 20 yilligiga bag`ishlangan 2011 yil namunasidagi qiymati 500 so`m bo`lgan metall tangalar muomalaga kiritildi;
- 2013 yilning 1 iyulidan boshlab 2013 yil namunasidagi qiymati 5000 so`m bo`lgan banknotlar muomalaga kiritildi.





