O`zbekiston gimnastika federasiyasi Xalqaro gimnastika federasiyasidan maktub qabul qilib oldi.
Unda sport akrobatikasi bo`yicha O`zbekiston terma jamoasi shu yilning oktyabr oyida Buenos-Ayres shahrida bo`lib o`tadigan III yozgi Olimpiya o`yinlariga lisenziya qo`lga kiritgani rasman tasdiqlandi.
Bundan bir necha kun oldin, aniqrog`i 5-11 aprel kunlari sport akrobatikasi bo`yicha O`zbekiston terma jamoasi a`zolari Nikolay Evdokimov va Xursana Magmuzovalardan tashkil topgan juftlik Belgiyada bo`lib o`tgan jahon chempionatida ishtirok etishgandi. Olimpiya o`yinlari lisenziyasi aynan mazkur jahon chempionati yakunlari bo`yicha terma jamoamizga berildi.
Ma`lumot uchun, O`zbekiston uchun sportning ushbu turida yagona lisenziya ajratilgan. Shunday ekan, musobaqalarga ikkita juftlik (Nikita Evdokimov/Xursana Magzumova hamda Nikolay Evdokimov/Arina Yulusheva) tayyorgarlik ko`radi. Buenos Ayresga jo`nab ketish oldidan o`quv-mashg`ulot yig`inlari yakuniga ko`ra murabbiylar kengashi ular orasidan eng yaxshisini tanlab oladi va aynan o`sha juftlik o`smirlar Olimpiadasida yurtimiz sharafini himoya qiladi.

Milliy olimpiya qo`mitasi shuni ma`lum qiladiki, ayni paytda III yozgi o`smirlar Olimpiya o`yinlariga 13 nafar o`zbekistonlik sportchi 11 ta lisenziya qo`lga kiritgan. (Akademik eshkak eshish va sport akrobatikasida 2 kishilik juftlikka bittadan lisenziya berilgan.)
Hozirgi paytga qadar delegasiyamiz hisobidagi lisenziyalar soni quyidagicha ko`rinish olgan:
Og`ir atletika – 3 ta
Baydarka va kanoeda eshkak eshish – 3 ta
Akademik eshkak eshish – 2 ta
Ot sporti (konkur) – 1 ta
Taekvondo – 1 ta
Sport akrobatikasi – 1 ta






