Oxirgi bekatlarda transport vositalarining kelish va jo`nab ketish vaqtini qayd etish, bekatlarda transportlarning uzoq to`xtab turishi, yuz berishi mumkin bo`lgan favqulodda holatlarning o`z vaqtida oldini olish imkonini beradigan videokuzatuv tizimi joriy etilmoqda. Bu haqda O`zA axborot agentligi “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi o`rinbosari – bosh muhandisi Mirhosil Xolmatovga asoslanib xabar bermoqda.
“Toshshahartransxizmat” AK vakilining so`zlariga ko`ra, shahar yo`lovchi transporti harakatini masofadan turib monitoring qilishning yangi tizimi ham amaliyotga muvaffaqiyatli tatbiq etildi. Ushbu dasturlangan apparat transport vositalari turgan joyni aniqlash, uni xaritada aks ettirish, uning harakatini, yo`nalishdan chiqib ketish yoki tezlik tartibining buzilishi holatlarini kuzatish imkonini beradi. Shuningdek, mazkur tizim tezlik tartibi, jadval yoki harakatlanish paytida oraliq vaqt buzilganda, avariya holati yuzaga kelganda dispetcherga haydovchi bilan ovozli rejimda bog`lanish yoki unga matnli xabar yuborishga yordam beradi.
Yo`lkira to`lash avtomatlashtirilgan tizimining amaliyotga tatbiq etilishi «Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik kompaniyasining istiqbolli loyihalaridan biridir. Bunday qurilmalarni transport vositasi eshiklariga o`rnatish, shuningdek, konduktorlarga yo`lkirasini yig`ish uchun ixcham moslamalarni berish rejalashtirilmoqda. Yo`lovchi to`lovni amalga oshirib, bir martalik chipta o`rnini bosadigan chekni olishi mumkin.
Ayni paytda poytaxtimizda 157 yo`nalish bo`ylab 1,3 mingdan ziyod avtobus harakatlanmoqda. Yo`lovchi tashish sifatini oshirish va aholiga qulaylik yaratish maqsadida o`tgan yili yuzta yangi «Mercedes-Benz» rusumli avtobus xarid qilinib, ayni paytda aholiga xizmat ko`rsatmoqda.





