1

​«Kelinim ajrashib ham, o`g`limni tinch qo`ymayapti...»

SUG'DIYONA 27.04.2018, 14:31
​«Kelinim ajrashib ham, o`g`limni tinch qo`ymayapti...»

— Sakkiz yil avval o`g`limni o`zi sevgan qizga uylantirdim. Kelin asli hamshira. Lekin bir haftada bir marta ishga borib, qolgan paytda bozorda tilla taqinchoqlar sotish bilan shug`ullanadi. O`ldim-kuydimiga qaramay yoshlar uch oy yashab ajralib ketishdi. O`ylab qarasam, bunga tayinli sabab ham bo`lmagan ekan. Avvalo o`zlari chiqishib ketisholmadi, qolaversa, kelinning qo`lidan telefon tushmas, oilaning ishlariga qudam aralashadigan bo`lib qolgandi. Yosh kelin saharlab ko`chaga chiqib ketib, shomda kirib kelardi. Bundoq qaynonaning, erning xizmatini qilish xayoliga ham kelmasdi. Xullas, u bo`ldi, bu bo`ldi nabiraginam bir yoshga to`lganida qonunan ajralishdi. Mana, olti yildirki, o`g`lim bo`ydoq. Ammo kelinim bilan onda-sonda ko`rishib turishadi. Uyga olib kelib yasha yoki boshqa uy qilib oilangizni tiklanglar, bunaqa qilib yurishingiz yaxshi emas, desam bolam ko`nmayapti. Turib-turib «Xotinim uy zindon, ko`cha xandon» ayol chiqdi, boshqasiga uylanaman deydi-yu, tuzukkina qizlarni ko`rsatsam, ko`nglimga o`tirmayapti, deb ishni paysalga soladi. Nima qilishga boshim qotgan. Kelin bo`lsa, onasinikida yallo qilib yashayapti, zarurat tug`ilsa, qo`ng`iroq qilib o`g`limni chaqitiradi, boshqa paytda o`ziga xon — ko`lankasi maydon. Ularning bunday engiltabiatliklarini ko`rib boshim qotib qoldi. Axir bu turishda bolamning umri o`tib ketatayapti...

Jamila, 56 yosh, Xorazm viloyati

Qaynonajon: — O`g`lingizning kelin bilan ajrashganiga olti yil bo`libdi-yu, «Haliyam bolam bo`ydoq» deb yuribsizmi, singiljonim. Erkak kishi-da, yana ko`z ochib ko`rganini, ko`ngil berganini qo`msayveradi. Maslahatimiz, orada shiringina bola bor ekan, o`g`lingizni kelin bilan yarashtirib qo`ysangiz, yaxshi bo`lardi. Har ikkalasini yoningizga olib maslahat soling. Nevarangiz tirik etim bo`lmasin, gunohga qolib yurmang. Dilbandingiz boshqaga uylanishga rozi bo`lmasligidan niyatini tushunib eting-da, azizam. O`zingizni qiynab, boshqa kelin olishim kerak, deb eshikma-eshik ovorayu sarson bo`lishga xojat yo`q. Bilamizki, ayol istasa, farzandini yo`lga solishga qodir. Faqat chin dildan istashi kerak buni.

Ruhshunos: — O`g`lingiz bilan keliningiz turlicha hayot kechirishgani sabab o`zaro kelishib ketisholmaganga o`xshaydi. Ayol kishi uyim-joyim demasa, oila mustahkamligini birinchi o`ringa qo`ymasa, qiyin ekan. Biroq ko`ngil degan narsa ham borki, u aqlga bo`ysunmaydi. Keling, yoshlarni bir chekkaga qo`yib, o`zingiz haqingizda gaplashsak. Keliningizdagi yuqorida o`zingiz sanab o`tgan jihatlar nimaga sizni asabiylashtirayapti? To`g`rirog`i, nimaga hanuzgacha o`tib ketgan voqealar sabab asabiylashayapsiz? Qachonki asabiylikdan, toqatsizlikdan xalos bo`lib, sobiq keliningizni xayolan qo`yib yuborsangiz, xotirjam tortasiz. Odatda boshqalardagi biz toqat qila olmaydigan jihatlar yana va yana ko`zimizga tashlanaveradi. O`g`lingizga kelsak, u endi yosh bola emas. Boshiga yoqqan qorni o`zi kurashiga izn bering. To`g`ri, uylanishi kerak, lekin tergashlaringiz, qistovga olishlaringiz foyda bermayaptimi, o`zi bir qarorga kelishiga imkon tug`dirgan afzal, menimcha.

Saodat yozib oldi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1