1

Fol ochmang, onajon!

Hidoyat sari 27.04.2018, 17:36
Fol ochmang, onajon!

Musulmon bo`lib tug`ilishning o`zi kifoya emas.

Bolaligimda yoshimga nisbatan ziyrakroq edim. Atrofdagi jamiki voqea-hodisalarga o`z fikrimni bildirishga, mabodo tushunishi og`ir savol tug`ilsa, boshqalardan so`rab javob topishga urinardim.

Siz, azizlarga bu voqeani so`zlab berishni lozim topganim, oramizda folga suyanib qolganlar borligi sababdir. Bu xurofotning qanchalik yomonligini ba`zilar hali ham anglayotgani yo`q. Bolasi yo`talib qolsa, qiziga sovchi kelmay qolsa, hattoki ishida muammo chiqib qolsa ham folbinga qarab chopadi. Aslida buning oqibati qanchalik yomon ish ekani, do`zaxga etaklashi muqarrarligini tan olgisi kelmaydi. Holbuki, Alloh taolo Qur`oni karimda bandalarni: “Fol cho`plardan qismatingizni istashingiz (harom qilindi). Bu ishingiz fosiqlikdir (Moida surasi, 3-oyat), deya ogohlantirib qo`yibdi.

Kunim uyda quyidagicha o`tardi: erta azon turib hovlilarni supurib bomdod namozini o`qirdim. Uyimizdan saharlab odamlarning keti uzilmasdi. Ular “kitob ochirishga”, ya`ni fol ochdirishga kelishardi. Men esa o`z navbatini kutib turganlarga choy quyib turardim. Onajonim uvada bir kitobni qo`liga olib “fol” ochardi. Kelganlarning taxminan 40 foizi kasalmand, 30 foizi moli, qo`yi, mashinasi (barcha turdagi ulovlar) yoki qimmatbaho narsalarini yo`qotganlar, 10 foizi baxtini izlaganlar, 20 foizi ishi yurishmagan odamlar edi. Men bu narsaga rosa qiziqib qoldim. Bir kun savol tug`ildi: “O`sha kitobchada nahotki, hammaning taqdiri yozilgan?” deb onamning xonasiga kirib o`sha eski kitobchani varaqladim.

Men arab alifbosida o`qishni bilardim. Chunki 6 yoshimdan boshlab bir ilmli ayoldan ilm ola boshlaganman. O`sha kezlar Qur`oni karim suralarini yodlayotgan edim. Ne ko`z bilan ko`rayki, insonlar taqdirini aytib berayotgan kitob ichida Qur`on oyatlari yozilgan edi.

Ko`pchilik insonlar “hojatini” chiqarayotgan onamning odatini negadir yaxshi emas deb o`ylay boshladim. Ustozim menga bu haqda hech narsa gapirmasa-da, u kishining xatti-harakatlaridan negadir onamning “kasbi-kori”ga nisbatan zidlikni yuragim seza boshladi. Shu ondan boshlab menda yana savol tug`ildi: onam odamlarning hojatini chiqarmoqda, yo`qolgan narsalarini topib bersa; o`lim to`shagida yotgan kasallar bir “qora xalas”idan shifo topib ketayotgan bo`lsa, buning nimasi yomon? Ammo bu savollarimga hech kimdan javob topolmadim. Bir kuni ilmli bir insondan so`radim: “Iltimos, mening savolimga shunday javob beringki, qalbim taskin topsin. Onamning bu “yaxshiligi, hojat chiqarishi” qandaydir g`ayri bir amal bo`lib sezilmoqda menga”, dedim. U inson: “Men sizga birgina javob aytishim mumkin. Bu amaldan qaytarilganmiz”, dedi.

Yoshlik qildimmi, yo ilmim kamligidanmi javobdan ko`nglim to`lmadi. Yillar o`tdi... javob yo`q.

Bir kun hayotimda shunday voqea sodir bo`ldiki, u kunni hech qachon yodimdan chiqarmasam kerak. Alloh qalbimga eng to`g`ri javobni solib qo`ydi. Shu kundan onajonimni bu yo`ldan qaytarishga kirishdim. Poytaxtda o`qiganim sababli uyda kam bo`lardim. Onajonim: “Bo`ldi, boshqa fol ochmayman”, derdilar-u, ammo hech odatlarini tashlamasdilar. Oqibati yaxshi emasligi, Alloh taolo taqiqlagan xurofot amal ekanini tushuntirsam-da, foyda bo`lmadi. Keyin boshqacha yo`l tuta boshladim. Uyga kelganlar bilan astoydil suhbatlashdim. “Nimaga keldingiz, bu ishlarda xayr yo`q, najot faqat Allohdan, iltimos, boshqa fol ochirmang, onam bu ishlarning gunohligini angladilar, fol ochgan ham, folbinga borgan ham bir xil gunohkordir”, derdim ularga. So`zlarimni tinglaganlarning ko`pchiligi to`g`ri anglasa-da, ba`zilari “mayli, boshqa folbinga borarman”, deb xafa bo`lib qaytib ketardi. Tuqqan onamning amalini gunoh deyishim esa ba`zilarni ajablantirar edi.

Xullas, onamni qo`limdan kelgancha qaytarishga harakat qildim. Uydagi xurofot amallarni bajarishga kerak bo`ladigan aslahalari: childirmasi va “chiltan toshi” bor edi. Men chiltan toshini hovliga uloqtirdim. Atrofdagi yaqinlarim “bekor qilding, endi chiltanlar og`zingni, yoki yuzingni qiyshaytirib ketadi, darhol joyiga qo`y”, deyishdi. Men esa: “Yo`q, bunday behuda gaplardan qo`rqmayman, ularni ham men sig`ingan Alloh yaratgan. Allohdan boshqa iloh yo`q, Uning qudrati cheksizdir”, dedim o`shanda.

Kunlar o`tdi, yaqinlarim xavotirda: endi nimadir sodir bo`ladi, degan vahimada edilar. Hech narsa qilmadi, onam esa yana boshqa tosh olib o`z marosimlarini o`tkazib yuraverdi. Ammo hech qachon onamga qo`pol muomalada bo`lmaganman. Tabiatan ko`ngilchan, qo`lidagi nonini ham birovga berib yuboradigan o`ta saxiy onamni qutqarish uchun duodan boshqa choram qolmagan edi.

“Allohim, onamga hidoyatingni ketmas qilib ber, meni yoshligimda qanday mehribonchilik qilib o`stirgan bo`lsa, Sen ham unga mehribonlik qil. Senga va ota-onamga shukr qilaman”.

Bir kuni namozni tugatib, joynamoz ustida tasbeh o`girib o`tirsam, o`ngimda bo`ldimi, ro`yoda ko`rdimmi, anglay olmay qoldim – sajdagohim ustida onamning shiddatli olov ichida gurillab yonayotganini ko`rdim. G`ayritabiiy tezlikda oldinga intilib, onajonimni olovdan chiqarib olaman deya qo`llarimni cho`zdim. Ammo qo`lim etmadi. Seskanib ketdim. hushim o`zimga qaytdi chog`i, qarasam, ko`z yoshlarim joynamozni ho`l qilib yuboribdi.

Mubina IXLOSOVA

http://muslim.uz saytidan olindi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1