Prezident Islom Karimov O`zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish to`g`risida qaror qabul qildi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Shu kunlarda xalqimiz Vatanimizning shonli tarixidagi buyuk va o`chmas sanani – O`zbekiston mustaqilligining 23 yilligini keng nishonlash uchun katta tayyorgarlik ko`rmoqda. Ana shu ulug` ayyomni munosib kutib olish va o`tkazish maqsadida bugungi kunda olib borayotgan ma`naviy-ma`rifiy faoliyatimizning asosiy ma`no-mazmunini avvalo biz tanlagan taraqqiyot yo`lining har tomonlama to`g`ri va hayotiy yo`l ekanini, yangi demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurish borasida biz erishgan yutuq va marralarning mohiyati va ahamiyatini yurtimiz aholisi va jahon jamoatchiligiga etkazish, ularning qadr-qimmatini chuqur anglash tashkil etishi darkor.
Shular qatorida O`zbekistonimiz barqaror sur`atlar bilan o`sib borayotgani, qo`lga kiritgan ulkan natijalarimizni butun dunyo tan olayotgani, mamlakatimizning xalqaro maydonda obro`-e`tibori ortib, o`ziga munosib o`rin egallab olayotganini keng yoritish, bu yutuqlarning asosiy omili va mezonini birinchi navbatda xalqimizning dunyoqarashi, odamlarimizning siyosiy ongi va tafakkuri o`zgarib, fuqarolik faolligi tobora kuchayib borayotganida ko`rish, ushbu ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni har tomonlama asoslab berish va bir-biri bilan uzviy bog`liq holda tahlil qilish o`ta muhim ahamiyatga ega ekanini ta`kidlash zarur.
Shu munosabat bilan:
1. O`zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha Respublika komissiyasining tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Respublika komissiyasi bir hafta muddatda “Yagonasan, muqaddas Vatanim, sevgi va sadoqatim senga baxshida, go`zal O`zbekistonim!” degan ezgu g`oyani o`zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma`naviy hamda targ`ibot-tashviqot ishlari dasturini ishlab chiqsin.
2. Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklariga, Xotin-qizlar qo`mitasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Nuroniy” va “Mahalla” jamg`armalariga Mustaqillik bayramining yigirma uch yilligini yuksak saviyada nishonlash uchun joylarda hududiy komissiyalar tuzish, Respublika dasturidan o`rin oladigan tadbirlar rejasini ishlab chiqish topshirilsin.
3. Mazkur dasturni tuzishda quyidagi ustuvor yo`nalishlarga alohida e`tibor qaratilsin:
tarixan qisqa davrda biz qanday ulkan rivojlanish yo`lini bosib o`tganimizni baholashda “Kim edigu kim bo`ldik?” degan hayotiy haqiqatni asosiy va bosh g`oya sifatida belgilash;
mamlakatimizning o`tgan asr oxirida keskin ijtimoiy muammolar girdobiga tushib qolgan, aholining hayot darajasi bo`yicha sobiq SSSRda eng oxirgi o`rinlardan birini egallagan, paxta yakkahokimligi halokatli tus olgan, iqtisodiyoti biryoqlama rivojlangan, qoloq agrar respublikadan bugungi kunda sanoati tez sur`atlar bilan o`sib, iqtisodiy qudrati va salohiyati yuksalib borayotgan zamonaviy davlatga aylanganini ochib berish. Buning tasdig`ini mustaqillik yillarida O`zbekiston iqtisodiyoti 4,1 barobar, aholining yalpi real daromadlari jon boshiga 8,2 karra oshgani, keyingi 9 yil davomida mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotning o`sish sur`ati 8 foizdan kam bo`lmasdan kelayotgani va boshqa shu kabi raqam va ko`rsatkichlar misolida qiyosiy tahlillar orqali ko`rsatish;
yurtimiz, shahar va qishloqlarimiz qiyofasi yildan-yilga ochilib, tobora obod va go`zal bo`lib borayotgani, jumladan, aholimizning asosiy qismi yashaydigan qishloq joylarda munosib turmush sharoitini yaratish, namunaviy loyihalar asosida uy-joylar va infratuzilma tarmoqlarini barpo etish bo`yicha amalga oshirilayotgan dasturlarning ijtimoiy ahamiyatini yoritish;
hech shubhasiz, vaqt o`tishi bilan tobora yorqin namoyon bo`layotgan, biz birinchilar qatorida amalga oshirgan va davom ettirayotgan, dunyoda katta qiziqish uyg`otayotgan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va Maktab ta`limini rivojlantirish umummilliy dasturi, bir so`z bilan aytganda, ta`lim-tarbiya sohasiga eng ustuvor ahamiyat berganimiz mamlakatimizning katta sur`atlar bilan barqaror rivoj topishida va yurtimizning dadil qadamlar bilan ilgarilab borishida mustahkam fundament yaratib berganiga alohida e`tibor qaratish;
biz uchun o`ta muhim bo`lgan sog`liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va san`at, sport sohalarida qo`lga kiritgan yutuq va marralarimizning hayotiy omillarini ochib berish;
mustaqillikning birinchi yillaridan boshlab xotin-qizlarga doimiy e`tibor va g`amxo`rlik ko`rsatish, ularning huquq va manfaatlarini ta`minlash, oila va jamiyat hayotidagi nufuzini oshirish, qobiliyat va iste`dodini ro`yobga chiqarish, onalik va bolalikni himoya qilish, ayniqsa, qiz bolalarni zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallab, hayotda munosib o`rin olishi uchun amalga oshirayotgan keng ko`lamli ishlarimizni hayotiy va ta`sirchan misollarda ifoda etish;
bugun biz boshimizdan kechirayotgan o`ta tahlikali va qaltis zamonda, yon-atrofimizda turli xavf-xatarlar kuchayib borayotgan bir sharoitda eng katta va bebaho boyligimiz bo`lgan tinchlik-osoyishtalikni ko`z qorachig`idek saqlash, millatlar va fuqarolar o`rtasidagi do`stlik va hamjihatlik, o`zaro hurmat va mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash, doimo hushyor va ogoh bo`lib, tinchlik uchun kurashib yashash hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini chuqur aks ettirish;
O`zbekistonning xalqaro maydonda olib borayotgan, yaqin va uzoq qo`shnilarimiz bilan do`stona aloqalar, o`zaro hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan tashqi siyosatini, dunyoning turli mintaqalarida yuz berayotgan qarama-qarshilik va to`qnashuvlarni faqatgina siyosiy muzokaralar, tinchlik yo`li bilan hal etish bo`yicha yondashuv va qarashlarining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka etkazish;
yuqorida bayon etilgan beqiyos natijalar, Vatanimizning izchil va barqaror taraqqiyoti negizida turgan asosiy omil va mezonlarni ochib berish amalga oshiriladigan barcha axborot-informasion ishlarimizda, ma`naviy-ma`rifiy uchrashuv va muloqotlarda, jonli suhbatlarda katta o`rin tutishi lozim. Ushbu qarorning kirish qismida qayd etilgan fikr va g`oyalarni chuqur ma`noli, shu bilan birga, sodda tilda yoritish, odamlarning qalbi va ongiga singdirish bu borada alohida ahamiyat kasb etishi tabiiydir.
Muxtasar aytganda, biz mustaqillik yillarida qanday og`ir va mashaqqatli sinovlardan o`tib, misli ko`rilmagan yutuqlarga erishgan bo`lsak, ularning barchasi zamirida faqatgina xalqimizning fidoyi mehnati, chidamliligi, olijanobligi va bag`rikengligi, matonati va jasorati, ertangi kunga mustahkam ishonchi mujassam ekanini teran aks ettirish zarur.
4. Respublika Ma`naviyat va ma`rifat kengashi tomonidan Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida Mustaqillik bayramiga bag`ishlab aholining keng qatlamlari o`rtasida ma`rifiy uchrashuvlar, jonli muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, madaniy tadbirlar o`tkazish maqsadida taniqli olimlar, adiblar va san`atkorlardan iborat ma`naviy-ma`rifiy targ`ibot guruhlari tashkil etilsin hamda ularning aniq reja asosida faoliyat olib borishi ta`minlansin.
5. Respublika komissiyasi o`z yig`ilishlarida belgilangan chora-tadbirlar markazda va joylarda qanday amalga oshirilayotgani yuzasidan har bir hudud, vazirlik va idora rahbarlari hisobotini muntazam ravishda eshitib borsin.
6. Toshkent shahrida, Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlarda o`tkaziladigan bayram dasturlarini tayyorlashga ommaviy tomoshalar bo`yicha yuksak mahorat va tajribaga ega bo`lgan mutaxassislar – ssenarist va rejissyorlar, yozuvchi va shoirlar, kompozitor va baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste`dodli yosh san`atkorlar vakillaridan iborat ijodiy guruhlar keng jalb etilsin.
7. Madaniyat va sport ishlari vazirligi “O`zbeknavo” estrada birlashmasi Yozuvchilar va Bastakorlar uyushmalari bilan birgalikda yurtimiz istiqlolini tarannum etishga qaratilgan eng yaxshi qo`shiqlar, musiqa asarlari uchun “Yagonasan, muqaddas Vatan!” an`anaviy respublika tanlovining yakuniy bosqichini o`tkazsin. Tanlov g`oliblari va sovrindorlari Mustaqillik bayrami arafasida e`lon qilinsin.
8. O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Badiiy akademiya, “Tasviriy oyina” uyushmasi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan birgalikda avgust oyining oxirida “Eng ulug`, eng aziz”, “Vatan uchun yashaylik”, “Seni kuylaymiz, zamondosh”, “Ranglar jilosida – ona diyor” kabi ko`rik-tanlovlarni yuqori darajada o`tkazishni ta`minlasin.
9. Belgilab qo`yilsinki, o`tkaziladigan bayram tadbirlari:
Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlarda mahalliy byudjetlar hamda xayriya mablag`lari hisobidan;
Toshkent shahrida respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag`lari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi.
10. O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O`zbekiston Milliy axborot agentligi, “Jahon” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga mustaqillikning yigirma uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini ta`minlash O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.Mirziyoev zimmasiga yuklansin.
O`zbekiston Respublikasi
Prezidenti I.Karimov
Toshkent shahri,
2014 yil 1 iyul





