Xabar berib o`tganimizdek, Osiyo Olimpiya Kengashi va Milliy olimpiya qo`mitalari xalqaro assosiasiyasi prezidenti Shayh Ahmad Al-Fahad Al-Sabax bugun poytaxtimizga etib keldi.
Martabali mehmon bugun O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasiga ham tashrif buyurdi, bu qo`mita matbuot xizmati xabar berdi.
Al-Sabaxni MOQ Prezidenti Umid Ahmadjonov hamda Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakrom Isroilovlar kutib oldi. So`ngra tomonlar ishtirokida rasmiy uchrashuv bo`lib o`tdi. Uchrashuv davomida mutasaddilar hamkorlik rishtalarini mustahkamlash, o`zaro munosabatlarni yanada rivojlantirish, aloqalarini kengaytirish kabi masalalarga to`xtalib o`tishdi.
O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi rahbari esa o`zbek sportida ro`y berayotgan islohotlar, shuningdek, O`zbekiston futbol assosiasiyasidagi yangiliklar hususida ham gapirib berdi. Bu borada Ispaniya futbol federasiyasi bilan memorandum imzolanganligi, Toshkentda «Real» akademiyasi filiali ochilayotganligi haqida ma`lumot berdi. Shu bilan birgalikda, o`zbek sportida hali ko`plab yangiliklar, islohotlar qilinishini aytib o`tdi.
Suhbat davomida Al-Sabax Umid Ahmadjonovni 13-15 may kunlari Shveysariyaning Lozanna shahriga taklif etdi.
Uchrashuv yakunida Umid Ahmadjonov martabali mehmonlarga O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi nomidan esdalik sovg`alarini topshirdi.
Tashrif yakunida Al-Sabax ommaviy axborot vositalari uchun intervyu berdi.
Shayh Ahmad Al Sabax ertaga, 29 aprel kuni Toshkentdan Eron poytaxti Tehron shahriga jo`nab ketadi.

















