«Evrosement grup» xoldingi O`zbekistonda yiliga 2,4 million tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega bo`lgan yangi zavod quradi, deya xabar beradi Gazeta.uz.
«Evrosement grup» xoldingi «Ohangaronsement» korxonasi bazasida «quruq» yo`li bilan sement ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi zavod uchun uskunalarni etkazib berish, loyihalash, montaj qilish va xodimlarni o`qitish uchun Xitoyning China CAMC Engineering kompaniyasi bilan qiymati 128 million dollarga teng bo`lgan shartnoma imzoladi.
Yangi texnologik platformaga o`tish jarayonida «Ohangaronsement»dagi amalda ishlab turgan liniyalar to`xtab qolmaydi. Qayd etishlaricha, yangi zavod O`zbekistondagi uy-joy va infratuzilmalarni qurish bo`yicha muhim davlat loyihalarini yuqori sifatli sement mahsuloti bilan ta`minlaydi.
Yangi zavod 2016 yilga ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda. So`nggi zamonaviy texnologiyalarning jalb etilishi munosabati bilan zavoddagi ishlab chiqarish samaradorligi ikki barobar, mehnat unumdorligi uch yarim barobar o`sishi, atrof-muhitga salbiy ta`sirlar sezilarli kamayishi kutilmoqda.
Toshkent viloyatidagi «Ohangaronsement» zavodi 1961 yilda tashkil etilgan bo`lib, kattaligi bo`yicha mamlakatning ikkinchi sement ishlab chiqaruvchi korxonasi hisoblanadi. Zavodning «ho`l» yo`l bilan sement ishlab chiqarish quvvati yiliga 1,8 million tonnani tashkil etadi. 2013 yilda zavod ishlab chiqarish hajmini 6 foizga oshirib, 1,62 million tonna sement ishlab chiqargan.
O`zbekistonda hozirgi vaqtda umumiy yillik ishlab chiqarish quvvati 9 million tonnaga yaqin bo`lgan ettita sement zavodi ishlab turibdi. Rasmiy statistik ma`lumotlarga ko`ra, 2013 yilda O`zbekistonda sement ishlab chiqarish 2012 yilga nisbatan 3,1 foizga o`sib, 6,99 million tonnani tashkil etgan.





