AsosiyJamiyat

Baxshi va dostonchilar uchun muhim yangilik

'Baxshi va dostonchilar uchun muhim yangilik'ning rasmi

Baxshichilik va dostonchilik san`atini mamlakatimizda va xorijda keng targ`ib etish, ustoz baxshilar, dostonchilar, soha olimlari, iqtidorli yosh baxshilarni moddiy va ma`naviy qo`llab-quvvatlash maqsadida 2018 yil 26 aprelda Vazirlar Mahkamasining “Baxshichilik va dostonchilik san`atini yanada rivojlantirish hamda takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori e`lon qilindi.

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan “Baxshichilik va dostonchilik san`atini yanada rivojlantirish hamda takomillashtirish bo`yicha 2018–2022 yillarga mo`ljallangan “Yo`l xaritasi” tasdiqlandi.

Unga ko`ra, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar kengashi hamda Samarqand, Surxondaryo, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklariga “Yo`l xaritasi”ni amalga oshirish yuzasidan alohida vazifalar yuklatildi. Xususan, “Yo`l xaritasi”ni amalga oshirish bo`yicha bir hafta muddatda ishchi guruhlari tuziladi. Shuningdek, “Yo`l xaritasi” asosida ikki hafta muddatda tarmoq dasturlarini ishlab chiqish, tasdiqlash belgilangan.

2018/2019 o`quv yilidan boshlab mazkur viloyatlardagi ayrim musiqa va san`at maktablari qoshida baxshichilik va dostonchilik yo`nalishi bo`yicha ochiladigan sinflar uchun yangi o`quv dasturlari va uslubiy qo`llanmalar chop etiladi.

Tarmoq dasturlarini amalga oshirish uchun zarur mablag`lar mahalliy byudjet mablag`lari hamda homiylarning xayriyalarini jalb qilish yo`li bilan ta`minlanadi.

O`zbek baxshilik san`atini yanada rivojlantirish va targ`ib etishga hissa qo`shgan ustoz baxshilar va dostonchilar, xalqaro va respublika miqyosidagi nufuzli tanlovlarda yuqori o`rinlarni egallagan yosh baxshilar va doston ijrochilariga hududlarda qurilayotgan ko`p qavatli uylardan uzoq muddatli imtiyozli ipoteka krediti asosida xonadonlar ajratiladi.

Yuqorida ta`kidlangan “Yo`l xaritasi”da bir qator muhim vazifalar ko`zda tutilgan. Xususan, Mustaqillik bayramining 27 yilligi arafasida respublikada faoliyat yuritayotgan baxshilar ijodini tarannum etadigan “Mustaqillik baxshilari” kitob-albomi chop etiladi hamda joriy yilda o`zbek baxshichilik san`atining taniqli namoyandalari ijodiy faoliyatiga bag`ishlangan hujjatli film yaratiladi.

Chekka, olis hududlardagi baxshi-shoir, oqin, jirovlardan doston, terma, aytimlarni zamonaviy raqamli audio va video uskunalar yordamida yozib olish yo`lga qo`yiladi.

Baxshichilik san`ati durdonasi hisoblangan xalq dostonlari haqida teleko`rsatuv va radioeshittirishlar muntazam ravishda efirga uzatib boriladi.

Sayyohlar ko`p tashrif buyuradigan hududlarda, jumladan, Qoraqalpog`iston Respublikasi, Buxoro, Samarqand, Surxondaryo, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlaridagi tarixiy maskanlarda do`mbira, chanqovuz, sibizg`a, bo`lamon, sopol nay, qo`biz, qo`shnay kabi o`zbek milliy qadim cholg`u asboblari va baxshichilik san`atiga oid adabiyotlar ko`rgazmalari, doston va terma san`atini targ`ib etishga qaratilgan ko`ngilochar tadbirlar uyushtiriladi.

Mahallalarda, istirohat bog`larida, ta`lim maskanlarida, san`at saroylarida “Doston” kechalari, taniqli baxshi-shoirlar bilan ijodiy uchrashuvlar o`tkaziladi.

O`zbek baxshichilik san`ati rivojiga katta hissa qo`shgan atoqli baxshi-shoirlarning xotira kechalari tashkil etiladi.

Xalq og`zaki ijodiyoti yodgorliklarini to`plash va nashr etish, baxshichilik san`ati, dostonlar, xalq termalari yuzasidan ilmiy tadqiqotlar olib borish keng yo`lga qo`yiladi.

Xalq baxshilari faoliyati yoritilgan portretlar tayyorlanib, joylardagi 312 ta bolalar musiqa va san`at maktablariga etkaziladi.

Shuningdek, “Yo`l xaritasi”da xalqaro ko`rik-tanlov va festivallar, davlat tadbirlari hamda xorijda o`tkaziladigan O`zbekiston madaniyat kunlarida baxshi-shoirlarning ishtirokini ta`minlash kabi bir qator muhim tadbirlar ko`zda tutilgan.

Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori hamda “Yo`l xaritasi” bilan Qonun hujjatlari ma`lumotlari milliy bazasi orqali to`liq tanishishingiz mumkin.

    Boshqa yangiliklar