AsosiyShou-biznes

Shou-biznesdagi yana bir o`g`rilik...

Bundan bir necha yillar avval turk, eron qo`shiqlarini o`g`irlab, yangi qo`shiq “yozish” urf bo`lgandi. Bugunga kelib esa ba`zi o`zbek xonandalari bir-birlarini “tunash” bilan band. Tahririyatimizga ayni shu masala yuzasidan tashrif buyurgan xonanda Sherbek ShODIEV voqeasi so`zimiz isboti bo`la oladi...

“O`g`irlaganidan xursand bo`lishim kerak ekan”

Sherbek Shodiev, xonanda: — Uch hafta ilgari do`stim, xonanda Sardor Mamadaliev qo`ng`iroq qilib, “Sherbek, “Uyqudagi go`zal” qo`shig`ingni bir yosh xonanda kuylab chiqibdi. Musiqiy kanalda klipi bilan “aylantiryapti”, chora ko`rmaysanmi?” deb qoldi. Rosti, do`stim yanglishayotgandir, deb o`yladim. Balki Bobur Bobomurodning “Uyqudagi go`zal” she`riga kimdir yangi musiqa bastalab kuylab chiqqan, degan xayolga ham bordim. Musiqiy kanalni yoqishimni bilaman, o`z qo`shig`imni nuqta-verguligacha ko`chirilgan variantini klipi bilan tomosha qildim. Hatto she`rdan tashqari o`zim qo`shgan naqoratni ham shundayligicha ko`chirib kuylagan! Ertasi kuni “Uyqudagi go`zal”ning yangi “muallifi” xonanda Mirkamol Mahmudovning telefon raqamini topdim. Qo`ng`iroq qilib, salom-alikdan keyin maqsadga ko`chdim. Meni rosa qidirib, topolmaganini aytdi. Yaxshi bahona! “Efirdan olib tashla!”, desam “Klipni bir oy “aylantirish” uchun pul to`lab qo`yganman. Yana uchta efir vaqti qolgan. Keyin mayli “aylantirmayman”, deydi. Kamiga “Bir gap aytsam, xafa bo`lmaysizmi?” deydi. Xo`sh, desam, “o`rningizda bo`lganimda “yosh xonanda qo`shig`imni kuylab chiqibdi”, deb xursand bo`lardim”, deydi. Albatta xursand bo`lardim, agar bir og`iz ruxsat so`raganida. Axir shahar bedarvoza emas-ku!  

Xolislik chegarasini buzmaslik maqsadida, yosh xonanda Mirkamol Mahmudov bilan bog`landik...

“Mualliflik huquqini buzayotganimni bilmadim”

— Nega aynan Sherbek Shodievning qo`shig`ini “o`g`irlab” kuyladingiz?

Mirkamol Mahmudov: — Sherbek akaning ijrosi yoqib qolgani uchun qayta kuylagim keldi. Uch oy oldin Bobur Bobomuroddan she`rini qo`shiq qilayotganimni aytib, ruxsat so`raganman. U kishi “milliy yo`nalishda kuylasangiz, omad!” degan. Sherbek aka boshlovchilik qiladigan “Toshkent” teleradiokanali va Bobur akadan ham raqamini so`radim. Lekin u kishini hech kim orqali topolmadim, aybim shu. So`ng nima bo`lsa, bo`lar deb qo`shiqni chiqaraverdim. Efir vaqti tugasa, u klipni boshqa ko`rmaydi. Lekin qo`shiqning musiqa g`oyasi o`zimniki.

— Aniqmi?

— Sal sho`xroq qilganman, shu sabab musiqa meniki.

— “Uyqudagi go`zal”ning so`zlarini Sherbekning qo`shig`idan shundayligicha ko`chirdingizmi yo kitobdan oldingizmi?

— Kuylanish uslubi yoqqani uchun qo`shiqdan oldim.

— Bu bilan mualliflik huquqini buzayotganingizni bilganmisiz?

— To`g`risi, bilganimda u qo`shiqni kuylamagan bo`lardim.

— San`atga qadam qo`yganingizga qancha vaqt bo`ldi?

— Ijodni shu yildan boshladim.

— Nechta qo`shig`ingiz bor? 

— To`rtta.

— Qolgan uchtasi ham o`g`irlanganmi?

— (Asabiylashib) Nega endi? O`g`irlanmagan! Doniyor Mirzo bilan hamkorlikda ishlaganman.

— Ilk qo`shig`ingizning nomi nima?

— Bilmayman.

“Qo`shiqni kuylashiga ruxsat berolmayman”

Bobur Bobomurod, shoir: — U yigit she`rni qo`shiq qilish uchun ruxsat so`ragan, Sherbekning qo`shig`ini ko`chirib olishga emas. Xonandaning mualliflik huquqiga aralashishga haqqim yo`q! 

Fakt:

“Uyqudagi go`zal” shoir Bobur Bobomurodning she`ri.

2009 yil Sherbek Shodiev mazkur she`rga musiqa bastalagan. “Uyqudagi go`zal” qo`shig`ini ilk bor 2010 yil “Yoshlar” telekanalining “Yangi yil bazmi”da va keyin 2011 yil “Muqaddassan ayol” gala konsertida kuylagan.

“— Xonanda ukalarimizning qo`shig`imni kuylashiga qarshi emasman. Faqat odob nuqtai-nazaridan bir og`iz ruxsat so`rashsin! Masalan, farg`onalik xonanda “Daryoman-e”, samarqandlik xonanda esa “Qani endi” qo`shig`imni kuylab, unga klip olish niyati borligini aytishganida bajonidil rozi bo`lganman”.  

Xulosa o`rnida, san`at olami ostonasiga qo`yilgan ilk qadamni o`g`irlikdan boshlash bu — shu soha va qanchadan qancha ustoz san`atkorlarga behurmatlik emasmi? O`g`irlik bilan ommani emas, avvalo o`zini aldayotgan bu yosh xonanda bugun “tayyorga ayyor” qabilida ish tutsa, ertaga san`atda o`z o`rnini topa olarmikan?..

Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi

    Boshqa yangiliklar