O`zbekistonlik mashhur rassom Viktor Ufimsevning oltita san`at asari turli auksion uylarida sotuvga qo`yildi.
Bir qarashda juda yoqimli, ammo bu holatning boshqa bir tomoni bor – so`nggi onlargacha hamma ushbu polotnolarning asl nusxasi O`zbekiston Davlat san`at muzeyida saqlanayotganiga ishonchi komil edi. Endi esa ular aslida o`g`irlanganligi ma`lum bo`ldi.
Hozirda bu voqea yuzasidan tergov ishlari ketmoqda. Qirq ikki nafar ekspertdan tashkil topgan ishchi guruh barcha muzeylarda eksponatlar inventarizasiyasi o`tkazmoqda. Kuni kecha ijodiy grafika bo`limining inventarizasiya ishlari nihoyasiga etdi. Uning yakunlariga ko`ra, Ufimsevning muzeyda saqlanayotgan oltita asari ko`chirma nusxa ekanligi ma`lum bo`ldi.
Ushbu ishlarni aniqlashga bo`lgan ehtiyoj Viktor Ufimsevning “Sirk”, “Yo`lda” (“V puti, “Natyurmort” asarlari bir nechta auksion uylarida savdoga qo`yilganidan keyin tug`ildi.
Ma`lum bo`lishicha, ular sotish uchun xususiy kolleksionerlarga yuborilgan. Natijada “Sirk” turkumidagi polotnoga “SOVKOM” auksion uyi 1200 AQSh dollar boshlang`ich narx belgilagan. “BonArt” auksion uyi “Shudgor” ( "Pashnya" ) asarini 14 000 – 16 000 AQSh dollar boshlang`ich narx bilan sotuvga qo`ygan. “Vetnam natyurmorti” ( "Vetnamskiy natyurmort" ) asari “SOVKOM” auksion uyi tomonidan 20 000 AQSh dollardan kam bo`lmagan boshlang`ich narx bilan savdoga qo`yilishi taklif etilgan. Eng katta boshlang`ich narx, ya`ni 30 000 dollar “SOVKOM” auksion uyi tomonidan bo`lgan “Oshxona intereri” ( "Interer stolovoy" ) asariga qo`yilgan. Vatanimiz muzeyiga tegishli bo`lgan ba`zi asarlar savdoga qo`yilmagan bo`lsa-da, ko`rgazmalarda ishtirok etgan. “Tog`lar” ( " Gor " ) “Art-Soyuz” galereyasi ekspozisiyasida, “Guldasta” ( " Buket " ) – “Art Panorama”da, “Yo`lda tug`ilgan” ( "Rojdenny v puti" ) Tretyakov galereyasi ko`rgazmasida ishtirok etayotir.
- Ufimsevning asarlari auksionga qo`yilganligini ko`rganimizda juda hayratga tushdik, chunki ular muzeyimizda saqlanayotganiga ishonchimiz komil edi, – deydi O`zbekiston Davlat san`ati muzeyi direktori Vasila Solihovna Fayzieva. – Avvaliga kimdir bu asarlarning nusxasini sotyapti degan taxminga bordik. Ammo ishchi guruhning dastlabki xulosalaridan shu ma`lum bo`ldiki, ular muzeyda saqlangan asarlarning asl nusxasi bo`lib, kimdir ularni almashtirib, o`rniga muzeyimizga ko`chirma nusxalarni qo`ygan.
Ushbu polotnolarning asl nusxasi dastavval muzeyda saqlanganligi aniq. Rassom 1933 yildan O`zbekistonda yashagan va aynan shu erda o`zining asosiy asarlarini yaratgan. Ularning bir qismini rassomning o`zi shaxsan muzeyga sovg`a qilgan, ular mamlakatimiz mulki bo`lib, milliy rassomlik san`atining oltin fondiga kiritilgan. Viktor Ufimsevning uy muzeyida ham ko`plab asarlar mavjud. Endilikda ularning ko`p qismi savdoga qo`yilganligi ma`lum bo`ldi. Ufimsev uy muzeyidagi asarlar hali inventerizasiya qiliganicha yo`q.
Original asarlar qachon va qanday yo`l almashtirib qo`yilganligini aniqlash kerak bo`ladi. O`zbekiston Davlat san`at muzeyida inventarizasiya muntazam ravishda har besh yilda o`tkazilib turiladi. Biroq aniq muddat ishlatilgan material, bo`yoqlarga ham bog`liq bo`lib, har bir san`at predmeti uchun alohida belgilanadi. So`nggi bor Ufimsevning asarlarini 2009 yilda hisob-kitob qilishgan. O`shanda ularning mavjudligi va holati tekshirilgan. Ularning haqqoniyligini tekshirish masalasi qo`yilmagan.
Endi Davlat san`at muzeyida har bir eksponatni tahlil qilish ko`zda tutilmoqda. Hozirda Ufimsev polotnosi bilan bog`liq yuzaga kelgan mojaro sababli muzeyda juda katta inventarizasiya ishlari amalga oshirilmoqda. Bunaqasi so`nggi 96 yillik muzey tarixida hali bo`lmagan!
— Har bir eksponat, ya`ni 67 ming dona asar xaqqoniyligi birma-bir tekshiriladi, ularning bir qismi ekspozisiyadan o`rin olmagan, aksariyati muzey omborxonasida saqlanadi, — deydi Vasila Fayzieva. – Natijalar keyinroq ma`lum bo`ladi, ammo afsuski, Ufimsevning asarlari almashtirib qo`yilgan asarlarning birinchisi emas. Tekshiruv ishlari davomida aybdorlar aniqlanib, o`z jazosini olishlariga ishonamiz. Achinarlisi, asarlar endi Vatanimizdan tashqarida. Ular nomlari noma`lum bo`lgan xususiy kolleksionerlarga tegishli. Biz o`g`irlangan polotnolar muzeyga qaytarilishiga erishmoqchimiz. Hatto ularni qaytib sotib olish ehtimolini ham ko`rib chiqyapmiz.





