AsosiyDunyo

Germaniyada AQSh josusi qo`lga olindi

Germaniya tashqi ishlar vaziri Germaniya rezvedka xizmati xodimining hibsga olinishi haqidagi xabardan so`ng, mamlakatdagi AQSh elchisini uchrashuvga chaqirdi. 

31 yoshli germaniyalik AQSh foydasiga josuslik qilganlikda gumon qilinmoqda. “Interfaks” agentligining qayd etishicha, elchi vaziyatni muhokama qilish uchun chaqirilgan.

Germaniya prokuraturasining ma`lum qilishicha, Germaniya fuqarosi chet el razvedka xizmati uchun josuslik qilganlikda gumon qilinib hibsga olingan. Prokuratura gumondor shaxsning ismini va aynan qaysi mamlakat rezvedkasi uchun josuslik qilganini oshkor qilmadi.

Germaniya matbuoti esa Germaniya federal razvedka xizmati xodimi aynan AQSh foydasiga josuslik qilgani haqida xabar berishmoqda. Mahalliy OAV xabarlariga ko`ra, u Germaniya federal razvedka xizmati xodimi bo`lgan va 2012 yildan AQSh foydasiga josuslik qilgan.  Ayrim manbalarda yozilishicha,  josus 218 mingga yaqin maxfiy hujjatlarni o`g`irlab, ulardan bir qismini 25 ming evro evaziga sotib yuborgan. Shuningdek, ayblanuvchi Qo`shma Shtatlarga telefon suhbatlar kuzatuvi ishi bo`yicha tergov ma`lumotlarini etkazib turgan.

2013 yil oktyabrda AQSh maxsus xizmati sobiq xodimi Edvard Snouden taqdim etgan hujjatlar asosida AQSh maxsus xizmati Germaniya kansleri Angela Merkel qo`ng`iroqlarini kuzatganligi ma`lum bo`lgan edi. Ushbu voqeadan so`ng Barak Obama maxsus xizmatga yaqin mamlakatlar rahbarlari kuzatuvini taqiqlagan.  

    Boshqa yangiliklar