AsosiyJamiyat

O`zbekiston fuqaroligini olish tartibi haqida nimalarni bilasiz?

'O`zbekiston fuqaroligini olish tartibi haqida nimalarni bilasiz?'ning rasmi

Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslar o`z iltimosnomalariga ko`ra kelib chiqishidan, irqi va millatidan, jinsi, ma`lumoti, tilidan, dinga munosabatidan, siyosiy va boshqa e`tiqodlaridan qat`i nazar, O`zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilinishi mumkin, deb xabar bermoqda “Huquqiy axborot” kanali.

So`nggi 5 yil O`zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashayotgan xorijiy fuqaro yoki fuqaroligi bo`lmagan shaxs doimiy istiqomat joyidagi ichki ishlar organlari orqali prezident nomiga fuqarolikka qabul qilish to`g`risida ariza beradi. Arizada O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasini tan olishi, uning talablarini bajarishi to`g`risidagi va xorijiy fuqarolikdan voz kechganligi to`g`risidagi majburiyat ko`rsatiladi.

Fuqarolikni olish uchun qanday hujjatlar topshiriladi?

Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

- ikki nusxada ariza-so`rovnoma;
- xorijiy fuqarolikdan chiqqanlik to`g`risida guvohlik beruvchi hujjat (fuqaroligi bo`lmagan shaxslardan tashqari);
- 2 nusxada tarjimai hol;
- kun kechirishning qonuniy manbalari mavjudligini tasdiqlovchi hujjat (ish joyidan ma`lumotnoma yoki ish haqi, pensiya, nafaqa, dividendlar va kun kechirishning boshqa manbalari ko`rsatilgan boshqa hujjat);
- to`rtta fotosurat;
- 2 nusxada oilasining tarkibi to`g`risida ish joyidan ma`lumotnoma;
- davlat boji to`langanligi yoki uni to`lashdan ozod qilinganligi haqidagi hujjat.

Iltimosnomani ko`rib chiqish muddati

Arizachi yuqorida ko`rsatilgan barcha hujjatlarni topshirgan paytdan boshlab taqdimnoma ijro uchun qabul qilingan deb hisoblanadi.

Istiqomat joyidagi ichki ishlar organlari arizachining rasmiylashtirilgan hujjatlarini tegishli suratda Qoraqalpog`iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining ichki ishlar boshqarmalariga yuboradilar.

Qoraqalpog`iston Respublikasining Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklari ichki ishlar boshqarmalari O`zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish to`g`risidagi hujjatlar rasmiylashtirilishi to`g`riligini tekshiradilar, ushbu masalalar yuzasidan 2 nusxada hujjatlar yig`ma jildini yuritadilar va davlat xavfsizlik tegishli organlarining fikrini so`raydilar.

Qoraqalpog`iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar, Toshkent shahri hokimliklari ichki ishlar boshqarmalarining materiallari va xulosalarini Tashqi ishlar vazirligiga yuboradilar.

Tashqi ishlar vazirligi o`z xulosasini O`zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish to`g`risidagi materiallar bilan birgalikda prezident huzuridagi Fuqarolik masalalari bilan shug`ullanuvchi komissiyaga va respublikaning tegishli vakolatli organlari /Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi/ga yuboradi. Mazkur vakolatli organlar prezident huzuridagi Fuqarolik masalalari bilan shug`ullanuvchi komissiyaga faqat o`z xulosalarini yuboradilar, hujjatlarni esa Ichki ishlar vazirligiga qaytaradilar.

Vakolatli organlarning har birida fuqarolikka oid materiallarni ko`rib chiqish muddati bir oydan, umumiy muddati esa — fuqarolik masalalari bo`yicha hujjatlar ochilgan paytdan boshlab bir yildan oshmasligi kerak.

Fuqarolik masalalari bilan shug`ullanuvchi komissiya hujjatlarni ko`rib chiqadi va prezident qaror qabul qilishi uchun takliflar taqdim etadi.
Fuqarolikda o`zgarish prezident Farmoni e`lon qilingan kundan boshlab yuzaga keladi.

Qanday holatda fuqarolikka qabul qilish rad etilishi mumkin?

Shaxs O`zbekiston Respublikasining konstitusiyaviy tuzumini zo`rlik ishlatib o`zgartirishni yoqlab chiqayotgan bo`lsa;

faoliyati O`zbekiston Respublikasining konstitusiyaviy prinsiplariga zid bo`lgan partiyalar va o`zga tashkilotlarga a`zo bo`lsa;

O`zbekiston qonunlariga muvofiq jazolanadigan xatti-harakatlar uchun ozodlikdan mahrum etilgan va jazoni o`tayotgan bo`lsa, uni O`zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish to`g`risidagi iltimosnomasi rad etiladi.

Fuqarolik to`g`risidagi ishlarni ko`rib chiqish va fuqarolik masalalariga oid qarorlarni ijro qilish tartibini buzuvchi mansabdor shaxslarning huquqqa zid xatti-harakatlari xususida qonun bilan belgilangan tartibda lavozimiga ko`ra yuqoriroq mansabdor shaxsga, norozi bo`lgan taqdirda esa sudga shikoyat qilinishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar