AsosiyShou-biznes

Sardor RAHIMXON: “Yulduzlik kasaliga chalinganim rost!”

Sardor Rahimxon... U bilan qancha ko`p suhbatlashmay har gal aytishga arzigulik, o`quvchini qiziqtira oladigan gap topiladi. Oxirgi bor u bilan bundan ikki yil avval suhbatlashgan edim. O`shanda suhbat deyarli tanqidiy ruhdagi savollardan iborat edi. Bu orada Sardor ancha o`sdi. Yana o`z mavqeini tiklab oldi. Shuning uchun suhbat Sardorning bugungacha bosib o`tgan yo`li, kechasi, buguni va shu bugunidagi bo`shliqlar haqida bo`ldi. Darvoqe, u avvalgidan ancha o`zgargan. Yulduzlik kasalidan asar ham qolmagan, desam xato bo`lar-u, ammo dunyoqarashi, odamlar bilan munosabatida ijobiy o`zgarishlar katta.

— Ko`p vaqtdan buyon bir narsa meni o`ylantiradi. Yo muxlislar Sardor Rahimxondan “to`ygan”di yoki Rahimxon TVda ko`rinmasa ham xuddi har kuni telekanallarda chiqayotgandek odamlar buni payqamayapti...

(Kulib) Buni payqashmayotganining sababi shuki,  reklamani boshqa tarafdan kuchaytirganman. Masalan, radiokanallarda qo`shiqlarim tinmay “aylanyapti”, internet saytlarida ham yangi qo`shiq va kliplarimni taqdim etib turibman. Internetdagi barcha ijtimoiy tarmoqlarda faolman. Vaqtimni ayamay ish jarayonidagi surat va videolavhalarni shaxsiy sahifamga joylash orqali muxlislar bilan muloqot o`rnatganman.

— Xo`sh, nima uchun TVda qo`shiqlaringiz berilmayapti? Vaholanki, “Tanhoginam” nomli qo`shig`ingiz klipi o`tgan yil yaxshi kliplar qatorida e`tirof etilgandi. Ustiga ustak xorijiy telekanallarda ham namoyish etilganidan xabarimiz bor...

— Bu savolni menga berishingiz noo`rin! Tez orada bu muammolar hal bo`lishidan umidvorman. Lekin shu vaqt oralig`ida ijodim ancha toblandi. Klipsiz ham reytingni ushlab turish mumkinligini tushunib etdim. Masalan, “Do`st” nomli qo`shig`im hech qanday reklamaga muhtoj bo`lgani yo`q. Tildan-tilga o`tib ommalashdi. Bolajonlarga atalgan “Chaqachum” qo`shig`im ham xuddi o`sha muvaffaqiyatni davom ettiryapti.

— Nahotki Sardor Rahimxon shuni o`ziga ep ko`rsa? Odatda siz tutayotgan yo`lni, ya`ni klipsiz qo`shiq taqdim etishni ko`pchilik san`atkorlar “katta maydon”ga xos usul, deb bilishmaydi...

— Izlagan imkon topadi! Hamma narsa doim biz istagandek bo`lavermaydi. Aksincha, hozir ijod qilishimga juda zo`r imkoniyat va qulay sharoit bo`lyapti. Ishonaman, vaqti kelib hammasi iziga tushadi.

— O`tgan 3 yil ichida internetdagi shaxsiy sahifalaringizga joylagan suratlar va yozgan izohlaringizdan tushkunlikka tushib qolganingizni sezish qiyin emasdi...

— Uch yil depressiya holatida yurdim. Hayotning kutilmagan zarbalari — ijoddagi muvaffaqiyatsizliklar, omadni boy berish, reytingni bir maromda ushlab tura olmaslik, oilaviy muammolar... bularning bari manaman, degan odamni ham yiqitishi tayin. Shu kabi muammolarga o`ralashib, qayta o`zini o`nglolmagan ko`pgina san`atkorlarni bilaman. Shukrki, men hammasini engib o`tdim. Eng muhimi, sinovlardan to`g`ri xulosa chiqardim! Biroz kibr-manmanlikka berilgan, “yulduzlik kasali”ga chalingan vaqtlarim bo`lgandi. Xatolarimni to`g`irladim. Sinov bejizga berilmaydi. Undan to`g`ri xulosa chiqarib, xatolarni to`g`irlash, atrofimizni tozalash kerak.

— Ba`zi san`atkorlarni yulduzlik tark etsa ham, yulduzlik kasali tark etmaydi. Sizni 4 yildan buyon yaqindan bilsam, har yili o`zgarish sezyapman. Bugun oddiy odamga aylangansiz.

— Mashhurlik — bu bizning ojizligimiz. Uning ortidan quvib, o`                                                            zimiz bilmagan holda “yulduzlik”ning asiriga aylanib qolamiz. Bu jarayonda tarbiya, atrofdagi do`st va yaqinlarning roli ham katta. Shaxsan mening oilamda ota-onam doim “o`zingni “bosib” olgin! Tan olinganlar sendan oldin ham bo`lgan, sendan keyin ham bo`ladi”, deyishardi.

— Qachonlardir siz ham yulduzlik kasaliga chalingansiz. O`sha vaqtlarda ko`pchilik sizdan ranjigani aniq. O`sha odamlar bilan hozir yuzma-yuz kelib qolsangiz qanday holga tushasiz?

— Tan olaman, o`z vaqtida “yulduzlik kasalligiga” chalinganim rost. Lekin, uzr so`rashdan or qilmayman. Inson kechirish bilan birga, kechirim so`rashni ham bilishi kerak!

— Bugun “yulduz”misiz?

— Men o`zimni “yulduz” deb hisoblamayman. O`ylab ko`rsam, hali hech nima qilmabman. O`zbekistondan tashqariga chiqsam, meni hech kim tanimaydi. Dunyoning hamma burchagida meni tanishsa, ana o`shanda o`zimni “yulduz” desam arziydi. Bugun ba`zilar uchun mavqeingiz emas, balki mablag`ingiz muhim. Bunday vaqtda “yulduz”ligingiz ham sariq chaqaga arzimay qoladi.

Istaysizmi-yo`qmi, doim kulib yurish, odamlar bilan yaxshi munosabatda bo`lishga majbursiz. Gohida ana shu samimiylik soxtalikka ham aylanib ketadi. Shu majburiyatdan charchamaysizmi?

— Charchayman, desam noshukrlik bo`ladi. Bir paytlar “qaniydi mening ham bitta qo`shig`im mashhur bo`lsa, meni ko`cha-ko`yda tanishsa, dasxat olishsa”, deb yig`lab orzu qilganman. Endi esa oddiygina kulib yurish og`irlik qilyapti, desam bu manmanlik emasmi? Ana shunday vaqtda boshingdagi omad qushi birdan yo`q bo`lib qolishi hech gap emas. Holbuki nimani xor qilsang, o`shanga zor  bo`lasan. Ochig`i, o`sha majburan kulib yurishga ham zor bo`lgan paytlarim bo`ldi.

— Siz bilan suhbatlashishdan avval bir qancha muxlislaringizning fikri bilan ham qiziqdim. Ko`pchiligi bir mazmundagi Sanjarning Sardorga aylanishi yaqinlari bilan munosabatida ko`rinmas devor bo`lmaydimi? degan savol berishdi. Sizni doim Sanjar deydiganlar Sardor deb chaqirsa go`yo begonani chaqirayotgandek...

(O`ylanib) Oilam va yaqinlarim uchun doim Sanjar bo`lganman. Muxlislarim, san`at ortidan topgan yaqinlarim uchun Sardorman! Bu odamlar bilan yaqinligim yoki uzoqlashishimga o`z ta`sirini o`tkazolmaydi. San`atdagi faoliyatimni taxallus bilan boshlab, yaxshi qilgan ekanman, deya xursand ham bo`laman. Chunki qaysidir ma`noda Sanjar ismim meni san`atning g`iybat-bo`xtonlaridan saqlab turadi. Oilamdagilar, yaqinlarim “Sanjar” deb chaqirishganining o`zida yana o`sha oddiy odamga aylanaman. Siz aytgan yuqoridagi majburiyatlarni ham butkul unutaman.

— Bitta konsert bilan yana avvalgi mavqeingizni tiklab oldingiz. “Do`st” qo`shig`i esa Rahimxonga yana avvalgi omadini olib keldi. Lekin, “Chaqachum” Sardor Rahimxonga yarashmagan. Tinglovchilar sizdan bundan-da mazmunliroq qo`shiqni kutgandi!

(O`ylanib) Fikringizda jon bor. Bu qo`shiq uchun mazmunli, “yuk”i bor she`rni tanlashim, musiqasini ham boshqa yo`nalishda qilishim mumkin edi. Biroq bu qo`shiqni bolalar eshitmasdi. Bolalarga atalgan, kichkintoylarning sho`xligi aks ettirilgan, kayfiyat ulashuvchi qo`shiqni og`irlashtirishning, bolalar tushunmaydigan so`zlarni ishlatishning nima keragi bor? Qizim 3 yosh, leksikasida nari borsa 100 ga yaqin so`z bordir. O`sha so`zlarni ham to`g`ri aytolmaydi. “Chaqachum”ni o`z qizimga atab, uning dunyoqarashidan kelib chiqib, farzandini erkalayotgan ota sifatida aytganman. Shuning uchun ham qo`shiq bolalarga yoqyapti.

— “Do`st” qo`shig`ingiz Ulug`bek Rahmatullaevga atalganmidi?

(Kulib) Yo`q, Ulug`bekka atalmagan!

Rahmatullaev ham sizdan avval shu mazmundagi qo`shiq kuylagandi. Tinglovchilarning fikricha, go`yo qo`shiq orqali ikkingiz bir-biringiz bilan qasdlashyapsiz...

— Ulug`bek Rahmatullaev qo`shig`ini muxlislarga taqdim etishdan avval yonimga kelib, “Sardor, do`st haqida qo`shiq yozyapman, bu senga atalmagan” degan. “Qo`shiqni senga atab kuylabdi”, deganlar ham bo`ldi. Qo`shiqni eshitib ko`rganimda, avvaliga biroz alam qildi, dilim og`ridi. Keyin “Nega asabiylashyapman?! Axir Ulug`bek meni ogohlantirgandi-ku!” deb shaytonga hay berdim. Mening qo`shig`imga kelsak, agar qo`shiq Ulug`bekka atalgan bo`lganda, uni konsertimdan avval muxlislarga taqdim etib, yaxshigina reklama qilgan bo`lardim. Qo`shiq so`zlari umumiy ma`noda keltirilgan. Hammaning dilidagi mavzu bo`lgani, menga o`xshab do`stidan pand eganlar borligi uchun ham qo`shiq odamlar yuragiga etib bordi. “Do`st” meni “sotib” ketgan, do`stlikning qadriga etmagan, og`ir kunimda yonimda bo`lmagan “do`st”larimlarga atalgan! Do`st kim o`zi? Boshingga ish tushganida puli tugul, jonini berishi kerak emasmidi?.. Afsuski, hatto pulini berolmaganlar bo`ldi...

— Haqiqiy do`stlar ham bor-ku!

— Siz aytayotgan o`sha do`stlarim tuxmatlar girdobida qolganimda, qarzga botib, yashab turgan uyimni sotmoqchi bo`lganimda qaerda edi? Otam 3 yil kasalxonada yotganida, bir bora yo`qlashga vaqt topa olmagan odamlarni DO`ST, deyish mumkinmi? Xolbuki, atrofimdagi hamma “do`st”larimning boshimga tushgan ishlardan xabari bor edi. Yoningizda suyanishga arzigulik do`st topilmasa alam qilarkan. Bu — odamlarga nisbatan ishonchim yo`qoldi, degani emas.  Men mana shunday chin do`stlarni qidiraman!

— Yillar davomida Ulug`bek ikkingiz do`stligingiz haqidagi savollarga javob berishdan bo`yin tovlashga harakat qildingiz. Bu mavzuda so`z ochilsa hali ham do`stmiz”, deb qutilardingiz...

— Tan olaman, bugun Ulug`bek bilan do`st emasmiz! Lekin “bir-biri bilan hatto so`rashmaydi”, degan gaplar noto`g`ri. Balki vaqti kelib, ikkimiz ham xatolarimizni anglarmiz, yana chin do`st bo`larmiz. Bir narsaga ishonchim komilki, bundan keyin meni Ulug`bekdek, Ulug`bekni esa mendek do`sti bo`lmaydi! Chunki, biz do`stlashgan paytlarimiz hech kim emasdik. O`rtamizda na manfaat va na mansab uchun kurash bor edi. O`sha samimiylik, beg`uborlikni ikkimiz ham qidirsak-da topolmaymiz.

— Prodyuserlik faoliyatingizga to`xtalsak...

— Prodyuserlik faoliyatimni to`xtatganman. “Bayon” guruhi ham, Dilso`z ham mustaqil faoliyat yuritishyapti. O`z vaqtida bu ishni boshlayotganimda ustozlarim Musaxon Nurmatov, Iqbol Muhammadjonov “prodyuserlik qilishingizga hali erta. O`zingizning bajaradigan ishlaringiz ko`p”, deya ko`p bora ta`kidlashgan. Quloq solmadim, oxir-oqibat vaqtim ham, naqdim ham bekorga ketganini tushundim. O`zimga keragidan ortiq ishonib yuborgan ekanman.

— Farzand tarbiyasidagi Sardor Rahimxonni qanday tasavvur qilish mumkin?

(O`ylanib) Farzand tarbiyasidan-da qiyin ish bo`lmasa kerak. To`g`ri, ota-onalik bebaho baxt, ammo bu baxtni asrab-avaylash oson emas. Ishdan charchab kelganimda ularni bag`rimga bossam ovunaman, charchog`im chiqadi. Oila to`kisligi, yaqinlar salomatligi bo`lsa, ko`nglingiz xotirjam bo`larkan.

— Sochingizga oq oralagani etmagandek, to`kilishni ham boshlabdi?

(Kulib) Bu muammo bugun butun dunyo erkaklarini qiynayapti, nazarimda. Sochim to`kilayotganini yashirmayman, lekin oldini olishga harakat qilyapman. Eng muhimi, bu haqda o`ylab, siqilmaslik kerak. Hamma narsaning borida, boricha qadriga etsak, o`sha narsadan to`g`ri foydalanishni bilsak, eng to`g`ri yo`l shu menimcha. Bu nafaqat sog`lig`imiz, cho`ntagimizdagi pulimiz yoki yaqinlarimiz misolida, balki tinchlikning ham qadriga o`z vaqtida etish kerak! Yoshlarga bu yurt o`z-o`zidan bunyod bo`lmagani, shart-sharoitlarning qadriga etish kerakligini tushuntirishimiz, o`rnak bo`lishimiz shart!

Qamariddin ShAYXOV suhbatlashdi.

    Boshqa yangiliklar