O`n sakkiz ming olamni yaratgan Parvardigor jamiki olamlar ichida Erga hayot baxsh etdi. Zamonlar o`tib, Er yuzida yashagan jonzotlar orasida almashinuv sodir bo`ldi.
Keyinchalik sayyorada odamzod paydo bo`ldi. U avvaliga yolg`iz ko`paygach, qabila bo`lib yashashga o`tdi. Yirtqich hayvonlar hamlasi, tabiiy ofatlar, turli kasalliklar, ocharchiliklar va nihoyat odamning o`zi o`ylab topgan urushlar ham uning yo`q bo`lib ketishiga to`sqinlik qilolmadi. Unga nisbatan “inson” atamasi vujudga keldi.
Inson sayyoradagi barcha jonzotlar orasida eng katta kuchga aylandi. Endi u bir-birini yo`q qilish va dunyoni bo`lib olish uchun bor-budini kuch va mahoratini ishga solmoqda. O`ylab topgan qurol bilan nafaqat zamindoshlarini, balki ular yashaydigan makonlarni ham yo`q qilib yuborishni o`zlashtirdi. Odamzodning har narsaga qodir aqlu idroki, mehr-muhabbati bilan o`rmon va dengizlarda yashaydigan o`z turdoshlarining nimjonligi va ojizligidan foydalanib, ularni eb qo`yadigan ongsiz hayvonlardan farq qilsa-da, bir-birini o`ldirib, qirg`inlarni avj oldirayotgan kaslarni ko`rib, yirtqichlardan ham yirtqich hayvon ekansan deging keladi.
IX asr. Shom (Damashq) bozori.
Bir o`smir karvondan ancha orqada qolib, kechga yaqin shaharga kirib keldi.
– Assalomu alaykum otaxon, bu rostdan ham shahri Shommi?
– Vaalaykum assalom, ha, bu shaharni Shom deyishadi, bolam. O`zing-chi musofirmisan? Bu erlarga nima etakladi seni?
– Musofirman, ota, ilm etaklab keldi meni. Yo`lda uyqu zo`rlik qilib, karvondan qolib ketdim.
– Juda to`g`ri qilibsan, bolam. Beshikdan qabrga qadar ilm olish har bir bandaning burchi. Shom ilm-ma`rifat maskani, bunda madrasalar ko`p. Yaxshi niyat bilan kelibsan, marhamat, shahrimiz musofirlar uchun doim ochiq. Eng muhimi, bunday tinch-osoyishta shaharni topish qiyin.
XXI asr. Damashq, Suriya.
Aeroportdan kelgan xorijlik jurnalist Damashq bozorida bir nuroniydan so`radi:
– Excisume, sir, do you know English? (Kechirasiz, janob, siz ingliz tilini bilasizmi?)
– Nima? Odamga o`xshab gapir, tilingni tushunmadim. Ajnabiymisan?
– Yes sir I from in Britain (Ha, janob men britaniyalikman)
– Ey, sho`rlikkina bola biz tomonlarda pishirib qo`yibdimi senga, urush bo`lyapti bizda urush. Yaxshisi, yurtingga ket, tag`in juvonmarg bo`lmagin. Yaratgan Egam, biz senga nima yomonlik qilgandik, nega bu urushni yubording boshimizga?
Bugun Yaqin Sharqda, Kichik Osiyoda yashovchi aholi tunlarini bedor o`tkazmoqda. Ular shu kecha omon qolarmikanmiz, bolamni holi ne kecharkan, degan tahlikalar ichida yashayapti. To`g`ri-da, vatanida bo`layotgan xunrezliklar minglab vatandoshlarini nobud qilyapti-yu, tinch o`tirib bo`ladimi? Kecha yana 100 kishi yurtni tashlab, Ovro`poga ketdi. Iroqning Mosulida yashovchi Xadicha, hukumat qo`shinlari kelib IShIDchilardan qutqarishini kuta-kuta derazasi yonida jon berdi. Kuchli portlashdan larzaga kelgan uydan hech vaqo qolmadi. Faqat uy egasi tanasidan uzilib, uchib ketgan qo`lgina narigi mahalladan topildi. Boshidan oqqan qonni ko`rib yig`layotgan bolakay bo`lsa, bu achchiq qismatning boshlanishi ekanini hali anglab etgani yo`q...
Bunday qonli manzaralarni nafaqat arab dunyosi mamlakatlarida, shu bilan birga shimoliy Afrika davlatlarida har kuni kuzatish mumkin. Ba`zan xunrezliklar hatto “ko`hna qit`a”da ham sodir bo`lyapti. Odamlarni nobud qilib, shaharu qishloqlarni vayron qilayotgan, bu orqali butun boshli davlatlarni parokandalikka uchratayotgan o`sha terrorchilarning muddaosi nima? Ular aslida kimlar, maqsadlari islomiy davlat tuzishmi? Axir nafaqat islomda balki biron-bir dinda “bir-biringizni o`ldiring” deyilmagan-ku.
Qandahor, Afg`oniston.
– Amaki, “tinchlikparvar kuchlar”ning kiritilganiga ham mana o`n yildan oshdi. Nega Vatanimizda haligacha urush?
– Bilasanmi, Ahmad sen o`n yilni gapirasan, bu la`nati urushni boshlaganimizga hademay qirq yil bo`ladi. Ishonaver, shu qirq yildan beri nimalar bo`lmadi, avval qabila bo`lib urushdik, to`ymadik, millat bo`lib urushdik to`ymadik, ana undan keyin g`alamislarning sharofati bilan tolibon degan baloga duch keldik. Endi bu ham kamlik qilgandek, qandaydir Iroq va Shom nomini olgan bir to`da gazandalar bilan kurashyapmiz, Bu urushning oxirini ko`rmayapman.
Karbalo, Iroq.
– YO`Q, YO`Q, bularning bari uydirma. Xalifalik tuzish, dunyoni qo`lga olish nari borsa mingdan oshmaydigan terrorchilarning qo`lidan kelmaydi.
– Unda nega bir nechta davlat ularga qarshi kurashib, hech nima qilolmayapti, bobo,? – so`raydi kichkina Xolid.
– Ey bolam, bittasi u dushmanga, bittasi bu dushmanga qurol sotib, cho`ntak qappaytiradi-da, tag`in uyalmasdan, jangarilarni yo`q qilyapmiz yurtingiz ozod bo`ladi deydi. Nayrang, ha-ha, nayrangdan boshqa narsa emas, – deya soqolini g`ijimlaydi bobo.
– Men sizga aytsam ota, nabirangiz bu narsalarni bilishga yoshlik qiladi. Uning miyasini keraksiz narsalar bilan to`ldirmang, shusiz ham la`nati urush tufayli u maktabda emas, qani, onangning oldiga yugur, – zarda bilan do`q uradi ota.
Bola ma`yus ko`zlarini pirpiratib, onasi oldiga chiqadi.
– Endi gapning indallosini aytadigan bo`lsam, ota, dunyo yangilanyapti.
– Bekor, bekor aytibsan yangilanayotgan dunyomish, dunyoni yangilab bo`ladimi? Umuman gapingning tuturug`i yo`q. Bu jangarilarning bari o`ylab topilgan. Ular qaysidir qurolfurushning yollanma askarlari agar bilsang.
SUKUT...
– Nima bo`lishidan qat`i nazar, tinchlik bo`lsin dunyoda. Shunda hammasi yaxshi bo`ladi, –deya ko`ziga yosh oladi bobo.
Karbalolik keksa kulol Mustafo Allohdan har kuni vatanida tinchlik bo`lishini, nabirasining maktabga borishini, o`g`lining ish joyi tiklanishini so`raydi.
Darhaqiqat, bugun dunyoning katta qismida odamlar tahlika bilan yashamoqda. Ular allaqanday vahshiy hayvonlardan emas, o`z qavmdoshlarining tig`idan qo`rqib umr o`tkazmoqda. Aytishlaricha, Afrika changalzorlarida qirg`oqchilik payti go`shtxo`r hayvonlar suv ichgani kelgan o`txo`rlarga hujum qilmas ekan. Buning rost yoki yolg`onligining ahamiyati yo`q. Zero, eng mukammal yaratilgan odamzodgina bir-biriga hujum qilmasin ekan. Tillarimiz, dillarimiz, dinlarimiz boshqa-boshqadir. Lekin maqsadimiz bitta, dunyoda tinchlik bo`lsin.
Akbarjon Abduraimov, jurnalist
O`zA