VATAN O`Z QAHRAMONLARINI UNUTMAYDI
9 may — Xotira va Qadrlash kuni arafasida Vatanimiz mustaqilligi, tinchligi va osoyishtaligi yo`lida jon fido qilgan, shu yurtning aziz farzandlari xotirasi ham yodga olinmoqda. Ulardan biri chin o`g`lon, oddiy askar Turg`un Jo`raev edi.
Turg`un Jo`raev 1992 yil 29 yanvarda Surxondaryo viloyatida tug`ilgan. 2007 yilda Termiz tumanidagi 14-umumta`lim maktabini bitirib, 2010 yilda Termiz qishloq xo`jalik kollejini tamomlagan. 2012-2013 yillarda harbiy qismlardan birida muddatli harbiy xizmatni o`tagan. 2013 yil aprel oyidan boshlab Davlat xavfsizlik xizmatining chegara qo`shinlari safida xizmatni davom ettirgan.
2013 yil 23 iyulda mamlakatimizning chegara hududini qo`riqlash chog`ida halok bo`lgan.
O`zbekiston Respublikasi davlat chegaralarining daxlsizligini ta`minlash, jangovar xizmat faoliyatida ko`rsatgan namunali xizmati uchun O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 23 avgustdagi Farmoniga ko`ra shartnoma asosidagi oddiy askar Turg`un Jo`raev vafotidan so`ng «Jasorat» medali bilan taqdirlangan.
— Kechagidek esimda, harbiy xizmatga chaqiruv boshlandi, deguncha o`g`limning bir oyog`i tuman mudofaa ishlari bo`limida bo`lib qolgandi, - deydi otasi Erkin Begimov. - Bir kuni tushkun kayfiyatda keldi, “Armiyaga jo`natish boshlandi, meni olib ketishmayapti”, dedi. Unga “Xavotir olma, sen o`qigansan, haydovchilik guvohnomang ham bor, sinovlardan yaxshi o`tding, vaqti-soati bilan sen ham borasan”, - deb dalda berdim. Oradan ko`p o`tmay xursand holda kirib keldi. “Osh qiling ona, ertaga xizmatga ketaman”, - dedi. Uni bag`rimizga bosib, tabrikladik. Duo qildik.
Albatta, yigitlik oriyatiga ega, o`z Vataniga sodiq va mard o`g`lonlar uning himoyasiga chin dildan intiladi. Turg`unjon ham shunday fazilatlarni ko`ngliga joylagan, ona tuproq qadrini, ota yurtning azizligini yurakdan anglab etgan fidoyi yoshlardan biri edi.
— Turg`unjonga bolaligida ko`p ertak o`qib berardim, jon qulog`i bilan eshitar edi, - deydi onasi Nasiba opa. — Juda qiziquvchan edi. “Keyin nima bo`pti, keyin...?” deb holi-jonimga qo`ymasdi. Shu-shu ertaklarga, kitobga mehri ortdi. Behuda ko`chaga chiqmasdi. Qo`l-oyog`im edi. Uy yumushlarida yordamlashardi. Ishlar engillashgach, “Endi bir o`ynab kelsam, maylimi, onajon?” deya ruxsat so`rardi. “Mayli bolam, uynab kel”, derdim. Maktabga, ota-onalar majlisiga borganimizda faqat yaxshi gaplar eshitganmiz. Baholari a`lo edi...
— Harbiy qasamyod tadbiriga bordik, - deb xotiralarini davom ettiradi Erkin aka. — Sharoitlari bilan tanishdik, gurunglashdik. “Muddatli harbiy xizmatdan keyin shartnoma bo`yicha qolmoqchiman”, dedi. Maqsadini eshitib, qo`llab-quvvatladik. Ko`nglimiz to`lib, uyga qaytdik. Xatlar yozib turdi. Belgilangan muddat tugab, armiyaga ketgan yigitlar uyiga qaytganda ham Turg`unjon kelavermadi. Bilsak, o`zi aytganidek, shartnoma bo`yicha xizmatni davom ettirayotgan ekan. Keyin ta`tilga keldi. Hakim Termiziy majmuasini ziyorat qilishga bordik.
2013yil 23 iyul. T. Jo`raev chegara postining belgilangan hududida davlat chegaralarining daxlsizligini ta`minlashga kirishdi. Bir guruh qurollangan shaxslarning chegarani buzib o`tishga urinishi yurt osoyishtaligini buzdi. Buni o`z vaqtida payqagan chegarachilar darhol jinoyatchilarning yurtimiz hududiga kirishiga yo`l qo`ymaslik uchun tezkor chora ko`rishdi. Ularni qo`lga olish paytida og`ir yaralangan T. Jo`raev hayotdan ko`z yumdi.
— Turg`un bilan 5 baho olish bo`yicha musobaqa o`ynardik, - deydi sinfdoshi Umid Norqulov. — Matematika fanidan sinflararo tanlovda doim g`olib chiqardik. Uning yoqtirmagan fani yo`q edi. Uy vazifalarini astoydil, qunt bilan bajarardi. Yaxshi kurash tushardi. Taqdir meni shunday ajoyib yigit bilan do`st qilganidan minnatdorman. Afsuski, umri qisqa ekan.
— “Farzandim orqamda qolsin” deb qilinadigan niyat bejiz emas ekan, - deydi Turg`unjonning onasi. — Hech kimning boshiga farzand dog`ini solmasin. Bu musibatga chidash oson emas. Men kuydim, boshqalar kuymasin. O`g`lim bilan faxrlanaman. Doim duodaman. Harbiy xizmatchilar, hokimiyatdagilar hamisha holimizdan xabar olib turishibdi. Bayramlarda moddiy-ma`naviy rag`batlantirib ketishadi. Namanganda bolam halok bo`lgan joyga marmartosh qo`yib, xotirasiga ehtirom ko`rsatishgan ekan. Baraka topishsin.
— Turg`unjon tartibli, a`lochi o`quvchilarimizdan biri edi, - deydi Termiz tumanidagi 14-umumta`lim maktabi direktori Momoxol Egamberdieva. — Jamoat ishlarini yaxshi bajarar, qanday tadbir o`tkazilmasin, doim faol edi. Fanlardan, ayniqsa, matematikaga ko`proq qiziqardi. Turg`unjonning Vatanimiz osoyishtaligi yo`lida ko`rsatgan jasorati barcha yoshlarimiz uchun katta ibrat. Uning xotirasiga ehtirom sifatida maktabimizda xotira burchagi tashkil etilgan. Shu erda o`tiladigan tarbiyaviy soatlarda o`quvchilarimizga vatanparvarlik, elu yurtga fidoyilik qanday bo`lishi kerakligini Turg`unjonning hayot yo`li orqali tushuntiramiz.
Yoshligidan aniq fanlarga qiziqqan Turg`unjonning adabiyot, she`riyat ixlosmandi ekanini, qolaversa, o`zi ham qalbidagi his-tuyg`ularini shu orqali ifoda etishga qiziqishini ko`pchilik keyinchalik, uning yon daftaridagi mana bu satrlar orqali bilishdi:
Mehnatda elimga elkadosh otam,
Onajon, matonat yuraklarda tan,
Ko`ksimda iymonday mustahkam ishonch,
Ko`zim gavhari u-muqaddas Vatan.
Qalbimning qudrati shu yurtim g`ami,
Egilmas qilichdir yigit qasami.