Shafqatsiz qirg`inbarot, odam yongan pechlar va… Bim laqabli mushuk
Negadir ular urush xotiralarini hech kim bilan bo`lishgisi kelmaydi. Odamlar odatiy kundalik yumushlar bilan band, g`am-tashvishsiz kechirilgan hayot haqida so`rang, deyishadi.
Biz esa bolaligimizdanoq urush qatnashchilariga «nechta fashistni otgansiz bobojon? Fashistlar bilan yuzma-yuz kelganda qanday yo`l tutgansiz? Urushdagi qiziqarli voqealardan gapirib bering…» deb so`rashdan charchamasdik. Hozir ham shunday so`rovlarga duch kelib qolamiz. Bu savollarni berarkanmiz, qahramonlarimizning ko`zlarini olib qochayotgani, chuqur «uh» tortayotganiga guvoh bo`lamiz.
U er bu erdan qulog`imizga chalingan gaplar yodimizga tushadi. «Ular urushda ko`pam ishtirok etmagan-da. Ba`zilari qo`liga qurol ham ushlamagan hatto. Shuning uchun ham aytib berishni istamaydi…» Kimdir ishonadi bu gaplarga, kimdir elka qisib qo`yadi. Ammo urush qatnashchilariga nisbatan bu gap-so`zlar shafqatsiz, tahqirlovchi fikrlar ekanligini o`ylab ko`rmaydi...
Samarqand shahri, Isaev ko`chasidagi 43-uy. Juda odmi, umumiy uylardan birida urush yillarida nemislar tomonidan qurshab olingan gettodan omon chiqqan Sofiya Pogrebova istiqomat qiladi. Getto – fashizmning yahudiylarni yo`q qilish uchun qo`llagan shafqatsiz qirg`inbaroti.
Sofiya Solomonovnaning uyiga borishdan avval qarovchisi bilan suhbatlashgandim. «Avval u kishini suhbatga ruhan tayyorlayman, keyin xabar beraman, maylimi. Juda ko`p yig`laydi, o`sha yillar ko`z o`ngimda turibdi, deya qiynaladi», dedi. Belgilangan kunda bordim. Ancha eski, go`yo o`sha, urush davridan qolib ketgandek tasavvur uyg`otadigan uy. Ozodagina xona. Rostdan ham kelishimizga Sofiya Pogrebovani tayyorlashibdi: ko`ksida medallari yarqirab turibdi. Ammo shashti pastroqday ko`rindi. Shahlo opaning aytishicha, (yahudiylar markazi tomonidan onaxonga qarash uchun tayinlangan ayol, ma`lum maosh evaziga ishlaydi) bugun onaxonning qon bosimi sal oshgan ekan. «Sal behol, ammo suhbatlashavering», dedi.
Urush dahshatlarini ko`rgan, uning qatnashchilari bilan suhbatlashishda katta tajribaga egaman, deb aytolmayman, ammo uch-to`rt nafari bilan muxbir sifatida gaplashishimga to`g`ri kelgan. Ularning hammasi yuqorida aytganimday urush haqida deyarli gapirmagan. Sofiya Pogrebova ham shunday yo`l tutadimi, deb qo`rqib turgandim.
- Kayfiyatingiz yaxshi emasga o`xshayapti-ya?
- Eh, kayfiyat qoldimi endi…
- O`sha yillar haqida ozroq gapirib bering?
- Atigi to`qqiz yoshda edim, butun qishlog`imiz fashistlar gettosiga aylandi. Bu nimaligini bilasizmi?
- Eshitganman bu vahshiylik haqida, filmlar ham ishlangan-ku.
- Vahshiylik ham gapmi? Ko`chaga o`limni bo`ynimizga olib chiqardik. Har gal chiqqanimizda uydagilar bilan xayrlashardik. Har qadamda daydi o`q nishoniga qolishimiz mumkin edi..
Jimlik… Sukunat cho`zilib ketgach, Shahlo opa suhbatga aralashdi:
- Aytib bering axir, nemislardan qochganingizni ayting!
- To`rt-besh uy narida yashaydigan qarindoshimiznikiga, nimadir so`rab borgandim. Qaytishimda bir nemis askari meni ko`rib qoldi. Tinimsiz o`q uza boshladi. Qo`shnimizning tomiga shunchalik tez yugurib chiqdimki, keyinchalik bu nechadir soniyalardan ro`y berganini o`ylab juda hayron qolganman. Somon uyumi orasiga o`zimni otdim, somon hayotimni asrab qolgandi. Ular ba`zida partizanlar kiyimida kelib, bizni ko`chaga chiqishga undardi. «Chiqinglar, o`zimiznikilar!» degan hayqiriqdan so`ng hamma ko`chaga otilib chiqar, ular asosan qariyalar, yosh bolalar, xotin-xalaj edi. Hammasi bir zumda o`qqa tutilardi. Keyin pishiqroq bo`ldik. Kim kelsayam uydan chiqmasdik, hammaning berkinadigan joylari bor edi. Yana shunday chorlov bo`lganda endi umrimni yashab bo`ldim, endi sizlarni bezovta qilishmasin, deya bir qariya o`zini o`qqa tutib bergandi.
Onaxon yana jim qoldi.
- Millatdoshlaringizni tiriklay yoqish uchun mo`ljallangan pech haqida gapirib bering. O`sha pechkada qanchadan-qancha hamqishloqlaringiz tiriklay, ko`z o`ngingizda yongani haqida aytgandingiz, - Shahlo opa suhbat davom etishini istab, bilganlari haqida aytdi. Sofiya Solomonovna unga bir qarab qo`ydi-da, «o`zing aytib ber unda», deya yana bir nuqtaga tikilib qoldi.
Tushundimki, Sofiya Solomonovnaning ko`z o`ngida yana olis bolalik yillari gavdalandi. Ya`ni bolalik bo`lmagan, yosh bolalarni ham bir necha marta ulg`aytirib qo`ygan yillar ko`z o`ngidan o`ta boshladi. Ukrainaning olis qishlog`i, nemis askarlarining vahshiylarcha munosabati, besh yillik tutqunlik, har soati minglab daqiqalarga teng vaqt. Taqdir taqozosi bilan Sofiya Pogrebova o`tgan asrning 60-yillarida Samarqandga kelib qoladi. Urush qatnashchisi bo`lgan akasi ham shu erda edi – ikkovi ham e`zoz topadi. Turmushga chiqadi, to nafaqaga chiqquniga qadar Samarqand shahridagi 8-Mart fabrikasida fidoyilik bilan mehnat qiladi. Turmush o`rtog`i bilan totuv turmush kechirgan, to`rt yil avval umr yo`ldoshi bu olamni tark etgan ekan.
Atrofga razm solaman. Juda odmi, ozoda xona. Bir javon, ikki karavot, devorda necha o`n yillik gilam, turli yillardagi suratlar, xotiralar va … onaxonning sevimli, Bim laqabli mushugi. Sofiya Solomonovnaning bor bisoti shu. Shahlo opaning aytishicha, mushugiga juda o`rganib qolgan. Darvoqe, Sofiya Solomonovnaga hozir ham Germaniyadan, o`sha shafqatsiz munosabatlar uchun bugungi nemis jamiyati sovg`a-salom jo`natib turar ekan.
Uzoq jimlikdan so`ng «bu temirlarni olib tashla, dam olaman, charchadim», dedi onaxon. «O`zimni qahramon sanamayman, yashash uchun kurashdim, xolos. Yaratganning inoyati bo`lsa kerak, tirik qoldim. Ehtimol, ko`ylakda tug`ilganlardan biriman, shunaqa ibora bor, bilasizmi?». Onaxon shunday deya men bilan xayrlashdi. Sofiya Solomonovna bilan suhbat ham kutilganiday juda qisqa bo`ldi. Ammo har bir sukutning ortidagi g`amni his qilish mumkin edi. Ko`nglida, ko`zlarida alamzadalik bor edi – nahot bu xotiralarni unutib bo`lmasa, nahotki bu ko`zlarim shunday vahshiyliklarga guvoh bo`lgan bo`lsa, insoniyat o`z qavmini shunday xo`rlashi mumkinmi, degan alamzadalik mujassam edi bu ko`zlarda.
Urush qatnashchisi… Garchi oradan necha o`n yillar o`tsa-da, o`sha qonli yillarni ko`z o`ngida muhrlagan, uni eslashni istamasa-da, ammo ozroq qonni ko`rsa ham urushdagi o`limlar qayta-qayta ko`z o`ngida gavlanadigan, o`sha besh yillik xotiralarni unutolmagan qahramonlar! E`zozlardan o`ksik ko`ngli bir yashnasa-da, ammo har lahza bu hayot bilan vidolashayotgan do`stlari, quroldoshlarining nigohlari xotiralarida qolib ketgan, qarshisidan qo`qqisdan chiqqan dushmanga o`q uzishdan oldin «axir u ham kimningdir jondan aziz farzandi-ku», degan xayoldan qutulolmay, ko`zlarini chirt yumib tepkini bosgan onlari gavdalanaveradi. Bu xotiralarni haqiqatan ham so`zda ifodalash, ovoz chiqarib aytish naqadar qiyinligini his qilasan, kishi. Shundan so`ng «nechta fashistni otgansiz, bobojon?» degan savolimiz qanchalik og`riqli ekanini anglay boshlaymiz.
Gulruh MO`MINOVA