Shakar mahsulotining cun`iy taqchilligiga va narxining ko`tarilishiga olib-sotarlik harakatlari sabab bo`lgan. Bu haqda O`zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasi ma`lum qildi.
“Shakar mahsulotini “sun`iy taqchilligini” kelib chiqishiga asosiy sabab bu oddiy olib-sotarlik, shu jumladan ushbu mahsulot bozorida faoliyat ko`rsatayotgan ulgurji vositachilar hamda chakana savdo do`konlari o`rtasida o`zaro til biriktirish, kelishib harakat qilish holatlari ham ehtimoldan holi emasligidir”,-deyiladi qo`mita xabarida.
Davlat raqobat qo`mitasi tomonidan o`tkazilgan tahlil ishlarini ko`rsatishicha, bugungi kunda mamlakatimizda shakar mahsuloti taqchilligini keltirib chiqaradigan xech qanday ob`ektiv va sub`ektiv sabablar va omillar yo`q. Ya`ni, joriy yilning 1 yarim yilligida shakar ishlab chiqarish hajmi o`tgan yilning xuddi shu davriga nisbatan 14,7% oshgan bo`lsa, birja savdolari orqali sotilayotgan shakarning miqdori esa rejalashtirilgan hajmdan deyarli 4,7 %ga ko`p bo`lgan.
Xabarda qayd etilishicha, shakar mahsulotiga bo`lgan ichki talabni mahalliy mahsulot hisobiga qondirish maqsadida, joriy yilning uchinchi choragida “Angren” maxsus industrial zonasida yillik ishlab chiqarish quvvati 300,0 ming tonnaga mo`ljallangan shakar ishlab chiqarish zavodini ishga tushirish ko`zda tutilgan.
Shuningdek, shakar mahsuloti bozorida barqarorlikni ta`minlash, yuzaga kelgan vaziyatni yumshatish va iste`molchilar o`rtasida shov-shuvlarga barham berish maqsadida, Hukumat tomonidan chakana savdo do`konlarida sotilayotgan shakar mahsulotining maksimal narxi 1 kg uchun 3200 so`mdan oshmasligi belgilab qo`yildi.