Vaziyatga berilgan dastlabki bahoga ko`ra, Ukraina hududida qulagan Malayziya layneri urib tushirilgan bo`lishi mumkin, deb hisoblamoqda Evropa Ittifoqi. Bu haqda EI yuqori lavozimdagi vakillariga tayanib “RIA Novosti” xabar bermoqda.
“Tergov ishi samolyot urilgani rostligi va kim aybdorligini aniqlaydi”,-dedi Evropa Ittifoqi vakili.
Euronews xabar berishicha, guvohlar samolyotdan avval erga jasadlar va buyumlar qulaganini aytishgan. Bu esa o`z navbatida samolyot havoda portlaganidan darak beradi.
Samolyot Ukraina-Rossiya chegarasiga yaqin bo`lgan hududda halokatga uchragan. AQSh siyosatchilari layner zenit raketalari yordamida urib tushirilganini aytishmoqda, deya xabar beradi CNN telekanali. Rossiya qurolli kuchlari ham Ukraina qurolli kuchlari ham zenit raketalariga ega.
Eslatib o`tamiz, Amsterdam-Kuala-Lumpur reysi bo`yicha uchgan Malaysia Airlines aviakompaniyasining Boeing 777 samolyoti 17 iyul kuni Ukrainaning Donesk viloyatida quladi. Layner bortida bo`lgan barcha 298 kishi halok bo`lgan.