O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Ravshan KOMILOV bilan bo`lgan suhbatimiz orqali xonandaning bugungi o`ylari, shaxsiy qarashlari haqida to`liq ma`lumotga ega bo`lasiz.
Ekran va hayot... Bir odamning taqdirida doim ham bir xil akslanmaydi. Demak, hayotiy obraz Ravshan KOMILOV qiyofasida...
Cirli yon daftar...
Hamisha reja bilan harakat qilishga odatlanganman. Bu kecha yoki bugun paydo bo`lgan odat emas. Esimni taniganimdan beri shundayman. Hozirgacha yoshlikdagi yon daftarlarim saqlangan. Ularda qachon, qaerda, nima ish bilan band bo`lganim yoki rejalarim yozilgan. Ba`zida ularni varaqlash yoqadi! Hozir ham yon daftarimda ikki oy keyin suratga olinishi mo`ljallangan klip, yoziladigan qo`shiqlar va boradigan manzillarim yozilgan. Kimdir bu yumushlarni ma`muriga ishonar, ammo men o`zimga taalluqli bo`lgan har bir jarayon — REJA ko`z o`ngimda, qo`limda bo`lishini ma`qul ko`raman.
“Yaxshi va yomon kunlarim”
Hayot har doim ham biz istagandek kechmaydi. Sovg`lari bilan birga sinovlari ham bisyor. Yaxshi kunlar ham, yomon kunlar ham boshimdan o`tgan. Hamisha irodamga tayanganman, ruhan sinmaslik uchun o`zimni nazorat qilishdan erinmayman. Shukr, sabr va mehnat meni hamisha yorug`likka olib chiqqan. Hali hayot oldinda, undagi sinovlar va sovg`alarni qabul qilishda davom etayapman. Muhimi, bu umr yo`lida o`zimning qoidalarim, amal qiladigan an`analarim va suyanadigan elkalarim bor.
“Har bir qadamimni tahlil qilaman”
Mendagi kamchiliklar, xatolar bolalarimning hayotida takrorlanmasligini istayman. Shuning uchun zamonning har bir daqiqasini, talabini sezishga harakat qilaman. Xorijiy tillarni mukammal bilmayman. Bugun farzandlarim, nabiralarim berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanishi kerak. Ota sifatida yana aytaman, ularning baxtli, el koriga yaraydigan inson bo`lib ulg`ayishi uchun mas`ulman. Shuning uchun har bir qadamimni tahlil qilishga erinmayman. Juda ko`p odamlar bilan gaplashdim, kasbim tufayli yurt kezdim va kuzatuvlarim natijasida xulosalar chiqardim. Odamning qaddini farzand ham ko`tarar, ham bukar ekan. Ne-ne odamlarni ko`rdim, qandaydir mavqe, daraja uchun kurashib, oilasi, farzandlariga vaqt topmagan ular. Natijasi esa... Bolamiz aziz, uni erkalab, eng yaxshilariga loyiq qilib ulg`aytiramiz. Aynan shu mehrimizni to`g`ri yo`naltirish muhim.
“Qo`shig`im hayotimda aks etyapti”
60-70 yoshimda qo`shiq aytamanmi yo yo`q buni aniq bilmayman. Qaysidir ma`noda bu muhim ham emas! Inson qaysi yoshda bo`lmasin, unga nisbatan hurmat-izzat kabi qadriyatlarning saqlanib qolishi muhim. Hozir ko`proq shu haqda o`ylaydigan bo`lganman. Nimagadir o`tkan kunlarni ko`p sarhisob qilaman. Kim edik, kim bo`ldik? Kimga qanday nafim tegdi, jamiyatda o`rnim qanday? Balki bu savollar yosh bilan bog`liqdir. Lekin bular haqida o`ylashning ma`suliyati bor ekan. Eslasangiz, “Odam bo`laylik” degan qo`shig`im bo`lardi. O`sha taronadagi g`oya hayotimda aks etayotganini sezayapman.
“Tanqid eshitsa ensasi qotadi”
Odatda odamlar, ayniqsa ijod ahli tanqidni xushlamaydi. Eshitsa ensasi qotadi. Ammo inson tanqidni qabul qilishni bilishi kerak. Agar o`zingizga tanqidiy ko`z bilan qarasangiz xolislikka erishasiz. Sizni tanqid qilishsa, bu fojea emas, shunchaki — jarayon! Masalan, yaqinda “Toshkanli” qo`shig`im uchun olingan klipim televideniening badiiy kengashidan o`tmadi. “Sizning darajangizga bu klip syujeti to`g`ri kelmaydi”, deyishdi. O`ylab qarasam, qaysidir ma`noda ularning fikri to`g`ri. 7-8 yildan buyon son bilan emas, sifat bilan hisoblashishga o`rgandim. Qo`shiqlar ko`p, lekin taqdim etishdan oldin o`ylayman. Kim tinglaydi? Qanday baho berishadi? E`tiborimni mavzuli taronalarga qaratayotganimning sababi shundadir balki. Qisqasi, odam o`zining bahosini biladi. Shunga qarab harakatlansa muammolarga echim topish qiyin kechmaydi.
“Obro`imni ro`kach qilib ish bitirmaganman”
Osilsang baland dorga osil, deyishadi. Bu fikrga qarshi emasman. Shunchaki, hayotiy prinsipim — qo`limdan kelmagan ishga aralashmayman. Ko`zim etmagan ishga bosh qo`shmayman. Ortiqcha chiranib, maqtanchoqlik bilan misqollab yiqqan obro`-e`tiborni yo`qqa chiqarishdan osoni yo`q. Mehnat bilan topilgan hurmatning izzati bo`ladi. Hech qachon obro`imni ro`kach qilib ish bitirmaganman. Aksincha shunday yo`l tutganlarni hazm qilolmayman. Balki bu kim uchundir oson kechar, ammo mening qoidam boshqacha!
“Sira odam ajratmaganman”
Mening ijodimni hurmat qilgan har bir inson men uchun aziz! Birovning libosi, ishiga qarab hurmat qilmayman. Odamlarni yaxshi ko`ra olish bu eng kerakli qobiliyat. Yolg`on mulozamatni nazarda tutmadim. Samimiyat hamisha ustun!
“Ulfatlar, do`st-u oshnalar o`z yo`liga”
Eng issiq va hamisha seni qadrlaydigan qo`rg`on — OILA! Ulfatlar, do`st-u oshnalar o`z yo`liga. Lekin oilaviy hamjahtlik, do`stlik bu sizning “men”ingizni belgilaydi. Oilasidan qadr topmagan odam ko`chadan qadrdon izlaydi. Shukr, oilam tinch, farzandlarim bag`rimda. Inson umri davomida uzun yo`lni bosib o`tadi. Har bir kishi bilgancha qadam tashlaydi, o`zicha o`ylaydi. Lekin barchani birlashtiradigan rishtalar bor — mehr, oqibat! Aynan shu qadriyat oiladan boshlanadi.
“Uzr so`rashdan uyalmayman”
O`zi kamgap odamman. Shuning uchunmi birovning shaxsiyatiga taaluqli ortiqcha munosabat bildirmaganman. Birovning ko`nglini og`ritmaslikka intilaman. Ba`zida bilmasdan kimnidir xafa qilsam, aybim bo`lsa, uzr so`rashdan uyalmayman.
“Hech kimga xusumatim yo`q!”
Kimgadir nisbatan ko`nglimda yomonlik saqlamaganman. Balki kimdir meni yomon ko`rar, lekin men ginachi emasman. Hamisha o`z yo`limdan yurishni ma`qul ko`rganman. Yoqtirmagan odamlarim bordir, ammo birovga xusumatim yo`q.
“...hamma bilishini istamayman”
Farruxning taklifi bilan yosh ijodkorlarga murojaat qildim. Ular bilan hamfikr bo`lish odamni yoshartiradi. Kimgadir bachkana tuyular, kimgadir erish. Ammo o`zimni yangi yo`llarda sinab ko`rishdan erinmayman. Bilganim, odamlar ijodimga befarq emas. Demak, kimgadir yoqayapti, deb ayta olaman. O`zimga yarashmadi, deb hisoblaydigan holatlarim bor. Bu haqda hamma bilishini istamayman.
“San`at yo`lida qurbonliklarim bor”
Nimagadir erishish uchun nimanidir qurbon qilish hayot haqiqati. Lekin kimgadir yomon ko`rinib, kimnidir oyog`idan chalib erishilgan mavqedan asrasin. San`at yo`lida qurbonliklarim bor, hammasi vaqt bilan bog`liq. Uyqusiz kechalar, yaqinlarga berolmagan e`tiborim, ichki isyonlar...
Menimcha, san`atkorda bunday qurbonliklar bo`lishi shartdek. Bu yo`qotishlar juda oddiy eshitilar, lekin aynan shular ichida meni orzularim, HAYoTIM bor.
Sahnaga chiqish, o`zimni namoyon qilish uchun faqat va faqat ijodiy imkoniyat kerak, deb hisoblagan kezlarim va aynan shu fikrga qarshi chiqqan paytlarim ko`p bo`lgan. Hamma iste`dodli, lekin namoyon qilish imkoniyati mehnat, tinimsiz harakat bilan erishiladigan cho`qqiga o`xshaydi.
“Muhabbat” qo`shig`imni ko`pchilik yaxshi ko`rib tinglaydi. Bir to`yda aynan shu qo`shiqni kuylasam, xonadon egasi kelib, “Shu qo`shiqni aytmang”, desa o`ylanib qoldim. Keyin bilsam, kuyovning birinchi nikohi emas ekan. “Muhabbatning birinchisi yondiradi...”, degan so`zlar mezbonlarga yoqmagan shekilli...
Sevdo NIYoZOVA tayyorladi.