AsosiyJamiyat

Koreya Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga minnatdorchilik bildirdi

Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xe O`zbekiston Respublikasiga davlat tashrifi davomida  ko`rsatilgan izzat-ikrom uchun O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga minnatdorlik izhor etdi. Tashakkurnoma O`zA saytida e`lon qilindi.  

“Oliy darajada bo`lib o`tgan uchrashuvda davlatlarimiz nafaqat energetika sohasi, balki “elektron hukumat”, axborot texnologiyalari, to`qimachilik va mudofaa sanoati, qishloq xo`jaligi, atrof-muhit, infratuzilma va boshqa ko`plab sohalarda turli hamkorlik loyihalarini birgalikda amalga oshirish to`g`risidagi kelishuvga erishdi. Siz bilan kelishib olgan muhim loyihalarni bekamu ko`st, to`la amalga oshirish uchun yaqindan hamkorlik qilishimizga ishonaman. 

Bo`lib o`tgan uchrashuvlar natijasida mamlakatlarimiz o`zaro manfaatli hamkorlik asosida birgalikda ravnaq topishga intilayotgan strategik sheriklar ekaniga amin bo`ldim. Prezident Janobi Oliylari, Sizning xalqaro va mintaqaviy masalalar to`g`risidagi fikr-mulohazalaringiz, shuningdek, O`zbekistondagi koreys diasporasiga qaratayotgan e`tiboringiz meni hayratga soldi va chuqur taassurot qoldirdi. 

Janobi Oliylari, men yana shuni alohida minnatdorlik bilan ta`kidlamoqchimanki, Toshkent shahri aeroportida meni shaxsan kutib oldingiz, Samarqand shahriga men bilan birga bordingiz. Bu bilan samimiy mehmondo`stligingizni namoyon etdingiz. “Afrosiyob” muzeyidagi devoriy rasmlarda aks ettirilgan Koguryo davri elchilarining tasviri Buyuk Ipak yo`lining qadimiy tajribasi bizning kunlarimizda yagona Evroosiyoda yana mujassamlasha olishiga ishonchimni mustahkamladi. 

Prezident Janobi Oliylari, mamlakatlarimiz o`rtasidagi hamkorlik va do`stona munosabatlardan manfaatdor ekanligingiz va uni astoydil qo`llab-quvvatlayotganingiz uchun Sizga minnatdorlik bildirishimga ijozat bergaysiz. Sizga mustahkam sog`liq, O`zbekiston Respublikasiga esa yuksak ravnaq va taraqqiyot tilayman”,-deyiladi tashakkurnomada. 

    Boshqa yangiliklar