Sayohatga chiqadigan kun ham etib keldi. Kecha opasi hamma narsani shay qilib qo`ygan. O`rtacha kattalikdagi sun`iy charmdan tikilgan yo`l sumkasini olib, tong yorishmasidan uydan chiqdi. O`zi shunga kelishilgan. Ya`ni, yo`l uzoqligidan erta ketishga qaror qilishdi. Kollej direktori muovini elib-yugurishi naf berib, avtobus topildi. Butun guruh bilan juda qadimiy joylar — eski xarobalar, qabriston qoldiqlariga sayohat uyushtiriladigan bo`ldi.
Uylari oldida bir oz kutib turganidan so`ng uzoqdan faralar yorug`i ko`zga tashlandi. Yaqiniga kelganida sal o`tib to`xtadi. Chopqillab orqa eshikdan chiqar ekan, guruhdoshlarining quvnoq qiyqirig`i bilan o`zining tabassumi qorishib ketganini sezmadi.
– Yulduz, nechuk erta uyg`onding? Qolib ketasan deb o`ylovdik, – dedi dugonasi yonidagi bo`sh o`rindiqqa imlab chaqirar ekan.
– Qolib ketmay deb umuman uxlamadim-da. Har qalay bugun hammasi qiziq bo`lsa kerak.
Avtobus qolgan o`quvchilarni ham uyma-uy “terib”, katta yo`lga chiqdi. Zerikmaslik uchun hamma bir-biri bilan gaplashar, g`ala-g`ovurdan shofyorning qulog`i batang bo`layozgan edi. Ammo bir soatlar chamasi vaqt o`tganidan so`ng hech bunday erta uyg`onmagan o`quvchilarni uyqu elitdi. Bu yoshlar o`qish boshlanishiga oz muddat qolganida o`rnidan turib, hovliqqanicha darsga kelishadi. Kech qolmasdan etib kelishsa, boshlari osmonga etadi. Guruh rahbari — o`qituvchi ham old o`rindiqda mizg`ib ketyapti.
Atrof hali qorong`i. Yulduz esa hamon sergak. Shunda sekin turib, haydovchining oldidagi bo`sh o`rindiqqa o`tdi. Bu erdan tomosha qilib ketish yaxshiroq.
Yo`lning bir tomoni jo`xorizor, bir tomoni daraxtlar, bog`lar... Bu yaqin-o`rtada odamlar yashamaydi chamasi. Bironta uy ko`rinmadi. Manavi joy nima? Ha, qabriston ekan. Qabristondan o`tganlaridan so`ng yo`l pastga qarab enadi. Soy ko`prigidan o`tib, yo`l yana tepaga tomon ko`tarilib boradi.
Avtobus ko`prikdan o`tib yuqorilayotgan mahal yo`l chetida turgan qiz qo`lini “to`xtang” degan ma`noda qandaydir boshqacha siltadi. Bu xuddi uchayotgan qushning qanot qoqishiga o`xshab ketardi. Shofyor uning oldiginasiga borib to`xtadi, ammo eshikni ochmasdan mazaxlab kulganicha o`tib ketdi. Bir oz ilgarilagan edilar hamki, g`ildirak chuqurga tushdimi, nimadir bo`lib, mashina qattiq silkindi va Yulduz o`tirgan tarafning oynasi surilganicha ochilib ketdi. Harchand urinmasin, oynani joyiga surib qo`yolmadi. Kuchli silkinish tufayli hamma uyg`ondi. O`quvchilarning uyqusi ochilgach, yana g`ala-g`ovur, shovqin boshlandi. Ammo na Yulduz, na shofyor qora tunda bu dalalarda qandaydir qiz nima qilib yurgani bilan ishi bo`lmadi. Ikkalasi ham bu haqda o`ylamadilar yoki o`ylagilari kelmadi.
Tong yorug`lashib borardi. Yulduz atrofni kuzatib ketarkan, onasini o`yladi. U shu kunlarda juda kuyinib yuribdi. Chunki katta opasi ikkita bolasi bilan uylariga qaytib kelgan. Onasi Yulduzga qayta-qayta tayinladi: “Qizim, sen borayotgan tomonlarda Chillatosh deganlari bor ekan. Uning tagida kichik bir tuynuk bo`lib, ayol-qizlar o`sha tuynukdan o`ta olishsa, yaxshilik tilashar ekan. Kimningki gunohi ko`p bo`lsa, u erdan o`ta olmasmish. Jon qizim, borganingda o`sha toshni top va uning tuynugidan o`tib, Xudoyimdan opangning oilasi buzilmasligini so`ra. Esingdan chiqmasin, tog` etagidan aylanib orqa tomoniga o`tsang, Chillatosh o`sha erda emish, shunaqa deyishdi”.
U onasiga o`sha toshni albatta topishga va`da berdi. Ich-ichida topmasdan qaytmaslikka qat`iy ahd qildi.
Kun yorishib ulgurganida etib kelishdi. Hammayoqni shodon qiyqiriqlar egalladi. Bu joylarda sayyohlar uchun maxsus joylar qilingan ekan. Qizlar dam olish va ovqatlanish uchun joy hozirladilar.Yupqa paloslar ustiga ko`rpachalar solindi. Kimdir qumg`onga olov yoqdi. Bir-ikkilari ovqatga unnashdi. Kimdir bodring, pomidor to`g`ragan, kim qovun-tarvuzlarni ariqchaga tashlagan, kim meva-chevani yuvgan. Ertalabdan havo dim, quyosh nurlari daraxtlar soyasida o`tirganlarning ham ko`zini qamashtiryapti.
Hamma ishlar saranjom bo`lib, tushlik uchun ovqat osilgach, nonushtaga o`tirdilar. Uzum, non, ko`k choy, oq qand, uyda tayyorlanib, shisha bankalarga bekitilgan murabbo va baqlajon qovurmasi bilan tamaddi qildilar. So`ng atrofni aylanishga hozirlik ko`rila boshlandi. Oldin buloqboshiga bordilar. U erning shifobaxsh suvidan ichib olganlaridan so`ng eski qabristonga borishdi. G`alati: qabrlar cho`kib, er baravar bo`lib qolgan. Buning ustiga tuproqdan emas, toshdan qilingan edi.Yulduzning chap oyog`i toyib ketib, qabr toshlari ichiga tiqildi. Bir siltab tortib oldi-yu, yuragi allanechuk vahimaga to`ldi. So`ng xotirjam ko`rinishga harakat qilib, yo`lida davom etdi.Bosh daxmaning oldiga kelishdi. Hammalari o`tirib, fotiha o`qidilar.
Keyingi manzillari kichik bir g`or bo`ldi. Ilgarilari bu erda uzlatga chekingan kishilar chilla saqlab o`tirishgan ekan. G`or ichida nafasi bo`g`ilgandek bo`ldi. Jon-jahdi bilan orqaga qaytib chiqib, chuqur-chuqur nafas oldi.
Kun yop-yorug`, oftob yondiryapti, atrof to`la odam, ammo baribir vahimali his hammani chulg`agan edi. Toshlardagi qadimiy suratlarni tomosha qilib borishar ekan, o`qituvchi cho`qqiga chiqib, u erdagi orzu daraxtiga oq ip bog`lashlarini ma`lum qildi.
Shunda Yulduz:
– Chillatoshga bormaymizmi? – deb so`radi.
– Chillatosh tog`ning orqa tarafida, aylanib qolishimizga to`g`ri keladi, – dedi o`qituvchi. – To`g`ri yo`l qolib aylanma yo`ldan yurmay qo`ya qolaylik. Qani, hamma ortimdan, – deya ovozini biroz balandlatdi u. – Ikki-uch kishidan bo`linib, ehtiyot bo`lib yuqoriga ko`tarilamiz. Kun issiq, charchagansizlar, sekin harakatlanib cho`qqiga chiqamiz.
Yulduz yonidagi dugonasiga qaradi:
– Ammo men Chillatoshga borishim kerak. O`sha joyga borishimni onam qattiq tayinlagan edilar.
– Men uning qaerdaligini bilaman. Ilgari uydagilar bilan kelganimda borganmiz. Hozir o`sha uchburchak shakldagi yaltirab turgan toshni yana ko`rishga qiziqyapman, –javob berdi dugonasi.
– Yur bo`lmasam, o`qituvchiga sezdirmasdan orqaroqda qolib, tezgina borib kelamiz.
– Mayli, – dedi dugonasi.
Sekingina boshqalardan orqaroqda qolib, qarama-qarshi tomon yo`l oldilar. O`sha, odamlar sehrli kuchga ega deb hisoblovchi toshni o`n daqiqacha qidirdilar.
– Qiziq, shu atrofda edi nazarimda, negadir aniq eslolmayapman, – dedi dugonasi. – Yaxshisi ketdik, ortga qaytamiz. Qara, ulardan uzoqlashib ketyapmiz, – dedi tepaga qarab o`rmalayotgan guruhdoshlarini ko`rsatdi.
– Yo`q, bormasam bo`lmaydi. Onamga va`da berganman, uni bajarishim kerak.
“Shodiya, qayoqqa ketyapsizlar, tez ortga qaytinglar”, chaqirdi muallim uzoqdan.
– Xo`p, mana ketayapmiz, – dedi dugonasi baqirib gapirishga majbur bo`lib.
Ortga qaytishdi, ammo Yulduzning ko`ngli nimadandir to`lmayotgandek edi. Ularning qaytayotganini ko`rgan muallim teskari o`girilib yo`lida davom etdi. Shodiyaga qorama-qora ketayotgan Yulduz birdan o`girilib iziga qaytdi.
Onasining aytganini qilishi kerak... Shart! Boradi. Topadi. Tilagini aytib, keyin birpasda guruhdoshlariga etib oladi. U so`z bergan, ishonchni oqlashi lozim.
Boya dugonasi bilan toshni topolmagan tomonga qarab chopqillab ketdi. Uning ketayotganini ko`rgan dugonasi ortidan garangsiraganicha qarab qoldi.
“Mana shu tomonda degan edi, mana shu yoqda...” Hozir tog`ni aylanib o`tib, toshni topadi va tilagini aytib, narigi tomondan tepaga chiqib keladi. O`sha joyda — cho`qqida guruhdoshlarini uchratadi. Ammo yo`l o`lgur qaerlarga boshlab ketyapti, tushunolmayapti. Shu erda to`xtab, bir oz o`ylandi. Shunda ko`zi ho`v narida turgan kishiga tushdi. Yo`lni so`rab olish uchun unga qarab yurdi.
– Kechirasiz, – dedi u. – Amaki, shu erlikmisiz? Menga Chillatoshga olib boradigan yo`lni ko`rsatib yuborolmaysizmi? Adashib qoldim, shekilli.
– Chillatosh? Ha, to`g`ri ketyapsiz. Unga borish uchun mana shu so`qmoqdan yana bir oz yurasiz.
– Ko`p yuramanmi?
– Unchalik emas.
– Siz meni o`sha joygacha boshlab borolmaysizmi? Tag`in noto`g`ri yo`ldan ketib qolmay.
– Albatta! Yuring men bilan.
Ular birga ketaverishdi. Notanish erkak deyarli gapirmas, faqat yo`l boshlab borayotgandi. Qiz har-har zamonda “Oz qoldimi?” deb so`rar, erkak “Etib qoldik”, deb javob berardi...
* * *
Tun kirgan esa-da bug`doy o`rayotgan O`tkir kombayn chiroqlari yorug`ida bir qizning dala o`rtasidan ketayotganini ko`rib qoldi. Kech bo`lganda bu dalada qiz bola nima qilib yurgan ekan deb o`ylab, kombayndan tushdi-da, o`sha tomon yurdi. O`tgan yili Rahim og`aning oyparast qizini ko`rib qolib, uyiga eltgandi. Yana o`shamikin deb yaqinroq bordi.
– Singlim, hoy singlim. Nima qilib yuribsiz qorong`ida bir o`zingiz? Yana dalada?! Tinchlikmi, axir? – deb so`radi.
– Assalom, og`a. Nega o`zim bo`lay, mana, yonimda yo`l ko`rsatib kelayotgan amaki bor-ku!
– Qani?.. Yoningizda hech kim yo`q-ku!
– Voy, amaki qani? Hozirgina shu erda edi-ku, sal oldinda ketayotgandi, – Yulduz yon-veriga alangladi.
– Sizdan oldindayam, orqadayam hech kim yo`q edi. Bir o`zingiz kelayotgandingiz.
– Yo`q, bir o`zim emasdim. Hozirgina mendan bir-ikki qadam oldinda yurib kelayotgandi. “Keldikmi?” deb so`raganimda , “Ha, etay deb qoldik”, dedi-ku.
– O`zi kimsiz, kimning qizisiz? Nega qorong`ida bir o`zingiz yuribsiz? Hozir vaqt ham kechki soat o`ndan oshgandir.
– Chillatoshni qidirib yuribman, opam uchun tilak tilashim kerak edi.
– Axir u joylar bu erdan o`nlab chaqirim narida-ku...
Yulduz gapning ma`nosini chaqib ololmagan ko`yi merovsirab qarab turardi.
– Ha mayli, yuring men bilan, balki sizni onam tanisalar kerak. Balki nima bo`lgani uyga borganimizda esingizga tushar.
O`tkir qizni uyiga boshlab bordi. Onasini uyg`otib, mehmon kelganini aytdi. Bo`lib o`tgan gaplarni qizning o`z og`zidan eshitgan onasi o`g`lini chetga tortib:
– Parilar makoniga borib qolgan ko`rinadi. Muallimlari va uyidagilarga xabar berish chorasini topishimiz lozim, – deb pichirladi.
* * *
Bu yoqda butun guruh uch-to`rt kishidan bo`linib, zulmat cho`kkan tog`lar orasidan Yulduzni axtarishar, muallim tag`in bular ham yo`qolib qolmasin deb hadiklanar, ammo Yulduzni o`ylab, nochor ahvolda o`zi ham “Yulduz, Yulduz” deb chaqirardi. Shofyor avtobusda ketib, mahalliy milisiya vakillarini boshlab keldi. Endi hamma yig`ilib, so`roq berishga kirishdilar. Bir guruh milisionerlar Yulduzni axtarib ketishdi. O`quvchilar holdan toygan, ayniqsa o`qituvchining ahvoli achinarli edi. U hatto organ xodimlarining savollariga javob berishga-da holi yo`q edi.
U yoqda O`tkir mahalla posbonini topib borib, qiz haqida aytdi. Tongga yaqin Yulduz, O`tkir va mahalla posboni mashinada tog` etagidagi ko`hna qabristonga etib keldilar.
Yulduzning sog`-omonligini ko`rgan o`qituvchi va o`quvchilarning ahvoli bir oz o`nglanganday bo`ldi. “Qaydanam tashlab ketdim”, deb yig`lardi Shodiya Yulduzni quchoqlab. O`quvchilar kechasi qaytmagani sababidan kollej direktori va ba`zilarning ota-onalari bir avtobus bo`lib etib kelishdi. Hamma o`zi bilan ovora bo`lib, qiy-chuv qilib ko`tarib yotganida organ xodimlari O`tkirni chetga tortishdi. Ularning savollariga javob berayotgan O`tkir voqeani gapirib berdi.
So`ng Yulduzni chaqirishdi.
– Bu kishining oldiga qanday kelib qoldingiz?
– Bir amaki boshlab bordi.
– U bir o`zi edi, – gapga aralashdi O`tkir.
– Bir erkak boshlab keldi, deyapti-ku, – dedi huquq-tartibot organi xodimi.
– Uning ko`ziga, onamning aytishicha, pari ko`ringanmish.
– Yig`ishtir cho`pchagingni, sheringning ismini ayt... Bo`lmasa o`zingga qiyin bo`ladi.
– Sherigim?.. – dedi O`tkir hayron bo`lib.
– Eslolmayapsanmi, yaxshi, unda hozir biz bilan ketasan, balki shunda esingga tushib qolar.
– Men kombaynchiman. Faqat mavsum paytidagina pul topishim mumkin. Ko`proq pul topay deb kechalariyam ishlayman.
– Nima bo`lganini aniqlaymiz, albatta. Yarim tunda birovning qizini nima maqsadda olib ketganingni tushuntirib berishingga to`g`ri keladi.
O`tkir sarosimalanib turganida ikki tomonidan xodimlar tutib, mashinaga yo`l oldilar.
– Yulduz, – dedi u jon holatda. – Yoningizda hech kim yo`q edi-ku.
– Bor edi, – dedi Yulduz qat`iy, – do`ppi kiygan, qotmadan kelgan qora kostyumli amaki bor edi. U menga Chillatoshni ko`rsatmoqchi edi.
– Qani unda o`sha amaki? – ovozini ko`tardi O`tkir jahl bilan.
– Bilmayman, – dedi Yulduz sovuqqonlik bilan.
– Ammo sen bilasan, to`g`rimi? – deb milisioner O`tkirni niqtab, mashinaga o`tirishga undadi.
Xavotirlanib etib kelgan ota-onalar farzandlari va ularning do`stlarini olib, o`zlari kelgan avtobusga chiqib, tezgina ketib qolishdi. Ular bu mojarodan tezroq qutulishni o`ylashardi. Yulduz, o`qituvchi va kollej direktori huquq-tartibot xodimlari bilan ketishdi.
Kecha bolalarni olib kelgan avtobus shofyori ham bo`sh ulovda yo`lga chiqdi. Bo`lib o`tgan ishlardan miyasida turli fikrlar charx urardi. Buning ustiga tuni bilan uxlamagan, qattiq charchagan. Pastlikdagi ko`prik ustidan o`tayotganida yo`lida turgan qizga ko`zi tushib, shoshib qoldi. Yaxshiroq qaradi. Bu o`tgan kecha qo`lini g`alati siltagan qiz edi. Bu safar u yo`l chetida emas, o`rtasida turardi.
Shofyor odam urib yubormaslik uchun rulni beixtiyor chapga burdi va avtobus eski ko`prik ustunini buzib, pastga quladi.
Xosiyat RAJABOVA