AsosiyShou-biznes

30 ga yaqin davlat tan olgan o`zimizning Yulduz

“Nihol” mukofoti sovrindori Yulduz Turdievani anchadan buyon tanisamda shu vaqtgacha mashhurlik shoxsupasi uchun kurashganini, tanilishga uringanini sezmaganman. Bu xonandaga boshqalar kabi mashhurlikdan havolanish, yulduzlik kasaliga chalinish kabi odatlar umuman yot. U hanuz o`zini taniqli emasman deydi. Hatto qancha tanqidiy savollar bermaylik, boshqalar kabi istiholani chetga surib betga sapchimadi, aksincha, vazminligini yo`qotmadi. Holbuki undagi iqtidor, mahorat bugungi manaman degan “yulduz”larimiznikidan ancha yuqori. Uning iste`dodiga baho berish uchun qo`shiqlarini bir bora eshitib ko`rishning o`zi kifoya. Darvoqe, bu Turdievaning gazetamizga bergan ilk intervyusi. Paytdan foydalanib uning tomoshabinlar nigohiga muhrlangan milliy obrazini biroz o`zgartirishga harakat qildik.

— To`g`risi zamonaviy obrazda sizni ko`rish shaxsan men uchun ham juda qiziq bo`lgandi. Menimcha chakki emas. Balki yo`nalishingizni o`zgartirarsiz.

— (kulib) Ochig`i, o`zimning tashqi ko`rinishimni o`zgartirish haqida juda ko`p o`ylayman. Lekin odamlar nima derkin degan andisha hech yo`l bermaydi. Kerak bo`lsa Shakiraning qo`shig`ini ham aytaman. Ingliz, fransuz tilidagi qo`shiqlarni uyda, xorijdagi konsertlardan tinimsiz kuylayman, lekin o`zimizning muxlislar qarshisida aytishga, zamonaviy ayol timsolida gavdalanishga biroz uyalaman. Balki bu ichki menim bilan bog`liq holatdir.

— Yulduz Turdieva hali o`z yo`lini topmagan san`atkor. Bu fikr menimcha ayni haqiqat.

— To`g`ri aytasiz. Men hali san`atda o`z yo`limni topmadim. 2009 yil Ozarbayjonda o`tkazilgan Baynalxalq mug`om festivalida g`olib bo`lganimdan so`ng ko`pchilik meni maqom ijrochisi sifatida tanidi. Qaerga bormay ozor tilidagi qo`shiqlarni so`raydigan bo`lishdi. Vaholanki, men na o`zimizning san`atimizda va na Ozarbayjon mug`om san`atida arzigulik ish qilmaganman. Shu vaqtgacha qaysi yo`ldan ketishim kerakligi-yu, ayni vaqtda qaysi yo`ldaligim doim noaniq bo`lgan.

— Bugun san`atimizning ilg`or ayollariga qaraganda sizning imkoniyatlaringizni muxlislar ham, mutaxassislar ham yuqori baholashadi. Lekin sizni yoshlar bazo`r tanishadi.

— Buni bilaman (o`ylanib).  Men san`atga tanilish yoki mashhurlik uchun kirmaganman. Balki bu gaplarim sizga erish tuyular. Qolaversa, bugun san`atda tanilib o`z o`rningizni topishga iqtidorning o`zi kamlik qilayotganini ochiq aytish kerak. Yaxshi reklama hech qachon zarar qilmaydi. To`g`ri, o`z vaqtida yordam qo`lini cho`zmoqchi bo`lganlar, prodyuserlikni taklif qilganlar ko`p bo`ldi. Biroq rozi bo`lmadim. Bir so`m topsam ham oilamga tashidim. Oilamdan ortganini ijodimga sarf qildim. Shukr, bugun moddiy jihatdan kamchiligim yo`q. Balki men uchun atalgan yulduzli onlar hali oldindadir (kulib).

Bugungacha mashhur bo`la olmaganimning sababini atrofdan emas, o`zimdan qidiraman. Ochig`i juda dangasaman (kulib). San`atkorlar orasida eng dangasa xonanda deb nom chiqarishim ham bejiz emas. Bilmadim negadir menda boshqalar kabi shoshilish, taniqli bo`lishga kurash degan narsalar yo`q. Hatto O`zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov ham bir necha bor “Senga qo`shiqlar topib qo`yganman, o`shalarni aytsang-chi” deb maslahat berdilar. Qani endi hafsala qilsam. Menimcha dangasaligimga nuqta qo`yadigan payt kelganga o`xshaydi.

— O`zingizdan yosh, lekin sizdan taniqli xonanda bilan turibsiz-u odamlar undan dastxat olyapti. Qanday holatga tushasiz?

— (kuladi) Buni tasavvur qilishim shartmas, chunki bunday holatlar menda juda ko`p uchraydi. Xonandalar Ziyoda va Dilso`z bilan juda yaqinmiz. Odamlar kelib ularning san`atiga baho berishsa yoki jurnalistlar intervyu so`rashsa mendan avval gapirishga uyalib “bular Yulduz Turdiev bo`ladilar” deb tanishtirishadi.

— Alam qiladimi?

— Alam qilganda intervyuni bugun emas, ancha avvalroq bergan bo`lardim. Axir omad hammaga birday kelavermaydi-ku.

— Balki mashhur emasligingizning asosiy sababi sizni tanita oladigan qo`shig`ingiz yo`qligidadir.

— (o`ylanib) Ko`nglimga yoqadigan qo`shiqni hamisha ham topa olmayman. To`g`ri, mening tashrif qog`ozimga aylangan qo`shig`im yo`q, lekin maqom qo`shiqlarimni odamlar qidirib eshitishadi. Bu jihatdan o`zimni erga urish niyatida emasman (kulib).

— Nega estradaga o`tdingiz?

— Meni to`la-to`kis maqomchi deyish noo`rin. Chunki, maqom san`atida hali ko`p ishlaganimcha yo`q. Shunchaki tinglovchilar meni maqom orqali tanidi. Estradaga kelsak, bu yo`nalishda ham imkoniyatimni sinayapman. Menimcha “Qaydasan”, “Kalandumog`ingdaney” qo`shiqlarim yomon chiqmadi.

— “Qaydasan” haqida yaxshi so`z ochdingiz. Bu qo`shig`ingiz aslida ozarbayjonlik xonanda Uzeyirning “Managal” qo`shig`idan olingan. Bundan bir yil avval xuddi shu masalada sizga qo`ng`iroq qilganimda, qo`shiqni ruxsat so`rab kuylaganman degandingiz. Uzeyir bilan bo`lib o`tgan suhbatda esa, u sizni tanimasligini aytdi.

— O`shanda qo`shiqni o`g`irlab aytibsiz deb qo`ng`iroq qilganingiz yodimda. Men bu qo`shiqni aytish uchun ruxsat so`rab Ozarbayjon Respublikasining O`zbekistondagi elchixonasi vakillariga murojaat qildim. Ozarbayjonda o`tkaziladigan tadbirlar, tanlovlarda mamlakatimiz nomidan doimiy ravishda ishtirok etib kelganim uchun, ular bu qo`shiqni kuylashimga ruxsat berishdi. Uzeyirga esa, o`zlari xabar berishlarini aytishdi. Shunga asoslanib qo`shiqni o`zbekchalashtirib kuylab chiqdim. Uzeyir sizlarga nega bunday javob bergani menga qorong`u. Holbuki Uzeyirning www.youtube.com saytidagi shaxsiy sahifasida “Managal” qo`shig`i va “Managal”ning o`zbekcha talqini, ya`ni mening “Qaydasan”im joylashtirilgan va bu qo`shiq o`zbekistonlik xonanda Yulduz Turdieva tomonidan kuylangan deb yozilgan. Agar u mendan norozi bo`lganda qonuniy yo`l bilan e`tiroz bildirgan bo`lardi.

— San`atkor ayollar turmush o`rtog`ini mensimaydi deydiganlarga qanday qaraysiz?

— Biroz avval “Yulduz ham o`zgarib ketibdi, erini mensimay qo`yibdi” degan gaplar qulog`imga chalindi. Xafa bo`ldim. Turmush o`rtog`im bilan O`zbekiston davlat konservatoriyasida bir kursda tahsil olganmiz. Yoshimiz ham teng. U kishi mening sozandam. To`y xizmatlari, konsert dasturlarida sozandalarimning ishlaridan qoniqmasam hammalarini bir erga yig`ib ayblarini vaqtida aytaman. Chunki jonli ijroda kuylashning o`ziga yarasha mashaqqatlari bor. Bunda hech qanday xato kechirilmaydi. Agar turmush o`rtog`im xatolikka yo`l qo`ysa, boshqalar qatori ularning ham ayblarini aytaman. Agar shu ishni qilmasam sozandalarim orasida kelishmovchilik chiqishi, o`z erining xatosini aytmayapti degan gaplar tarqashi turgan gap. Buni ko`rganlar esa, Yulduz erini mensimay qolibdi degan bo`lishi mumkin. Uyda esa oddiy ayolman. Turmush o`rtog`im ham haddimdan oshishimga yo`l qo`yib qo`yadigan erkaklardan emas. Menimcha ham shunday bo`lishi kerak. Qachonki oila boshlig`i biroz bo`sh kelsa, ayol kishi haddidan oshishni boshlaydi. Baribir ayolmizda...

— Farzandlaringiz haqida gaplashsak.

—  Qo`ying meni qiynamang. Ikkinchi o`g`lim tug`ilganida bunisiga endi o`zim qarayman, hamma ishimni yig`ishtiraman degandim. Qayoqda, uzoqqa cho`zilmadi. Kuni-kecha katta o`g`lim “oyi, bog`chamizda ota-onalar majlisi bo`larkan, iltimos boring” dedi. O`shandagi holatimni tushuntirib berolmayman. Bo`g`zimga nimadir tiqildi. Nahot bugun topganlarim, bolalarimga ajratolmagan mehrim,  vaqtim evaziga bo`lsa. Xo`p dedim-u, baribir borolmadim. Kun kelib farzandlarim meni tushunishlariga ishonaman.

— Yuqorida endi ijodga mahkam bel bog`ladim dedingiz. Rejalar qanday?

— Kelasi yil jonli ijroda yakkaxon konsert dasturimni taqdim etmoqchiman. Harakatni hozirdan boshlaganmiz. Balki muxlislar Yulduz Turdievani yangidan kashf etishar. Ishonamanki, hali hammasi oldinda.  

Qamariddin ShAYXOV suhbatlashdi

“Darakchi” info

Yulduz Turdieva haqida 12 ta fakt:

1985 yilning 10 avgustida Buxoro viloyatida tug`ilgan.

2003 yil - Yosh maqomchilar Respublika tanlovi birinchi o`rin g`olibi.

2004 yilda Yalta shahrida o`tkazilgan “Beshinchi xalqaro yoshlar festivali”da “Eng yaxshi ovoz sohibasi” mukofotini qo`lga kiritgan.

2007 yilda turmush qurgan. Ikki farzandning onasi.

2008 yilda O`zbekiston davlat konservatoriyasini tugatgan.

2009 yil - Ozarbayjonda o`tkazilgan Baynalxalq mug`om festivali birinchi mukofot sovrindori.

2010 yil “Nihol” mukofoti sovrindori bo`ldi.

2010 yil Germaniyada xonandaning ilk musiqiy albomi sotuvga chiqdi.

2011 yil xonanda mamlakatimizda ilk musiqiy albomini sotuvga chiqardi.

Germaniya, Turkiya, Fransiya kabi 30ga yaqin davlatlarda konsert dasturlarini taqdim etgan.

Mualliflik qo`shiqlari soni 20 dan ortiq.

Kliplari soni – 5 ta.

    Boshqa yangiliklar