1

O`n dollarlikning hikoyasi

Mutolaa 27.05.2018, 22:42
O`n dollarlikning hikoyasi

Pullar ham gapiradi. Balki, siz, eski o`n dollar qog`oz pulning ovozi bazo`r eshitilar, deb o`ylarsiz? Xo`sh, juda soz. Agar lozim topsangiz, kaminaning tarjimai holini bu qulog`ingiz bilan eshitib, u qulog`ingizdan chiqarib yuborishingiz mumkin. Agar ko`chada megafon orqali yog`ilayotgan Jon D. chek daftarchasining ohanrabodek na`rasi qulog`ingizga chalingan bo`lsa, yutuq sizniki. Faqat shuni unutmangki, ba`zida oddiy chaqa ham kissaga o`z-o`zidan tushavermaydi. Keyingi safar baqqollik do`koni sotuvchisiga kumush choraktalikni uzatishdan avval bu "xonimcha"ning peshanasiga nima deb yozilganini o`qib ko`ring. Achchiq piching, to`g`rimi?

Men — 1901-yili chiqarilgan o`n dollarlik qog`oz pulman. Men kabilarni qaysidir tanishingizning qo`lida ko`rgan bo`lishingiz kerak. Old tomonimda besh yoki olti million amerikaliklar tomonidan buyvol deb ataluvchi amerika bizoni tasvirlangan. Ikki yonimda kapitan Lyuis hamda kapitan Klerklarning boshlari manaman deb turibdi. Orqa tarafimning o`rtasida Ozodlik haykaligami, Sereragami yoki Meksin Elliotgami narhim osilib turibdi. Men haqimda ma`lumot olish uchun qayta tuzatilgan nizomning 3.588- paragrafiga murojaat qilishingiz mumkin. Agar meni maydalamoqchi bo`lsangiz, Sem tog`a peshtaxtaga siz uchun to`liq o`nta mullajiringni tashlaydi - albatta, ular kumushmi, oltinmi, mismi yoki temirmi, bunisini bilmayman.

Hikoyamni biroz ayqash-uyqash gapirib beryapman, men avf etgaysiz. Avf etasizmi? Tashakkur, kechirishingizni bilardim. Xatto nomsiz oddiy kupyura ham ana shunday xushomadgo`ylik qiladi, ko`ngilni olishga tirishadi, to`g`rimi? Bilasizmi, biz isqirt pullar o`z nutqimizga jilo berish imkoniyatlaridan batamom mahrum etilganmiz. Tug`ilganimdan buyon meni uzoq muddat saqlab yurgan biron kimsaga duch kelmadim. Ularning barchasi meni qo`llarida ushlagancha eng yaqin oziq-ovqat peshtaxtalariga yugurishardi.

Olti yoshimda g`oyatda nazoqatli munosabatlarga duch keldim. Qarz sifatida o`z vaqtida qaytarilardim, xuddi jasadni so`nggi yo`lga kuzatib qo`yuvchilardek. Eh-he, nimalarga xizmat qilmadim! Shunday bo`lsa-da bir kuni o`z nodonligimni ko`rsatib qo`ydim. Yana kimning oldida deng? Eski, dabdalasi chiqqan isqirt besh dollarlikning oldida. Biz qassobning qappaygan, badbo`y hamyonida uchrashgan edik.

- Hoy, sen xindular sardorining kizi, - dedim men, - oh-vohingni bas qil. Hali ham tushunib etmadingmi, seni allaqachon muomaladan chiqarib qayta bosish lozim edi. Ahvolingni qara, o`zing 1899-yili chiqarilgansan-u, yana nimalarga o`xshab qolibsan.

- Bizonman deb tinimsiz vaysayverasanmi? - javob qaytardi besh dollarlik. - Magazinda havo harorati 85dan pastga tushmagan paytlari kun bo`yi paypoq ichida o`tirganingda, seni ham dabdalang chiqardi.

- Bunday hamyon haqida eshitmagan ekanman, - dedim. - Kim seni u erga solib qo`ydi?

- Sotuvchi xotin.

- Nima degani - sotuvchi xotin? - qiziqib so`radim.

- Xo`jayining uchun oltin davrlar kelmaguncha buni bilolmaysan.

Shu payt orqamdan Jorj Vashingtonning boshi tasvirlangan ikki dollarlik ovoz berdi.

- Obbo, sen-e, boyvuchcha! Seni men kabi paxta hamyonga tikib qo`yishganda ko`rardik ahvolingni. Kun bo`yi fabrika chang-to`zonini yutganingda nima deb sayrarding?

Bu suhbat Nyu-Yorkka kelganimning ertasi kuni bo`lib o`tdi. Meni Bruklin bankining Pensilvaniyadagi filiallaridan biri o`zimga o`xshash o`ntaliklar bog`lamida bu yoqqa yuborishgandi. O`shandan beri besh va ikki dollarlik suhbatdoshlarim o`tirib chiqqan hamyonlar bilan yaqindan tanisha olmadim. Meni faqat ipak hamyonlarda tutib yurishardi.

Mening omadim chopgandi. Bir joyda uzoq turib qolmasdim. Ba`zida bir kunda yigirma martalab qo`ldan-qo`lga o`tardim. Menga har bir bitimning asl mohiyati tanish edi; xo`jayinlarimning har bir xursandchiligi uchun jon kuydirardim. Shanba kunlari peshtaxta ustida sirpanchiq uchardim. O`n dollarliklarni doim shunaqa qiynashadi. Bir yoki ikki dollarliklarni esa ikki buklab sekingina barmenga uzatishadi. Asta-sekin hammaga yoqa boshladim. Ba`zida viskiga bo`kib qolardim, martini, manxetten ustimga to`kilaverib ko`rinmay qolardim. Bir kuni ko`cha bo`ylab aravada ketayotgan pul tarqatuvchi kombinezonining cho`ntagidagi semiz yag`iri chiqqan pullar dastasiga meni qo`shib qo`ydi. Modomiki, univermag xo`jayini - bo`lajak xojam - kuniga sakkiz sent ishlatib, itlarga mo`ljallangan go`sht va piyozga qanoat qilar ekan, men, tamom bo`ldim, deb o`yladim. Biroq keyinroq men qutulib qoldim - pul tarqatuvchi aravasini chorrahaga juda yaqin joyda to`xtatib xatoga yo`l qo`ygandi. Meni qutqarib qolgan polismendan hozirgacha minnatdorman. U meni Bauer yaqinidagi tamaki peshtaxtasida maydaladi. Qo`shni xonada qimor o`ynalayotgandi. O`sha kecha omadi yurishgan polisiya uchastkasi boshlig`i meni yorug`likka olib chiqdi. Kunduzi u Brodveydagi restoranda mening hisobimdan ovqatlandi. Men qadrdon shahrimga yana qaytib kelganimdan benihoya xursand edim.

Brodveyda mendek o`ntalikning bosh qashishga vaqti bo`lmasdi. Qaysidir bir kuni meni nafaqa deb atashdi. Bir talay o`n sentliklar yotgan zamsh hamyonga solib qo`yishdi. Bu o`n sentlik chaqalar Osiningdagi qaynoq yoz mavsumini qanday o`tkazganliklari haqida og`iz ko`pirtirib valdirashardi. Xo`jayinning qizlari ularni birin-ketin muzqaymoqqa sarflashgandi.

Iflos pullar haqida ilk bor hushsurat yigit - allaqanday Van meni bir necha dugonalarimni bir hovuch fishkaga almashtirganda eshitgandim.

Yarim tunga yaqin hozirgina ustama pulga ega bo`lgan do`mboq yuzli, qisiq ko`z, qo`pol va barvasta yigit menga qo`shib bir qancha banknotlarni rulon qilib o`radi.

- Hisobimga besh yuzni yozib qo`y, - dedi u bankometga , - hammasidan ko`z quloq bo`lib tur, Charli. Vodiyni oy yorug`ida bir aylanib kelay. Agar biznikilardan birortasi qovun tushirib qo`ysa, yodingda bo`lsin, tepada seyfning ishida hajviy jurnalga o`ralgan oltmish ming dollarim yotibdi. Yana birovga og`zingdan gullab yurma. Hozircha xayr.

Men ikkita yigirmatalikning o`rtasiga tushib qolgandim. Ulardan biri menga shunday dedi:

- Ey, sen, kampirsho, omading bor ekan. Bazi bir qiziqarli narsalarni ko`rasan. Bugun Qariya Jek butun bir "Bifshteks"ni kiymalab tashlamoqchi.

- Tushuntiribroq gapiringlar, - dedim. - Bu juda ham qiziq tuyulyapti, biroq meni pazandachilikka unchalik uquvim yo`q.

- Avf etasizlar, - javob berdi yigirmatalik. - Qariya Jek - mana shu qimorxonaning xo`jayini. Bugun u orqa-oldini o`ylamay janjal chiqaradi: gap shundaki, u cherkovga ellik ming ehson qilmoqchi edi, lekin uni rad etishdi, chunki bu pullar harom emish.

- Cherkov deganlaring nimasi? - so`radim.

- E, e, o`ntalik bilan gaplashayotganimni unutibman, - dedi yigirmatalik. - Qaerdan ham buni bilarding! Siz o`ntaliklar cherkov uchun ko`plik qilasizlar, bozor uchun juda ham maydasizlar. Cherkov - bu shunday katta uyki, u erda perotozalagich va salfetkaning donasi yigirma dollardan sotiladi.

Bu xonimlar bilan gap sotib o`tirgim kelmadi. Sukut oltinga teng. Qolaversa, yaltirayotganlarning hammasi ham oltin emas-ku.

Lekin Qariya Jek haqiqatdan ham tilla yigit edi. Sahiylik qilish vaqti kelganda u ofisiantni polismenning ortidan yugurishga majbur qilmasdi.

Asta-sekin, Jek suvsiz sahroda barcha chanqoqlar uchun toshdan suv chiqaryapti, degan mish-mish tarqaldi va temir mushtli, silovsin terisini yopingan azmatlar izimizga tushishdi. Hayot emas, naq Junglining Uchinchi Kitobi - faqat muqova etishmayapti. Qariya Jekning pullari eskirgan bo`lsada uning hisobi daqiqa sayin ko`payardi. Dastlab uning atrofiga oshnalari yig`ildi; keyin salom-alik qilib yuradigan do`stlari qo`shildi; keyin dushmanlaridan kimdir tinchlik trubkasini tutatdi; oxirida u ko`plab baliqchi ayol va raqqosalarga suvinerlar sotib oldi, oqibatda metrdotellar telefonga yugurishib, polisiyadan tartib o`rnatish uchun birortasini jo`natishlarini o`tinib so`rashdi.

Nihoyat, biz men juda ko`p bo`lgan kafega kirib keldik. Oq fartuk va kurtkadagi yukchilar ittifoqi ostonada bizlarga ko`zi tushgach, bu futbol jamoasining eng katta "mushti yo`g`oni" buyruq berdi va ularning barchasi himoya niqoblarini kiyishdi. Ammo Qariya Jek bu kecha mebel va oyna fabrikasi xizmatini "takdirlash" niyatida emasdi. U jim o`tirib ma`yusgina "Sayr" qo`shig`ini xirgoyi qilardi. Cherkov uning hayr-ehsonini qabul etmagani izzat nafsiga tegib ketgandi.

Shunday bo`lsada aysh-ishrat davom etardi.

Qariya Jek hammaga yana bittadan stakanda "shaytonning suvi"dan buyurtirib, qo`shnimni to`lov sifatida berib yubordi. Men bir dasta "xonim"larning ustiga chiqib qoldim. Jek bog`lamni stolga qo`yib, qovoqxona xo`jayniga uzatdi.

- Mayk, - dedi u. - Bu pullardan yaxshi odamlar voz kechishdi. Oling, iblis haqqi, tog`arangiz uchun. Aytishdiki, bu pullar harom emish.

- Xo`p, olaman, - dedi Mayk. - Ularni cherkov bozorida rohibning qizi hadya etgan bo`sa uchun to`langan banknotlarga qo`shib qo`yaman. Pullarni rohibning qiziga, yanagi tashrifigacha, atab uy qurishga sarflaymiz.

Tungi soat birda, yukchilar qovoqxonaga yangi kelganlar oqimidan ajralib turish uchun to`planishganda, kutilmaganda eshikdan qandaydir ayol shoshib kirib keldi va Qariya Jekning stoliga yaqinlashdi. Siz, shubhasiz, bunaqalarni uchratgansiz - qora sholro`mol, taralmagan chigal soch, sitilgan yubka, rangpar yuz, qisqasi, goh avtomobildan, goh patruldan xavfsirab, alanglab yuradigan ayollardan biri. Xullas, shu xotin churq etmay yonimizga kelib to`xtadi va pullarga qaradi.

Qariya Jek o`rnidan turib meni bog`lamdan ajratdi-da ta`zim bilan ayolga uzatdi.

- Xonim, - dedi aktyorlardek, - mana, iflos kupyura. Men qimorbozman. Bu pul bugun oliyhimmat oiladan chiqqan bir o`smirdan menga o`tdi. Uni qanday qo`lga kiritgan, bilmayman. Agar bu pulni kabul qilsangiz, u sizniki.

- Ser , - dedi ayol, - bu pullar bosmadan chiqqandayoq men ularning mingtasini bir dasta qilib sanab taxlaganman. Men g`aznaxonada ishlaganman. G`aznaxonadagi bir xizmatchi meni u erga joylashtirib qo`ygan. Hozir bularni iflos, deyapsiz. Agar bilsangiz edi… lekin men xech narsa aytmayman. Chin yurakdan rahmat sizga, ser, tashakkur… minnatdorman.

Ayol meni qaerga olib ketdi, deb o`ylaysiz. Non do`koniga. Birgalikda chaqchaqlashib mayxo`rlik qilgan Qariya Jekdan non do`koniga! Ayol do`konda meni turbina g`ildiragidek keladigan mazali ruletga almashdi. Ayolni shu erning o`zidayoq nazardan qochirdim, nonvoyxonadan chiqayotgan oppoq changga ko`milib qolgandim. O`ylanib qoldim: ertaga meni qaerdadir maydalashadi- dorixonadamikin yoki qurilish idorasidamikin? Bir xaftadan so`ng nonvoy huv, o`sha ayolga qaytim sifatida bergan dollarchalardan biriga duch keldim.

- Salom, E-35039669, - dedim. - O`tgan shanba mendan qaytim sifatida berilganlardanmasmisiz?

- Xuddi shunday, - javob berdi bu yakkaxon notiqlik hamda oqsuyaklarga xoslik ila.

- Keyin nimalar bo`ldi? - so`radim.

- E-17051431ni o`sha xotin sut va bifshteksga sarfladi, - javob berdi yuz sentlik. - Meni esa kvartira to`lovini yig`uvchi kelmaguncha ushlab turishdi. Xotinning uyi - haqiqiy ovloq joy, ichkarida bemor bolakay yotardi. Bolakayning non bilan pirogga tashlanganini ko`rsangiz edi. Aftidan, ochdan o`layozgandi. Keyin onaxon ibodat qila boshladi. Siz, o`ntaliklar, bizning oldimizda kekkaymanglar. Sizlar bir marotaba eshitgan duolarni biz o`n martalab eshitamiz. U "kimki beva-bechoralarga hayr-ehson qilsa" deb duo qilardi. E, qo`ying, shu harobazorlar haqida gaplashmaylik. Qashshoqlar kompaniyasida o`ralashish me`damga tegdi. Sizlar - iflos pullar muomalada bo`ladigan doiraga kirish uchun chandon yiriklashishga jon berardim.

- Bas qil, - dedim. - Bunaqalar yo`q. Men o`sha duoni oxirigacha bilaman. "U Xudo oldidagi farzini bajaradi", deyiladi davomida. Endi esa belimga qarab o`qib ko`r-chi, nima deb yozilgan ekan?

- "Barcha davlat va xususiy qarzlarni to`lashda o`z qiymatida qabul qilinishi shart".

- Ha, ana. Etar. - dedim. - Iflos pullar to`g`risidagi safsatalar jonimdan to`ydirdi.


O.Genri, AQSh adibi (1862–1910)

Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi.


Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1