Yaponiyada kuzatilayotgan issiq havo harorati oqibatida hafta davomida 15 kishi vafot etdi, 8580 kishi esa oftob urishi tashhisi bilan shifoxonaga etkazildi. Bu haqda Yaponiya yong`in xavfsizligi boshqarmasiga tayanib “RIA Novosti” xabar beradi.
21 iyuldan 27 iyulgacha oftob urishi tashhisi bilan shifoxonaga etkazilganlar soni o`tgan haftaga (3309 kishi) nisbatan 2,6 barobarga ko`paydi.
Eng jazirama havo harorati juma va shanba kunlariga to`g`ri keldi. Shu kunlarda 7 kishi halok bo`lib, 1,8 ming kishi shifoxonaga tushdi.
Yaponiya bosh meteorologiya agentligining xabar qilishicha, shanba kuni termometr ko`rsatkichlari 35 darajadan ko`tarilgan. Xigasiomi shahrida 38,8 daraja, Obama, Kioto, Toyama va Yonago shaharlarida 38 daraja qayd etildi.
Sinoptiklar hafta boshida havo harorati ozginaga pasayishi, ammo, hafta oxirida yana 35 darajadan yuqori bo`lishi haqida ogohlantirishmoqda.





