Dastaval shuni takidlash joizki iftorlikni iloji boricha e`tiqodi bir bo`lgan jamoa va oila davrasida qilgan afzal. “Yakka o`zing va qorong`uda ovqatlan” - bu musulmonlar haqida aytilgan gap emas. Va, albatta, payg`ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ning kun botgandan so`ng ovqat tanovul qilish borasidagi tavsiyalarini unutmaslik lozim. Hadislarga muvofiq iftorlikni vaqti kirishi bilan qilgan yaxshi. Rasululloh shom namozini bir qultum suv ichib bo`lsa ham keyin ado qilganlar.
Albatta, aksariyat e`tiqod qiluvchilar og`izlarini suv yoki xurmo bilan ochishadi. So`ngra turli-tuman eguliklarni iste`mol qilishadi.
Sayyoramizning turli burchaklarida iftorlik dasturxoni ham turlicha.
Bir nechtasi bilan tanishib chiqamiz. E`tiboringizga turli mamlakat va mintaqalarda yashovchi musulmonlarining iftorlik qilish an`analarini havola etamiz.
Turk taomlari ta`siridagi slavyan oshxonasi.
Slavyan davlati bo`lmish Bosniya va Gersogovinada Islom keng tarqatilgan. Bu erda Usmoniylarning an`analari nafaqat tilda balki madaniyatlarida ham aks etadi. Bulqon halqlari va turk istilochilarining urf-odatlarini o`z ichiga olgan taomlar ham istisno emas. Bosniyaliklar iftorlikni xurmo va sharbat bilan boshlashadi (biz o`rgangan gazlangan sharbat emas, balki bir oz shakar bilan aralashgan limon sharbati). Ramazonda tuxum, smetana, pishloq va yog`dan iborat taom tayyorlanadi. Uni qora sedana sepilgan maxalliy non bilan gazak sifatida iste`mol qilishadi. Keyin esa birinchi taom – sho`rva yoki boshqa suyuq ovqat tortiladi. So`ngra ziyofatning eng muhim va zaruriy taomi – go`sht tortiladi. Mol, qo`y, tovuq gushtlarini qaynatilgan, dudlangan, pishirilgan, qovurilgan holda katta va kichik bo`laklarda tortiladi. Do`lma taomi ham Bolqon yarim oroliga turklar bilan birga kirib kelib dasturxonda o`z o`rnini topgan. Ovqatdan so`ng esa usmoniylar davrini eslatib turuvchi seryong`oqli paxlava tortiladi. Tufaxiya (pishirilgan yong`oqli olma) va smokvara (anjirdan tayyorlanadi) ham turklardan meros qolgan taomlardir.
Paxlava bilan koka-kola
Shimoliy Kiprning Turk Respublikasi deb tan olish masalasi 40 yildan buyon hal qilinmay kelmoqda. Shunga qaramasdan O`rtaer dengizidagi bu siyosiy tuzilma yo`q bo`lib ketmadi va hozirda yaxshi rivojlanmoqda. Aholining ko`p qismi turklardan iborat bo`lganligi sababli bu erning oshxonasi ham turkiydir. Ramazon oyini bu erda o`tkazganlar (kaminaga ham Shimoliy Kiprda bir necha yil yashash nasib etgan) kiprliklarning taomlarida ba`zi kamchiliklarni ham sezishgan. Mahalliy taomlarda yunon ta`siri o`z izini qoldirgan.
Odatdagidek og`iz suv va meva bilan ochiladi. Ko`zingizga turli - tuman ichimliklar tashlanadi – tabiiy sharbatlar, ayron, jajjik (qirg`ichdan chiqarilgan bodring va yalpizli ayron) va... Koka-kola. Ha, bu amerika ichimligini kattalar ham, bolalar ham birday sevib iste`mol qilishadi. Jazirama issiqdan keyin oshqozon uchun gazlangan ichimliklar tavsiya qilinmasa-da ammo turklar baribir koka-kola ichishadi.
Pishloq, mevalar, sabzavot, yong`oqdan tayyorlanadigan meze - gazagi kichik miqdorda tortiladi. Umuman olganda bayram dasturxonida odatda pishloqning turli navlari, yong`oq va zaytun bo`ladi. Dengiz mahsulotlarini ham uchratish mumkin. Lekin deyarli hech qaysi ziyofat go`shtsiz o`tmaydi. Turklar esa go`shtli taomlar tayyorlashning haqiqiy ustalaridir.
Eng sodda taom – qovurilgan qo`y yoki mol go`shti. Garnir sifatida guruch yoki dimlangan sabzavotlar tortiladi (ayniqsa garnir uchun yashil loviya ko`p tortiladi). Ziyofat paytida dasturxonda albatta suv yoki ayron bo`ladi.
Taomdan so`ng kiprliklar ko`pincha paxlava iste`mol qilishadi. Yana bug`doy yormasidan qilingan keks ham tortiladi. Uning oddiy kekslardan farqi – ichiga yong`oq solingan va ustidan qiyom qo`yilgani. Har bir shirinlikni nomlari bor, lekin sodda qilib ularni “totli” deb atashadi. Darvoqe, Kipr ahli paxlavani Ramazondan oldin katta yaxlit bo`lagini sotib olishadi va oy davomida o`zlari undan lazzatlanib mexmonlarga ham ilinishadi. Barcha shirinliklar choy bilan ichiladi.
Apelsin sharbati va tojin
Marokash oshxonasi ham rang-barang. U arab, barbarlar va bir muddat xokimlik qilgan fransuzlarning eng yaxshi an`analarini o`z ichiga olgan. Marokash azaldan savdo yo`llari kesishmasida joylashgan bo`lib juda boy madaniyatga ega. Masalan, kun botishidagi azondan so`ng sizni albatta xurmo va yangi tayyorlangan apelsin sharbati bilan mexmon qilishadi. Mamlakatda sitrus mevalari ko`p bo`lgani esa ayni muddao. Shu sabab Marokash dunyoda apelsin, mandarin, klementin, greypfrut va limonni eksport qilish bo`yicha etakchi hisoblanadi.
Shuningdek marokashlik oilalarda xurmo va yasmik sho`rvasi (xarira) bilan ham og`iz ochiladi. Iftorlikni esa meze yoki sabzavotli salatlar bilan boshlashadi. Dasturxonga albatta zaytun qo`yiladi. Yaxna ovqat sifatida mashhur arab taomi – xumus (ziravor qo`shilgan dukkakli pyure) tortiladi. Agar moddiy imkoniyat bo`lsa marokashliklarning sevimli taomi – tojin tortiladi. Uni maxsus sopol idishda (uni tojin deb atashadi) qo`y yoki tovuq go`shti hamda sabzavot qo`shib tayyorlashadi. Agar tojin berilmasa unda ragu tortishadi. Ularning tayyorlash usullari juda ko`p. Mag`rib yurtida Ramazon sharofatidan mehmonni istisno tariqasida kus-kus bilan siylashadi. Shuni e`tiborga olish kerakki chetdan kelganlarga ko`p taomlarning ta`mi juda o`tkir tuyulishi mumkin. Shu sababli mahalliy aholi taomlarni sharbat bilan iste`mol qilishadi.
Marokashni ziyorat qilganlar yalpizli choyni ham ichgan bo`lishlari mumkin. Bu ichimlikni choynakdan shisha idishga bir metr balandlikdan quyish marosimi ham bor. Rag`bat uchun tayyorlanishi murakkab bo`lgan maxsus qatlamali pishiriq beriladi.
Kokos suti va qovurilgan eguliklar
Indoneziyada iftorlik taomnomasi turlicha bo`lib u turli orollar, Hindiston va Xitoy milliy oshxonalari taomlaridan iborat. Issiq iqlimda go`shtli ovqatlar shimoliy o`lkalardagi kabi ko`p tayyorlanmasada, lekin tovuq va mol go`shtli eguliklar keng tarqalgan. Musulmonlar namozdan avval engil tanovul qiladilar va ichimlik ichadilar.
Kokos suti – bu sovutilgan yoki muzlatilgan kokos suvi, yangi kokos mevalari va qiyomdan tayyorlanadigan ichimlik. Uni Indoneziyada sevib ichishadi. “Es kelapa muda” (Eskelapamuda, tarjimasi “kokos muzi”) dunyoning 50 ta eng mazali ichimliklariga kiradi. Ba`zilar uni kokos shakari va muz bilan aralashtirib ichishni xush ko`rishadi, boshqalar esa qiyom va meva bo`laklari bilan. Qolganlar unga hech narsa aralashtirmay kokos sutini o`zini ichishadi. Bu ichimlik tezda tashnalikni qondiradi. Kokos bo`lagi bilan og`iz ochsayam bo`ladi. Yashil va yosh kokos mevalari ko`proq qadrlanadi: ulardan katta miqdorda suv olinadi, ta`mi ham shiraliroq.
Boshqa mashhur ichimliklar turiga muz solingan mahalliy mandarinlardan tayyorlangan sharbat, shakarqamishni siqishdan hosil bo`lgan sharbat hamda zanjabilli choy kiradi. Ehtimol iftorlikda sizni mevalar va maydalangan muzdan tayyorlangan kokteyl bilan siylashlari ham mumkin. Uni ananas, papayya, kantalupa, skvosh (qovoqlilar oilasiga mansub), jekfrut i kolang-kalin mevalaridan tayyorlashadi. Ichimlikga shakar va ba`zida sut qo`shishadi.
Kolak/kolek – palma shakari va kokos sutidan tayyorlanadigan shirinlik. Unga xushbo`y ta`m berish uchun panlalus barglari qo`shiladi. Tayyorlash usullari ko`p. Masalliq sifatida banan, sariq skvosh va boshqa mevalar ishlatiladi.
Bo`tqalar (yashil soyalik suyuq suli bo`tqasi) namozdan oldin engil tanovul uchun juda qulay.
Indoneziyaliklar odatda shom namozidan so`ng dam olib keyin taom tanovuliga o`tiradilar. Bo`tkalarning hazm qilinishi juda oson. Ularga tez-tez kokos shakarini qo`shishadi. Yashil soyalik bo`tqa qora yopishqoq guruch va kokos suti bilan aralashtiriladi. Suli bo`tqasi odatda jigarrang suvli shakar eritmasi bilan aralashtiriladi.
Qovurilgan taomlarni bu erda barcha sevib iste`mol qiladi. Ularni “gorengan” deb nomlashadi. Tofu, banan, jo`xori, sabzi va karamni qovurishadi. Ushbu taomlar bu erda oddiy qo`cha taomi hisoblanadi. Indoneziyaliklar qarsillatib eydigan va qovurilgan taomlarni yaxshi ko`rishadi. Ba`zida ular gorengan taomiga er-yong`oq qaylasini solishadi. Yog`li taomdan so`ng yuzni artish uchun qo`l ostida salfetka bo`lgani yaxshi.
Mahalliy oshxonaning yana bir mashhur taomi – sabzavot, soya donlari hamda mol yoki tovuq go`shti qiymasi qo`shilgan guruchli pirog “Lontong”dir (Lontong). Uni banan barglari bilan o`rashadi. Qanday qilib iste`mol qilinadi deysizmi? Bir burchagini bo`lib er-yong`oq qaylasini qo`shing (indoneziyaliklar er-yong`oqni juda yaxshi ko`rishadi) yoki oddiy kayen qalampirini. Va, albatta, mehmonni mahalliy ekzotik sho`rva yoki quymoq bilan siylashadi. Tayyorlash usullari ham nihoyatda ko`p.
Boshqirdcha yog` quyilgan olcha
Rossiyaning har bir hududi o`zining urf-odatlariga ega. Janubi-sharqiy boshqirdlarga to`xtalamiz. Albatta, Boshqirdiston taomnomasiga rus, Evropa va O`rta Osiyo oshxonalarining ta`siri katta. Shunga qaramay mahalliy aholi o`zining ko`pgina madaniy xususiyatlarini saqlab qolgan. Boshqirdistondagi uy bekalari kuzdan boshlab tultirma, qazi tayyorlay boshlashadi. Ramazonga kelib alohida qilib manti, chuchvara, uy sharoitida qilingan sosiskalar, qiymali qalampir, jigar kotletlari tayyorlab qo`yiladi. Bu harakatlar muqaddas oyda ibodatga, birodarlar va qarindoshlar bilan diydorlashishga qo`proq vaqt ajratish uchun qilinadi.
Shifokor va boshqirdlik jamoat arbobi Go`zal Maxmutova iftorlik uchun “og`ir” ovqat qilishga majbur bo`lishini tan oldi. Boshqa tarafdan mehmonlarni bir juft “engil” taom bilan kutib olish ham sharq mehmondo`stligiga to`g`ri kelmaydi. U iftorlik uchun “engil” va “og`ir” taom tayyorlash fikriga keldi. “Engil” taomni iftor uchun, “og`ir”ini esa mehmonga saxarlik qilish uchun tuhfa sifatida. Bahor-yoz mavsumida kechalar juda qisqa bo`ladi. Uyga mehmondan qaytgandan so`ng saxarlikka taom tayyorlashga hohish biroz so`nadi. Mehmondorchilikda berib yuborilgan taom esa ayni muddao bo`ladi.
Bugun iftorlikda ko`proq ugra oshi (go`shti alohida tortiladi) va palov tayyorlanmoqda. Qishloqlarda qichitqi o`tli sho`rva yoki baliq sho`rva qilinadi. Va boshqirdlarning eng mashhur taomi – beshbarmoq. Qozoq beshbarmog`idan farqli o`laroq boshqirdlar xamirni kichikroq qilib bo`laklashadi. Xamir bo`lakli sho`rva har bir odam uchun alohida chuqur likopchada tortiladi. Unga qo`rt qo`shiladi. Qo`rt sho`rvadagi yog`ning ta`sirini yo`qotadi. Dasturxonga piyoz va qora murch sepilgan go`sht tortiladi.
Tabiyki, har bir ziyofat choyxo`rlik bilan yakun topadi. Milliy shirinlik sifatida ustidan toza va erigan yog` quyilgan rezavorlar (olcha, qorag`at, shumurt) tortiladi. Bu mahsulotni uzoq saqlashning qadimiy usullaridan. Ushbu holatda rezavorlar keyingi mavsumgacha yaxshi saqlanib qoladilar. Dasturxonga bekajonlar qizil tvorog (qizileremsak) va boshqird asali bilan aralashgan sariyog`, qatlama (moyikmak), chak-chak (boshqirdlar shakli kattaroq bo`lganligi sababli uni “sak-sak” deb atashadi) va bo`g`irsoq tortishadi.
So`zimiz nihoyasida shuni ta`kidlash kerakki, ushbu maqola uchun ma`lumotlar shaxsiy tajriba va do`stlar xikoyasidan yig`ilgan. Ammo sayyoramizning yuqorida nomi kelgan burchaklarida bo`lganingizda dasturxonga aynan shu taomlar tortilmagan bo`lishi mumkin. Har bir oila sog`lom ovqatlanishga o`zgacha yondashishi mumkin va urf-odatlaridan kelib chiqib taom tayyorlashi mumkin. Iftorning asl maqsadini ham esdan chiqarmaslik lozim. U “to`yib shirin ovqatlanish” uchun emas, balki dindoshlar uchrashib ko`proq Alloh taoloni zikrida bo`lmoqliklari uchun o`tkaziladi.
info.islom.uz saytidan olindi.