Ko`niyo – Kichik Osiyoning ko`hna va boqiy shaharlaridan biri. Bu shahar o`tmish va bugunning, Sharq va G`arbning ko`pgina jihatlarini o`zida mujassam etganini ko`rish mumkin. Biroq, shahardagi eng gavjum, serfayz va munavvar maskan Mavlono Jaloliddin Rumiy maqbarasi desak, mubolag`a bo`lmas.
Balxdan to Rumgacha
Mavlono Jaloliddin Rumiy, ma`lumotlarga ko`ra, 1207 yilda hozirgi Afg`oniston hududidagi Balx shahrida tavallud topgan. Uning otasi Bahouddin Valad o`z zamonasining etuk donishmandi, fiqh va tasavvufning zukko namoyandalaridan edi.

O`sha paytda yurtda hukm surgan siyosiy beqarorlik, shuningdek mo`g`ul istilochilari ta`qibi bu oilani muhojirlikka undadi. Bahouddin Valad 1220 yilda o`z oilasini olib, haj ziyorati bahonasida Rumga, Ko`nyoga ko`chib kelishadi. Jaloliddin Rumiy avval shu erda, keyin Halab, Damashq va Bag`doddagi madrasalarda tahsil oladi va talabalarga saboq beradi.
“Buni zavqi hol derlar!”
Rumiyning kamolot cho`qqisini zabt etishida o`z zamonasining buyuk allomalaridan biri shayx Shams Tabriziy bilan uchrashuvi juda katta ahamiyat kasb etadi. Bu tarixiy voqea milodiy 1244 yilning kech kuz oylarida Ko`nyo shahrida yuz beradi.
Hazrat Navoiy «Nasoiymul-muhabbat» asarida Rumiy va Tabriziy uchrashuvini quyidagi rivoyat bilan bog`laydi: Rumiy bir hovuz bo`yida ko`p kitoblarni mutolaa qilib o`tirganida, Shams Tabriziy bir darvesh qiyofasida uning yoniga keladi va «bu qanday kitoblar?» deb so`raydi. Shunda mavlono «bu qiylu qoldir, bu bilan sening nima ishing bor» deydi. Shunda Tabriziy kitoblarni hovuzga tashlaydi. Rumiy «bu kitoblar otamdan menga yodgor bo`lib qolgan edi, endi ularnit qanday topaman» deya faryod soladi. Shunda Tabriziy hamma kitoblarni qup-quruq holatda suvdan chiqarib beradi. Rumiy hayratlanib, «bu ne sinoatdur» deya so`raydi. Shunda Shams Tabriziy «Buni zavqi hol derlar, bu bilan sening ne ishing bor» deya javob qaytaradi.
Ikki dengiz tutashganda...
Chindan ham Shams Tabriziy va Jaloliddin Rumiy o`rtasidagi samimiy do`stlik, ustoz va shogirdlik munosabatilari ulug` mutafakkir hayoti va ijodida katta burilish yasadi. U Tabriziydan tasavvuf, diniy va dunyoviy ilmlarni puxta o`rgandi. Ma`naviy jihatdan yuksak kamolot cho`qqisini zabt eta oldi.
Ustoz va shogird orasidagi munosabatlar Rumiyning izdoshlari, muxlislariga uncha yoqmasdi. Ular ustoz va shogirdni bir-biridan uzoqlatishga harakat qila boshlaydilar. Alaloqibat, Shams Tabriziy ayrim g`alamis kimsalarning bosimi ostida Ko`nyoni tark etadi. Ba`zi ma`lumotlarga ko`ra, Tabriziy Ko`nyoda xoinona o`ldirilgan, boshqa tarixchilar fikricha, u Tabrizga qaytib umrining oxirigacha o`sha erda yashagan. Biroq, Ko`nyoda, Mavlono turbasi yaqinidagi bir maqbarani ham Shams Tabriziyga nisbat berishadi.

Nuqsonlar intiho topadigan joy
Mavlon Rumiy maqbarasi ertayu kech dunyoning turli burchaklaridan kelgan ziyoratchilar bilan gavjum. Mazkur yodgorlik majmuasi Mavlononing hayotlik chog`ida makon tutgan xonaqohlari, muzey, masjid va maqbarani o`z ichiga oladi. Maqbaraga kiraverishda shu so`zlar darj etilgan: “Bu maskan oshiqlarning ka`basidir, bu erga kimki nuqson va qusurlar bilan kirib kelsa, barchasidan xalos bo`ladi”.
Bu nurli maskanga qadam qo`yishinigz bilan chindan butun borlig`ingizni ajib bir tarovat qamrab oladi. Maxsus karnaylardan taralayotgan hazin nay navolari ruhingizga ohista kiradi. Beixtiyor Mavlononing o`lmas misralari yodga tushadi:
Tingla, nay andoq hikoyatlar qilur,
Ayriliqlardan shikoyatlar qilur...
Majmuani kezarkansiz, har qadamda bir hikmat mag`zini chaqqandek bo`laverasiz. Muzey eksponatlari orasida Mavlono Rumiyga tegishli shaxsiy ashyolar, qo`lyozmalarni ham uchratish mumkin...
Rustam Jabborov





