Singapurlik kelishilgan o`yinlar tashkilotchisi Uilson Raj Perumal 1994 yil Xirosimadagi Osiyo o`yinlari final uchrashuvida Xitoy o`yinni ataylab boy berganini aytmoqda. Bu haqda Stadion.uz sayti xabar beradi.
Hozirgi kunda hibsda saqlanayotgan Uilson Raj Perumal o`z xotiralarini qog`ozga tushirib, italiyalik jurnalistlar Alessandro Rigi va Emmanuele Piano hamkorligida “Kelishuv qirollari” nomi ostida kitob chop etgan. Kitobda 1994 yili Xirosimada bo`lib o`tgan Osiyo o`yinlari finali - Xitoy - O`zbekiston o`yini ham eslab o`tilgan.
U o`z kitobida Xitoy-O`zbekiston uchrashuvi oldidan tanish bukmekerlardan biriga qo`ng`iroq qilganini va u Xitoyga pul tikishni maslahat berganini yozgan. Bir soatdan so`ng, bukmeker qayta qo`ng`iroq qilib, Xitoyga emas, O`zbekistonga pul tikishni maslahat berganini eslagan. “Kecha Xitoy favorit edi, ertalabgacha hamma narsa birdan o`zgardi, bu esa kelishilgan o`yinning aniq belgisi”,-dedi Perumal.
Eslatib o`tamiz, uchrashuvda O`zbekiston Xitoy ustidan 4:2 hisobida g`alaba qozongan. O`yinda Igor Shkvirin, Sergey Lebedev, Azamat Abduraimov, Shuhrat Maqsudov gol kiritishgan.
Stadion.uz saytining qayd etishicha, Perumalning bu gaplari qanchalik to`g`ri yoki noto`g`riligini aytish qiyin.
“Kimnidir o`yinni sotganlik yoki sotib olganlikda ayblashdan ham yiroqmiz. Perumalning gaplari rost bo`lgan taqdirda, Xitoy final o`yinini bukmekerlarga sotgan degan xulosaga borish mumkin, ya`ni bu ishga o`zbekistonlik futbolchilarni aloqasi bo`lmagan. Perumal hozirgi kunda Finlyandiyada, qamoqxonada saqlanmoqda. Interpol esa tergov surishtiruv ishlarini davom ettiryapti”,-deyiladi xabarda.





