AsosiyDunyo

Uchqur arg`umoqlar o`lkasi

Kappadokiya – bugungi kunda dunyodagi sayyohlar qadami uzilmaydigan, gavjum, qadimiy va betakror go`shalaridan biri. Bugungi turkiyaning Oqsaroy, Nevshehir, , Nigde, Qaysari va Qirshehir viloyatlari hududini qamrab oluvchi qadimiy Kappadokiyaga safaridan bir umrlik o`chmas taassurotlar bilan qaytdik.

                            Turli tamaddunlar  to`qnashuvi

         Kappadokiya so`zi qadimi xitit tilida “go`zal arg`umoqlar vatani” degan ma`noni anglatadi. Samolyot Nevshehir aeroporti sari yaqinlasharkan, ko`z oldingizda ajoyib-g`aroyib manzaralar namoyon bo`ladi. Turli shakllarni yodga soluvchi qoyatoshlar, qadimiy tosh kulbalar, tabiat haykaltaroshi tomonidan ishlangan tosh qo`ziqorinlar, qator saf tortgan cho`qqilar – betakror tabiat manzarasi har qanday sayyohni lol qoldiradi.

         Ma`lumotlarga ko`ra, Kappadokiyaning o`ziga xos relefi paleolit davrida, bugungi Erjies, Hasantog`, Melentiz tog`laridagi vulqonlarning harakat kelishi natijasida shakllangan. Ana shu tabiiy jarayonlar hosila o`laroq yuzaga kelgan har xil katalikdagi g`orlar qadimiy insonlar uchun boshpana vazifasini o`tagan.

Bu g`orlar ming yillar davomida turli madaniy qatlamlarni o`ziga sindirib kelgan. Kappadokyai g`orlari va qoyatoshlarida Assuriya davri bitiklarini ham, Rim va Vizantiya hukmronligi davrida darj etilgan freskalarni ham, islomiy madaniyat unsurlarini ham uchratish mumkin.

                                               Tarixning tilsiz shohidlari

         Nevshehir viloyati hududidagi Go`reme kengliklari “Ochiq osmon ostidagi muzey” deya e`tirof etilgan. Ushbu muzeyning tosh qopqasidan kirishinigz bilan butunlay o`zga bir dunyo sizni qarshilaydi. Baland—baland qoyalar bag`ridagi g`orlar sizga ming-ming yillik sirlarini ochmoqchidek, bahriga chorlaydi.

         Bu g`orlarning ba`zilari shunchaki tura-joy vazifasini bajargan bo`lsa, ba`zilaridan ibodatxona sifatida foydalanilgan. Tosh devorlaridagi suratlar shundan dalolat beradi. Shuningdek, bu g`orlar qadimiy Kappadikiya aholisi uchun turli urushg va bosqinlar paytida boshpana vazifasini o`tagan. Aytishlaricha bu erda ana shunday ibodatxonalar soni mingdan oshadi. Bugun bu g`orlardan sayyohlar qadami uzilmaydi. G`or-bo`lmalarda shu hududdan topilgan tarixiy buyumlar, mehnat va ov qurollari, qadimgi odamlar skeletlari o`rin olgan.

                                               Er ostiga sayohat

         Kapadokiya hududida yuzlab er osti shaharlari mavjud. Yuqorida aytilganidek, bu shaharlar mahalliy aholi uchun boshpana vazifasini o`tagan. Ulardan eng yirigi viloyat markazidan 40 chaqirimlar masofadagi Derinkuyu tumanida joylashgan.

         Mazkur tarixiy qadamjo eshigi peshtoqida “yuargi zaif insonlarning kiishi taqiqlanadi” degan ogohlantirish bitilgan. Darhaqiqat, bir necha chaqirimlik yo`laklar va bo`lmalardan tashkil topgan bu erosti saltanatiga kirish uchun mustahkam sog`lik talab etiladi.

         Tosh zinapoyalardan pastlay boshlaymiz. Yoz chillasi bo`lishiga qaramay, pastlagamiz sari sovuqdan etimiz junjika boshlaydi. Erosti shahrining o`ziga xosligi ham shunda. Qadimgi ajdodlarning chuqur aql-zakovati ila barpo etilgan bu inshoot yozda salqin, qishda issiqligi bilan ajralib turadi. Maxsus tuynuklar esa, qadimda erosti boshpanasi uchun havo almashtirish vazifasini o`tagan.

         Devorlarga chiroqlar bizga yo`l ko`rsatadi. Turli kattalikdagi bo`lmalarni birma-bir aylanamiz. Ehhe, bu hujralar ne-ne sir-sinoatlarga guvoh bo`lmadi ekan? Yo`lboshlovchi esa, bu sirli maskan haqidagi hikoyalarini zavq-shavq bilan davom etiradi:

         -Tinchlik paytlarida bu maskandan ajdodlarimiz chorvachilik maqsadlarida foydalanishgan. Albatta, bu tor yo`laklardan yirik shoxli mollarni olib kirish va olib chiqish qiyin. Shu bois ularngi buzoqchalik paytida olib kirishgan, ularni boqib semirtirgach, shu erning o`zida so`yib nimtalashgan...

                                      Havo sharlari – xizmatingizda

         Agar qidiruv saytlari orqali “Kappadokiya”ni qidirib ko`rsangiz, eng avvalo yam-yashil vodiylar uzra parvoz qilayotgan havo sharlarini suratlarini ko`rishingiz mumkin. Darhaqiqat, havo sharida sayohat qilishni istagan har bir sayyohningn orzusi bu erda ushaladi.

         Bu erda havo sharlariga sayohatni amalga oshiruvchi bir qancha firmalar faoliyat ko`rsatadi. Parvoz xavfsizlik nuqtai nazaridan, shuningdek, tonggi go`zallikdan sayyohlarni bahramand etish maqsadida faqat tong payti amalga oshiriladi. Siz ham talabgor bo`lsangiz, bir kun avval buyurtma berib, ro`yxatga yozilishingizga to`g`ri keladi. Albatta, bu parvoz sizga birmuncha qimmat tuyulishi mumkin. Ammo, minglab chaqirim yo`l bosib kelgan sayyohlar uchun havo sharida Kappadokiyaning tarovatini to`laqonli his etish uchun bu pulni ayamasliklari turgan gap.

         Albatta, bunday bahaybat sharlarda sayr qilishning xatarli tomonlari ham yo`q emas. O`tgan yili bu erda bir havo sharining yorilib ketishi oqibatida bir sayyohning nobud bo`lgani juda katta shov-shuvga sabab bo`lgandi. Biroq, bu xabar sarguzasht ishqibozlarini niyatidan qaytarmagan chog`i, har kuni ertalab havo sharida sayr qilish uchun navbat kutayotgan o`nlab sayyohlarni uchratasiz.

                                      Avanos – kulolchilik markazi

         Avanos Nevshhir viloyatining milliy hunarmandchilik markazlaridan biri. Mahalliy aholining aytishicha, bu Avanos kulolchiligi to`rt ming yillik tarixga ega.

Sayyohlar bu erda milliy kulolchilik namunalarini tomosha qilishlari, sotib olishlari barobarida, ushbu antiqa buyumlarning tayyorlanish jarayonlari bilan tanishlari, hatto bu jarayonda ishtirok etishlari ham mumkin.

         Avasnodagi kulolchilik ustaxonalariga kirishingiz bilan kulollar sizni tavoze bilan kutib olishadi, choy bilan siylashadi, o`z hunarlari tarixi haqida erinmay hikoya qilib berishadi. Inson idroki va mehnati mahsuli bo`lgan betakror haykalchsalar, naqshinkor koshinlar, oyat va duolar bitilgan sopol lavhalar, uy-ro`zg`or buyumlari sizni befarq qoldirmaydi.

         Albatta. Bunday iltifot va nazokat qarshisida bu buyumlardan sotib olmaslikni o`zingizga ep ko`rmaysiz. Garchi ularning qiymati bozordagidan ancha baland bo`lsa ham...

                                      Urgutdan Urgupgacha

         Tarixiy Kappadokiya o`lkasida Urgup deb nomlanadigan tuman bor. Qizig`i bu tuman nomi aytilganda Urgutdek eshitilarkan. Bu tuman ham juda ko`p tarixiy qadamjolar, tabiat mo``jizalari, osori atiqalarni o`z ichiga oladi.

         Urgut va Urgup o`rtasidagi o`xshashlik faqat ularning nomidagina emas. Har ikkalasi ham tog`li tuman. Osmono`par cho`qqilar, qiru adirlar, dalalar xuddi o`zimizning Uorgutni yodga soladi.

         Urgupda ham xuddi Urgutdagidek bog`dorchilik, uzumchilik rivojlangan. Hovlilardagi ishkomlar, kech kuzda ko`milib, bahorda ochiladigan tokzorlarda ham ana shunday o`xshashlik, uyg`unlikni ko`ramiz. Hatto ikki mamlakatda joylashgan ikki tumanda xalq amaliy san`ati, kulolchilik, zargarlik va boshqa hunarmandlarning an`analarida ham, ikki tuman aholisiga xos mehmondo`stlikda ham allaqanday mushtaraklik ko`zga tashlanadi.

         Balki bu o`xshashlik oddiy tasodifdir. Har qalay, Onado`li xalqlarining asosiy qismi Markaziy Osiyodan ko`chib borganini  e`tiborga olib, bu o`xshashlik bejiz emasligiga ishongingiz keladi.

                                      Hoji Bektosh turbasi

         Kappadokiyadagi muqaddas qaldamjolardan biri Hoji Bektoshi valiy maqbarasidir. Manbalarga ko`ra, Hoji Bektosh hazratlari 1 asrda yashagan. Asli Xurosonlik bo`lgan Hoji Bektosh Xoja Ahmad Yassaviyning ma`naviy izdoshlaridan sanaladi.

Falakning gardishi bilan Onado`liga ko`chib kelgan Hoji Bektoshi valiy shu erda tasavvufning Bektoshiya tariqatiga asos solgan. Ayni paytda ul zotning maqbaralari joylashgan tuman ham Hoji Bektosh nomi bilan ataladi. Bu maskandan ham mamlakatning turli burchaklaridan va xorijdan kelgan ziyoratchilarning qadami uzilmaydi. Bu erda har yili turli san`at festivallar, ilmiy agnjumanlar, tasavvufiy raqsu samoh tadbirlarini o`tkazish an`anaga aylangan.

Hoji Bektoshda g`ayrioddiy, turli afsona va rivoyatlarga yo`g`rilgan qadamjolar juda ko`p. Shulardan biri Besh tosh tepaligidir. Rivoyatlarga ko`ra, bu tepalik atrofida Hoji Bektoshi valiy cho`ponlik bilan shug`ullanganlar. Ul zotni o`g`irlikda ayblaganlarida tog` tarafdan beshta tosh dumalab kelgan va hazratning begunohligiga shahodat bergan emish.

Hoji Bektoshi valiy maqbarasidan sal narida, bir tepalikdan Poklik g`ori joylashgan. Bu g`orning ikkita tuynugi bor. Afsonalarga ko`ra, bu g`orning bir tuynugidan kirib, boshqasidan chiqqanlar gunohlaridan forig` bo`larmish. Gunohlari kechirilmaydigan insonlar esa, g`orning ikkinchi tuynugidan sig`may qolarmish...

Xullas, bir so`z bilan Kappadokiyani sir-sinoatlar maskani deyish ham mumkin. Albatta biz qisqa vaqt mobaynida bu sirli hududning barcha go`shalarini kezib chiqa olmaganimizdek, bir necha satrda unng ta`rifu tavsifini keltirish ham mumkin emas....

                                                                     Rustam Jabborov

    Boshqa yangiliklar