O`zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov, O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov bilan ilk uchrashuv va suhbati haqida gapirdi...
Ozodbek Nazarbekov: — Bundan o`n yil muqaddam Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov qabuliga kirishga muyassar bo`ldim. Yuragimda qandaydir shirin hayajon hukmron edi. Eshitajak har bir so`zim xotiramda bir umrga muhrlanib qolishiga ishonardim.
Yurtboshimiz menga biroz ma`noli nigoh bilan tikilib turdilar-da, o`ychan qiyofada bunday savol berdilar:
– Ozodbek, sen yaxshi san`atkorsan. Menga bir narsa qiziq, har gal sahnada qo`shiq kuylaganingda, muxlislaring bilan ko`rishganingda ularning ko`zlarida nimalarni ko`rasan?
Bir muddat jim qoldim. Bu, bir qarashda oddiy tuyulsa-da, o`ta teran va o`tkir ma`noli savol edi. O`shanda savolga bir amallab javob bergan bo`lsam-da, bu haqda keyinchalik chuqurroq mushohada qildim. Avvallari muxlislar bilan unchalik yaqin aloqada bo`lolmaganim, balki ularning salobati bosib, ko`zlarida aks etgan ma`nolarni boricha ilg`ay olmaganimni anglab etdim. Savolga to`kis javob izlash asnosida muxlislar bilan yanada yaqinroq bo`lish, ularning chin sirdoshiga aylanishga urindim. Ularning ko`zlarida ertangi kunim, nimalarga ulgurdimu yana nimalar qilishim lozimligi, aslida qanday ijod qilish kerakligini ko`ra boshladim. Bu nigohlar meni birdaniga ulg`aytirib qo`ygandek, har mahal to`g`ri yo`lni ko`rsatuvchi shamchiroqlardek edi.
Chindan ham, oradan bir necha yillar o`tgan bo`lsa-da, har gal muxlislar bilan yuzma-yuz bo`lganimda beixtiyor Yurtboshimiz bergan o`sha savol qulog`im ostida jaranglagandek bo`ladi. Muxlislar nigohi va o`sha savol menga tog`dek kuch bag`ishlab, olg`a yurishga, ona Vatanga butun vujudim bilan xizmat qilishga, yurtimiz madhini balandroq pardalarda, kattaroq sahnalarda – butun dunyoga tarannum etishga undayveradi.